
Avstraliyaning g‘arbiy sohillarida joylashgan Shark Bay hududida yashovchi ayrim burunli delfinlar o‘ziga xos ov texnikasini o‘zlashtirgan: ular tumshug‘iga dengiz gubkasini kiyib, qum ostida yashiringan baliqlarni qidiradi. Bu noyob xatti-harakat hayvonlar orasida madaniyat va asbob ishlatish borasidagi ilmiy qarashlarga oydinlik kiritmoqda.
Gubka — delfinlar uchun himoya vositasi
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, delfinlar tumshug‘ini dengiz tubidagi toshlar va o‘tkir chig‘anoqlardan himoya qilish uchun gubkadan foydalanadi. Ular gubka yordamida qumli yo‘laklardagi axlat va toshlarni titkilab, pastga yashiringan qum baliqlarini yuzaga chiqarib ovlaydi.
Biroq bu texnika oddiy emas: yangi ilmiy tadqiqotga ko‘ra, bunday ov qilish delfinlarning tovush yuborib aks sadosini tinglash orqali yo‘nalishni aniqlash qobiliyatini cheklaydi. Dengiz biologiyasi bo‘yicha olim Ellen Roze Jeykobs aytishicha, “gubka yuzga taqilgan niqobga o‘xshaydi — ovozlar xira eshitiladi, lekin baribir ularga moslashish mumkin.”
Meros bo‘lib o‘tadigan mahorat
Mazkur ov texnikasi — biologlarning fikricha — avloddan avlodga o‘rgatiladigan madaniy xatti-harakat bo‘lib, faqat onadan bolaga o‘tadi. Delfin bolalari odatda 3–4 yil davomida onalari bilan birga yuradi va shu davr mobaynida hayot uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni o‘zlashtiradi.
Boshqa dengiz biologlari bu texnikani “ko‘zi bog‘langan holda ov qilish”ga tenglashtiradi. “Bunday ov qilish uchun juda puxta tayyorgarlik va yuqori darajadagi mahorat zarur”, deydi Oregon shtati universitetidan olim Maurisio Kantor.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar