Taqdir bizni ikki xil yo‘l bilan — istagan narsamizni bermay va istamaganimizni muhayyo qilib sinaydi.
Anri-Frederik Amyel
Kampir yo‘lga chiqdi. Ko‘zi xira, qaddi teng bukilgan. Odim otadi, yo‘l unmaydi. Qo‘lida tol hassa.
Bugun singlisining qirqi. Bormasa bo‘lmas.
Gil tuproq yo‘l. Oyoq do‘p etib gilga kiradi, gil pov etib tepaga ko‘tariladi.
Ikki yuz metrlar yursa, katta ko‘cha. Undan avtobusga o‘tirsa, bir soatlik yo‘l. Duoi fotihaga qo‘shilmasa bo‘lmas.
Kelin borsa bo‘lardi, aksiga dalada ish qistov. Ro‘zg‘or va tomorqa ham shuni bo‘ynida. Bola-chaqa, osh-ovqat deganday... O‘zi borgani ma’qul.
Mana, singil ham ketdi. Borar manzil o‘zigayam u qadar uzoq qolmadi-yov.
Jiydazordan o‘tdi. Jiydazorni rahmatli choli ikkalasi barpo qilishgan. Bu yurtlarda bularnikiday baland o‘sgan, qandaydir sirli va katta jiyda daraxtlari yo‘q hisob.
Jiydazorda to‘qqizta sigir, to‘rtta ho‘kiz, beshta buzoq, ikkita eshak bog‘log‘lik. Yigirmata kurka, to‘rt yuztacha tovuq-xo‘roz don cho‘qilab yuribdi. O‘n quti asalari ham bor.
Majolsiz qadam olayotgan bo‘lsa-da, hali beli baquvvat. Kunda-kunora non yopadi. Ertalab va kechki payt sigir sog‘adi. O‘choqqa o‘t qalab, sut pishiradi. Qopqog‘i bor sirli chelaklarda qatiq ivitadi.
Oh-oh-oh. U ivitgan qatiq yuzasi bir qarichcha qaymoq bog‘laydi. Shaharlik nevaralari har kelganida tani yayrab ichishadi. So‘ng qatiqqa suv aralashtirib, ayron chayadi. Yuziga yig‘ilgan moyni ajratib olib, qozonda kuydiradi. Bay-bay, sariyog‘misan-sariyog‘ bo‘ladi. Bir litrlik shisha bankalarga solib, og‘zini yelim qopqoq bilan bekitadi-da, nim qorong‘i salqin xonaga qator terib qo‘yadi. Ayronni chakki xaltaga solib, suvini chakillatib qo‘yadi.
Choli asalari ko‘paytirardi. Asal ham o‘zlaridan chiqardi. Bidon-bidon asal. Birov qayrilib qaramasdi. Hammaning ko‘zi to‘ygan.
Har kuni tushlik ovqatga bir tovuq so‘yib, go‘shtini tozalab, keliniga beradi. Kelin qozonni o‘zi osadi. Qo‘li shirin-da tushmagurning. Agar mehmon kelib qolsa, yana bir-ikki tovuq so‘yiladi. Suyuq ovqatlarga butun-butun tovuq go‘shtini solib qaynatishadi. Ko‘pincha xamirni to‘rtburchak kesib qo‘shib yuborishar, shunda ovqatmisan-ovqat bo‘lar edi. Tush mahali katta qozonda pishgan bu taom dalaga kelgan ishchilardan tortib, Xudoning bergan kuni yo‘qlab keladigan qizlari, kuyovlari, alohida uy qilib chiqib ketgan boshqa o‘g‘illari va kelinlariga ham yetib ortardi.
Qirqqa yaqin nevarasi katta uy atrofidagi soya-salqin gujumlar tagida maza qilib o‘ynashardi. Eski temir chelaklarni ko‘tarib, keng atrofdagi har burchakdan — tovuqxonadan, og‘ilxonadan, tom ustlaridan, somonxonadan, jiydazordan tuxum terishardi. Kuniga kamida to‘rt yuz-besh yuzta tuxum yig‘ilardi. Nevaralar uchun tuxum yig‘ish maroqli o‘yin kabi. Kim kurka tuxumiga duch kelib qolsa, undan baxtli odam yo‘q.
Uy oldidan shig‘ir (arava) yo‘l, undan keyin esa eni 5 metrlar keladigan yop (kanal) o‘tgan. Yopga suv huv naridagi arnadan keladi.
Mana o‘sha arnaga yetay deb qoldi. Arna yoqalab yana yuz metrcha yurishi kerak. Buncha unmadi bu yo‘l. Jadallamasa bo‘lmaydi.
Hali kun yoyilmagan bo‘lsa-da, oftob yerni kuydiraman deydi. Bilq-bilq gil tuproq yo‘l ortda qoldi. Arna bo‘yi ko‘chasiga tosh to‘kilgan. Tuprog‘i ham qatqaloq.
So‘l tomonda yakkam-dukkam xonadonlar. Xonadonlar oralig‘i uzoq. Manavinisi eng yaqin qo‘shnisining uyi. Qo‘shnisi rahmatlini Ivan deyishardi. Asl ismini hech kim bilmaydi, bilsayam birov eslamasdi, yo unutgan bo‘lardi.
Ularning hatto farzandlarining ismlari ham bir xil — O‘g‘iloy, Sa’dulla, Nazira... Tavba, chekka bir qishloqning ovloq bir go‘shasida yashaganliklari uchun o‘sha paytlari qo‘shnisi farzandiga qanday ism qo‘ysa, rahmatli choli ikkalasi ham farzandlariga o‘sha ismlarni qo‘yaverishibdi.
Yo‘l qurg‘ur ado bo‘lmadi-bo‘lmadi-da. Bir amallab bekatga yetib borsa, bas. Avtobus ertalabki soat to‘qqizda va tushdan keyin to‘rtda keladi. Boshqa qatnov transportining o‘zi yo‘q. Ko‘p zamonlar ilgari singlisi uzoq qishloqqa kelin bo‘lib ketuvdi. Naq to‘qayzorning yonidagi ovulga. O‘sha yurtlarda qoldi suyagi.
Yetmish yetti bahorni ko‘rdi. Dunyoga keldi, esini tanidi — mehnatni ko‘rdi. Ikki yoshidan singlisining belanchagini tebratishga o‘rgatishdi, to‘rt yoshidan qamish o‘rib kelishga chiqdi. Qaysar qamishpoyalar nozik qo‘lchalarini tilib-tilib kesib tashlar, yirtiq kalishidan oyog‘iga sanoqsiz tikanlar sanchilardi. Qamish poyalarini quritib qo‘yib, chiy to‘qirdi. Buni unga uydagilari o‘rgatishgan. Sal esi kirganidan so‘ng yakshanbada eshak aravaga chiy yuklab, sotib kelish uchun akasi bilan bozorga jo‘nardi.
Bu joylar tun cho‘kkanida vahimali bo‘ladi. Ilgarilari ham shunday edi, hozir-da shunday. Shirin uyquga cho‘mganingda yaqinginada uligan shoqol ovozlari eshitiladi. Tovuqqa kelgani aniq. Yesa yebdi-da, deb o‘ylaydi, shuncha tovuq bo‘lsa... Shoqol besh-o‘ntasini yegani bilan tugab qolarmidi.
Esida, o‘n to‘rt-o‘n besh yashar qiz edi o‘sha paytlari. Dalaga ishga chiqardi. Dala ovuldan olis edi. Ishga tongotarda kelardi, ammo qaytishda vaqt allamahal bo‘p ketardi. Paxtasini o‘lchatganiga dovur qorong‘i tushib bo‘lardi. Uyga poyi piyoda kimsasiz shig‘ir yo‘ldan yurib kelardi. Shig‘ir yo‘li arava g‘ildiraklari ezgan ikki qator so‘qmoq. Zamonlar yaxshimidi, odamlarmi, bilmaydi. Xira oy yorug‘ida narigi so‘qmoqdan kelayotgan erkak sharpasini ilg‘aydi. Mana, u chap tomondan yurib kelyapti, bu o‘ng tomondan... Masofa qisqargani sayin yuragi dupurlaydi, qo‘rqadi. Ammo erkak o‘z yo‘lidan jimgina o‘taveradi, bu o‘z yo‘lidan.
O‘sha odamlarda iymon kuchlimidi, insof kuchlimidi, loaqal so‘z qotmagan. Agar “Qayerga ketyapsan?” deb so‘raganidayam, yuragi yorilib o‘lardi. Qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinadimi, yo juda yoshmidi, uyga qaytayotganida hamisha mavhum hodisotlarga duch kelaverardi.
Mana, asfalt yo‘lga yetay deb qoldi. Arnaga katta to‘r tutishibdi. O‘g‘li va o‘rtoqlari qilishgani aniq. Necha zamonlardan beri bu to‘r shu arnada baliq tutadi. Baliq ham tugab bo‘lgandir-ov.
Hozir baliq qimmat. Odamlar bitta qo‘ymay bozorga olib chiqishyapti. Tavba, bir paytlar katta doshqozonlarda haddan ortiq semirib ketgan laqqa baliq go‘shtlarini qovurishardi. Rahmatli choli ovchi edi, ba’zan dasturxonlarini tustovuq, quyon go‘shti bezab qolardi.
Mana bekat. Va nihoyat yetdi-ya bir amallab. Aslida bu yerda bekatni eslatuvchi hech nima yo‘q. G‘ishtday keladigan bir-ikkita tosh bor, xolos. Charchagan kishi shunda o‘tirib, avtobus kutadi. Sal narida ikki bo‘z yigit turishibdi. Kimni nevarasi ekan bular? Ular tavoze bilan salom berdilar. Mayingina ming‘illab alik oldi.
Balki mehmonga kelishgandir, bu yerlikka o‘xshamayapti ko‘rinishlaridan. Shu taxlit toshga cho‘kkaladi-da, oftob tig‘ida o‘tirib, avtobusni kutdi.
Ancha vaqt o‘tirdi, yoniga o‘girilib, cho‘p bilan yer chizib o‘ynab o‘tirgan bolakayni ko‘rdi. Nevarasimi? Voy tavba, bu qachon ergashdi ekan?
Aslida bu mayda bolacha kenjatoyining kenjatoyi. Ba’zi chevaralaridan ham kichkina shu nevarasi. Ammo shuni yaxshi ko‘radi-da. Chevaralar ko‘p bo‘lgani bilan, tez-tez kelib turgani bilan alohida xonadonda, boshqa muhitda ulg‘ayishyapti. Bu kichkintoy shu uyda tug‘ilib, o‘ziga ergashib katta bo‘lyapti. Mehr ko‘zda-da bari bir. Har kun ko‘rganingga tushadi.
Ha, ana avtobus ham keldi. Yo‘l chetidagi tuproqni changitib to‘xtadi. Tirishib-tirmashib, boyagi o‘spirinlarning ko‘magida bir amallab chiqib oldi. Erkatoy nevarasi uning yoniga, o‘rindiqqa cho‘kdi. “PAZ” bir silkinib oldi-yu, asfalt yo‘lda ketayotganiga qaramay sakrab-sakrab yo‘lida davom etdi.
Bu paytga kelib kun yoyilib, oftob temir mashinani ham qizdira boshladi. Kampir lohaslandi, avtobus derazalari ochiqligiga qaramay, havo dim edi. Qimir-qimir, qimir-qimir... Shu nevarasi ko‘p chuldirayvermaydi-yu, faqat o‘yinqaroq, bir joyda tinch o‘tirolmaydi. Endigina besh yoshga to‘lay deb turgan bo‘lsa-da, o‘z bilganidan qolmaydi. Hozir ham onasining gapiga kirmay ortidan iyargani ma’lum. Aks holda kelini buni egniga tuzukroq bir kiyim ilgan bo‘lardi. “Enam bilan ketaman”, degan-u, onasining hay-hayiga qaramay chopqillab kelavergan.
Ey xudoyim-yey, avtobus tormoz berdi. Yetib kelishdi. To‘qayzorni yoqalab hali ancha piyoda yurishlari ham kerak. Munkillab-sunkillab, ikki qo‘lini orqasida birlashtirib, yo‘lga tushdi. Nevarasi qandaydir cho‘p-tayoqni topib olgan, o‘sha bilan yer chizib, goh undan o‘zib ketadi, goh orqada qoladi. Ammo bir so‘z demaydi. O‘ziga o‘zi gapirinsa-da, savol beraverib, buvisining jig‘iga tegmaydi.
Ketib boryapti. O‘ng tomoni to‘qayzor, chap tomoni daryo. Hozirgina shu daryoning narigi betidan o‘tib kelishdi. Ular chiqqan avtobusni ham parom boshqa ulovlar va yo‘lovchilar bilan qo‘shib, shundoqqina daryoning bu betiga o‘tkazib qo‘ydi.
Tunukalari ko‘chib, choponning yirtig‘iday har-har joyi ochilib qolgan, ancha yillardan beri ta’mirlanmagani ko‘rinib turgan temir ko‘prik ancha olisda. Odamlar va ulovlar masofani qisqartirish uchun parom orqali narigi betga o‘tishadi.
To‘qay ham faqat shu joylardagina qoldi hisobi. Bir zamonlar zamona zayli bilan to‘qayzorlarga o‘t qo‘yilganida yovvoyi hayvonlarning jon talvasasida o‘kirib, o‘zlarini to‘rt tomonga otganlarini eslaydi.
Nevarasi qoqilib ketdi. Abjirgina bola-da, o‘zini o‘nglab qoldi, yiqilmadi. Iligi to‘q o‘sdi shu kenjatoy. Kasal bo‘lganini, injiqlanganini eslolmaydi. Biroq har narsaga qiziqaveradi. Bir qarasa chumolilarni kuzatayotgan, ularning iniga cho‘p suqayotgan yoki inni to‘ldirib suv quyayotgan bo‘ladi. Dakki eshitgach, pastak ko‘cha eshigi tepasidagi ari inini turtib tushiradi. Daraxtga chiqib, qush bolasini olib tushib, otasining eski do‘ppisiga solib boqmoqchi bo‘ladi. It boylog‘lik bo‘lsa, vovillab ko‘radi, mushukning jig‘iga tegadi, tovuqlarni quvadi, daraxtdagi qushlarga rogatka otadi.
Yon-atrofda saksovullar o‘sib yotibdi. Saksovul juda chiroyli o‘sadi. Ham ko‘rimsiz, ham o‘lik rang, pastakkina, ko‘zdan pana. Qish paytida shugina xokisor daraxtni ham tandirga o‘tin qilib yoqib bitirishdi. Ilgarigi baland-baland daraxtlar yo‘q, bu zaminning daraxtlari bo‘yi odamnikidan-da pastlab boryapti. Jannat joylar edi bu yerlar. Endi ne ko‘yga tushdi, yo ajab.
Ovulga yaqinlab qolishdi. Huv anavi uch paxsali pastqam, devorlari nuragan, suvoqlari nog‘oraday-nog‘oraday kattalikda har-har joyidan ko‘chib tushgan uy. Rahmatli singlisining umri o‘tgan go‘sha.
Nabira, momo oldinma-ketin kirib bordilar. Kampirning vujudiga keng uyning salqini yopirildi. Kelinlar peshvoz chiqdilar. Ko‘zlariga yosh olgan bo‘lishdi. Erkak jiyanlari kelib so‘rashishdi. Nevarasiga bir siqim shimiladigan konfet berib, tashqariga, kichkinalarning oldiga jo‘natishdi. O‘zini yuqoriroqqa — xona to‘riga o‘tqazishdi. U o‘tirgan joyida hamma bilan bir-bir so‘rashdi.
Keng xonaga devor yoqalab ko‘rpacha to‘shalgan. Do‘konlarda sotiladigan kleyonka dasturxonni qaychi bilan teng ikkiga kesib, ko‘rpachalar bo‘ylab solib chiqilgan. Choy keldi. Har-har joyga uchta-uchtadan kichikroq obi non, dag‘al qora undan pishirilgan bo‘g‘irsoq, kichkina plastmassa taqsimchalarda parvarda, yana shunday taqsimchalarda pomidor-bodringdan to‘g‘ralgan salat, kattaroq likoplarda to‘rt dona sho‘r olma ustiga qo‘yilgan bir bosh uzum, boshqasida bir kapgirdan sabzilari yirik-yirik to‘g‘ralgan osh. Bori shu.
Kampir choydan ho‘plab-ho‘plab ichdi. Oshdan cho‘qinib qo‘ydi. Salatni nari surib, bir dona uzumni g‘ujumidan uzib, og‘ziga soldi. Non, bo‘g‘irsoqqa teginmadi.
Nevarasini tashqari hovlida ovqatlantirishgan bo‘lishsa kerak. To‘y-ma’rakalarda birinchi bo‘lib bolalarning qornini to‘ydirish odatga aylangan.
Odam ko‘p bo‘lsayam — jimlik, hamma oyoq uchida yuribdi, pichirlab gaplashishyapti. Odatda yoshi o‘tgan kishilar vafot etganida keyingi ma’rakalarda yig‘i-sig‘i qilaverishmaydi. “Iymonini bersin”, deyishadi.
Ayollarning biri “Mulla tilovatni boshladi” degan xabarni keltirdi. Shundoq ham jim o‘tirgan ayollar endi boshlarini egib, bir nuqtaga qaragancha qotib qolganday edilar. Erkaklar o‘tirgan uydan mullaning qiroat bilan Qur’on suralarini o‘qiy boshlagan ovozi eshitildi. Uzoq o‘qidi.
Xabar beruvchi ostonaning u tomonida turib tilovat tugaganini, qo‘llarni fotihaga ko‘tarish kerakligini imo qildi.
Jami chin dunyoga rihlat qilgan mo‘min-musulmonlarning haqiga, shu xonadondan o‘tganlarning haqiga, marhumaning haqiga duo o‘qildi. Marosim tugadi.
Ikki uyni to‘ldirib o‘tirgan erkak-ayol, ko‘chadagi bola-baqra bir necha daqiqalarda birin-ketin tarqab ketdi. Kampir hali ayollar to‘lib o‘tirgan xonada bir o‘zi qoldi. Nevarasi kelib pinjiga suqildi. Endi singlisining o‘g‘il-qizlari, kelinlari, kuyovlari, nevaralari kelib, boshqatdan hol-ahvol so‘rashib, ko‘rpachalarga cho‘kkaladilar. Anchaga dovur gurunglashib o‘tirdilar. So‘ng fotiha o‘qib, jiyanlarining hay-hayiga qaramay avtobusga kech qolmay deb o‘rnidan turdi. Kelinlar qo‘liga non, qand-qurs tugilgan tugun tutqazishdi. Nabira jiyanlardan biri bekatgacha mototsiklda tashlab keladigan bo‘ldi.
Mototsikl aravachasiga bir amallab chiqib oldi. Nevarasi ham amal-taqal yoniga joylashdi. O‘ydim-chuydim ko‘chadan tarillab yurib, birpasda avtobus to‘xtaydigan joyga yetib kelishdi. O‘spirin ularni qoldirib, o‘zi ortiga qaytib ketdi.
Vaqt asrdan o‘tgan, bekatda hech kim yo‘q. Kechga tomon kim ham yo‘lga otlanardi. Endigi keladigan avtobusda ertalab bozor-o‘charga ketganlar qaytishadi, ammo bu yoqdan bir-ikki kishi chiqsa chiqadi, chiqmasa yo‘q.
Kun issiq. Kampir lohaslanib, tol soyasidagi yarimta pishiq g‘isht ustiga o‘tirdi. Ko‘zi ilinib ketyapti. Uydaligida tush payti dumaloq yostiqqa bosh qo‘yib, bir nafasgina mudrab olardi. Bugun uyqusini yo‘qotib, mast odamdek gangib o‘tiribdi. Nevarasi tetik, bir nimalar bilan kuymalanib yuribdi. Goh tuproq yerga nimanidir chizadi, goh toshlarni yig‘ib, uychaga o‘xshagan bir nimalar quradi.
Ancha poyladilar, ko‘p kutdilar. Avtobusi qurib ketsin, yo‘l-po‘lda buzilganmi, nima balo? Issiq elitdi, tol tanasiga suyanib, ko‘zi mizg‘ib ketib qoldi.
Bola o‘zi o‘ylab topgan har xil o‘yinlardan zerikdi. Kattaroq xivich topib, kamon yasab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Ana u yerda tayoq yotibdi. Olib, u yoq-bu yog‘ini ko‘rdi. Yo‘q, bo‘lmaydi. Tashladi. Kamonga mos novda qidirib, qiziqsinib to‘qay ichkarisiga qarab keta boshladi. Aksiga olib topganlarini qayirib ko‘rishi bilan sinib ketaverdi. Yanada ichkarilab ketaverdi.
...Avtobusning bo‘g‘iq signalidan cho‘chib ko‘zini ochgan kampir garangsib o‘rnidan turdi. Kun shomga tomon og‘a boshlabdi. Bu zormanda rosa kech qoldi-da o‘ziyam. Zinalariga urinib-surinib bir amallab bo‘m-bo‘sh ulovga chiqdi. Chap tomondagi o‘rindiqqa joylashishi bilan g‘ildiraklar qo‘zg‘aldi, orqasida quyuq chang ko‘tarib, ilgari yeldi.
Kampir pinakka ketgandek ko‘zlarini yumdi. Bolalik paytlarini, singlisining belanchagini tebratib o‘tirgan damlarni esladi. Go‘yo o‘sha onlarga qaytgandek xayoli uzoq-uzoqlarga uchdi.
Keyingi bekatlarda ham bir-ikki kishi chiqdi. Daryodan o‘tib, ovuli yaqinida tushib qolganida atrofga qorong‘ilik pardasi tortilib borardi. Uyga qadar sekin piyoda yurib bordi. Kelini sut sog‘ilgan chelagini ko‘tarib molxona tomondan kelayotgan ekan.
– Keldingizmi, ena? Yaxshi yurishgan ekanmi hammalari? – dedi. So‘ng qo‘lidagi chelakni ayvondagi ilgakka osdi-da, ustiga doka yopib, kampirga qayta peshvoz chiqib, qo‘lidagi tugunni oldi. Ichkari tomon bir-ikki qadam bosib, ortiga o‘girilib so‘radi:
– Nevarangiz qani, hojatga o‘tdimi?
– A? – dedi kampir birdan talmovsirab. Shilq etib tuproq yerga o‘tirdi-da, keliniga qarab “Bola qani?” dedi.
...O‘g‘li bir-ikkita do‘stini olib, bolani qidirishga ketdi. Xufton kirib qolganda qayerdan ulov topadi endi? Kelini esidan og‘gan, katta nevaralari onasini yelpiydi. Kampir bir burchakda g‘ujanak bo‘lib o‘tiribdi. Shuncha yashagani nima bo‘ldi-yu, hozir o‘ziga o‘lim tilab o‘tirgani nima bo‘ldi. O‘g‘li ulov topgani taqdirdayam, kechasi daryodan o‘tish, katta to‘qaydan kichik bolani qidirish...
“E Xudo, jonimni ol”, dedi kampir ichida. “Jonimni ol, Yaratgan!”
Bir umr yashash uchun kurashib, o‘limni yengib keldi. Mana endi jon-jahdi bilan o‘lishga oshiqyapti.
* * *
Ertasiga kun yoyilib qolgan payt ikki o‘rtog‘i bilan o‘g‘li maykachan, bir qo‘lida ko‘ylagiga tugilgan allanima bilan kirib keldi. Bittasining qo‘lida ov miltig‘iyam bor.
– Bolam qani? – jonholatda eriga peshvoz yugurdi kelini.
– Topolmadik, – uning o‘rniga javob berdi o‘rtog‘i boshini quyi solib.
– Bu nima? – ko‘zlari ola-kula bo‘lib tugilgan erining ko‘ylagini apil-tapil yecha boshladi kelini.
Tugun suyaklar bilan to‘la edi, yosh bolanikiga o‘xshab ketadigan suyaklar bilan...
Kampirning tilagi ijobat bo‘lmadi, Yaratgan jonini olmadi. “Bunday kunni ko‘rganimdan ko‘ra o‘lganim yaxshi edi, o‘lib ketganim yaxshi edi” ko‘nglidan o‘tkazdi titraganicha.
Xosiyat RAJABOVA
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?