22:50 / 18.06.2020
5 382

Prezident Tramp Xitoyni darg‘azab qilgan qonunni imzoladi

Prezident Tramp Xitoyni darg‘azab qilgan qonunni imzoladi
Foto: Oq uy rasmiy sayti
AQSH prezidenti Donald Tramp uyg‘ur va boshqa musulmon ozchilik huquqlarini buzgani uchun Xitoy rasmiylariga nisbatan sanksiya joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzoladi.

Ushbu qonunga ko‘ra, Xitoy hududida yashovchi uyg‘urlar hamda boshqa musulmon elatlar huquqlarini buzishga aloqador bo‘lgan tashkilot va shaxslarning mablag‘lari muzlatiladi, ularning Qo‘shma Shtatlar hududiga kirishi cheklanadi.

Davlat rahbari nomidan e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, ushbu qonun uyg‘urlar hamda boshqa elatlar milliy o‘zligini yo‘q qilishga qaratilgan siyosatga javoban ishlab chiqilgan.

Joriy yil may oyida AQSH Senati Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi uyg‘ur musulmonlariga siyosiy bosim o‘tkazib kelayotgan Xitoy rasmiylariga jazo choralari qo‘llash haqidagi qonun loyihasini ma’qullagan edi. Respublikachilar partiyasi vakili, senator Marko Rubio tashabbusi bilan ishlab chiqilgan loyiha bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan.

AQSH Davlat departamenti hisobotiga ko‘ra, Xitoy tomoni Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi 800 mingdan 2 milliongacha uyg‘ur, qozoq va boshqa millatlarga mansub musulmonlarni lagerlarda tutqunlikda saqlamoqda.

Qayd etilishicha, sudsiz, tergovsiz joriy etilgan ushbu jazo usuli mahalliy musulmonlarni o‘z dini va milliy o‘zligidan mahrum etish va to‘liq xitoylashtirishga qaratilgan. Davlat departamenti hisobotida lagerlarda ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik avj olgani, shinjonlik musulmonlar namoz o‘qigani yoki ro‘za tutgani uchungina jazolanayotgani xabar qilingan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi ham Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida ko‘p sonli yopiq lagerlarda mahalliy musulmonlar tutqinlikda saqlanayotganini qoralagan.

Xitoy tomoni esa yopiq lagerlarda uyg‘urlar va boshqa kam sonli millatlarga mansub musulmonlar qiynoqqa solinayotgani haqidagi xabarlarni inkor etadi. Rasmiy Pekinga ko‘ra, ekstremizmga moyil aholini qayta tarbiyalashga yo‘naltirilgan ta’lim va kasb-hunar markazlari faoliyati noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.

AQSH tomonidan uyg‘urlar huquqi bo‘yicha qonun qabul qilinishi ham Pekinni juda darg‘azab qilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Prezident Tramp Xitoyni darg‘azab qilgan qonunni imzoladi