16:25 / 05.11.2020
714

Bayden: «Ovozlar hisob-kitobi yakunlanganidan so‘ng g‘alaba qozonamiz»

Bayden: «Ovozlar hisob-kitobi yakunlanganidan so‘ng g‘alaba qozonamiz»
Foto: Global Look Press
Demokratlar partiyasidan AQSH prezidentligiga nomzod Jo Bayden murojaat bilan chiqib, unda saylovlarda g‘alabaga erishganini e’lon qilmagan. Biroq u ovozlar hisob-kitobi yakunlangach baribir g‘oliblikni qo‘lga kiritishga ishonishini bildirgan, deb xabar beradi «RBK».

«Bu yerda yutganimizni e’lon qilish uchun turganim yo‘q. Biroq shuni ma’lum qilmoqchimanki, ovozlar hisob-kitobi yakunlangach biz g‘alaba qozonamiz», — deydi Bayden.

Baydenning ta’kidlashicha, u saylovlarda g‘olib chiqish uchun yetarlicha shtatda yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, u ushbu g‘alaba — bu «Amerika xalqi va demokratlarning g‘alabasi» ekanligini ma’lum qilgan.

Prezidentlikka nomzodning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq Donald Tramp shtabi ovozlarni hisoblash jarayonini to‘xtatib qo‘yishga uringan Pensilvaniya shtatida «yaxshi natijalar»ni qayd etgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Bayden 95 foiz byulletenlar hisob-kitobi bo‘yicha Viskonsinda g‘alaba qozonmoqda — unda 49,6 foiz ovoz. Trampda esa 48,9 foiz. Michigandagi 99 foiz byulletenlar hisobi bo‘yicha ham Demokratlar partiyasi nomzodi yetakchi — 49,9 foiz.

Shu bilan birga, Trampning saylovoldi shtabi suddan Michigan va Pensilvaniyadagi ovozlarni hisoblash jarayonini to‘xtatishni, shuningdek, Viskonsinda natijalarni qayta ko‘rib chiqishni talab qilgan.

Avvalroq Donald Tramp Oq uyda tarafdorlari oldida chiqish qilib, «biz barchasini yutdik» degan edi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)