
“Manchester Siti” joriy mavsumda qatnashadigan barcha musobaqalarda bosh mukofot uchun kurash olib borishni maqsad qilgan. Jumladan, Xosep Gvardiola boshchiligidagi jamoa uchun Angliya Premer-ligasida chempionlikni “Liverpul”dan qaytarib olish hamda Yevropa Chempionlar Ligasida zafar quchish bosh vazifalardan biri sanaladi.
Ispaniyalik murabbiy ushbu maqsadlarga erishish maqsadida jamoa safini yangilashda davom etmoqda. Qishda Abduqodir Husanov bilan boshlangan yangi transfer siyosati hali ham davom etmoqda. Bu vaqtgacha “shaharliklar” o‘zbek himoyachisidan tashqari Niko Gonsales, Umar Marmush, Vitor Reys, Juma Ba, Tijani Reynders, Rayan Ayt-Nuri va Rayan Sherki kabi futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib oldi.
Shu bilan birga, Xosep Gvardiola klub rahbariyatini jamoani ixcham shaklda saqlash niyatida ekanini oldindan bildirgan. Bu esa “Siti” ayrim futbolchilar bilan xayrlashishi mumkinligidan darak beradi.
Angliya futboli haqida muntazam yorituvchi – esteemedkompany.com sayti ma’lum qilishicha, Turkiyaning “Galatasaroy” klubi markaziy himoyachi Manuel Akanji transferi borasida ish boshlagan. Bu holat “Siti”dagi vaziyatni yanada yaqqolroq ko‘rsatmoqda.
- “Manchester Siti”da himoya chizig‘ining markazida ortiqcha futbolchilar yig‘ilib qolgan. Gvardiolaning jamoasida yuqori darajali bir nechta markaziy himoyachi mavjud. Shu boisdan, jamoa safini qisqartirish maqsadida ulardan ba’zilarini sotib yuborish rejalashtirilmoqda.
Agar bu yozda himoya chizig‘ini tark etuvchi futbolchilar ro‘yxatini ko‘rib chiqsak, birinchi navbatda Manuel Akanji nomzod sifatida tilga olinadi. “Galatasaroy” esa shveysariyalik futbolchini qo‘lga kiritish uchun harakatlarni boshlab yuborgan.
Turkiyalik jurnalist Yag‘iz Sabunjuo‘g‘lining ma’lum qilishicha, “Galatasaroy” Akanjining transferi bo‘yicha sharoitlarni o‘rganmoqda va agar futbolchi maoshini qisqartirishga rozi bo‘lsa, “Siti”ga rasmiy taklif yuboriladi.
Hozirgi paytda “Manchester Siti” tarkibida Ruben Diash, Yoshko Gvardiol, Jon Stounz, Natan Ake, Manuel Akanji, Abduqodir Husanov va Vitor Reys kabi kuchli markaziy himoyachilar bor. Ular orasida Diash, Gvardiol yoki Husanovning jamoani yaqin vaqtda tark etishi ehtimoli deyarli yo‘q.
Stounz va Ake jamoa uchun strategik figuralar sanaladi. Vitor Reys esa yangi mavsumni ijarada o‘tkazishi mumkin. Shu sababli, Manuel Akanji sotuvga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan asosiy nomzodga aylanmoqda. Unga “Siti”ning yaqin rejalarida o‘rni qolmayotganga o‘xshaydi.
Agar Akanji jamoada qoladigan bo‘lsa, unga kuchli raqobat yuklanishi aniq. Chunki Abduqodir Husanov asosiy tarkibda muhim o‘rinni egallash uchun kurash olib borishi kutilyapti. Klub esa o‘zbek himoyachisiga yetarli maydonda o‘ynash imkonini berish uchun Akanji bilan xayrlashish yo‘lini tanlashi mumkin.
Manuel Akanjining kelajagi ko‘proq uning shaxsiy qaroridan kelib chiqadi. Uning joriy shartnomasi 2027 yilning yozigacha amal qiladi. Agar u “Galatasaroy” variantini ma’qul ko‘rsa, ushbu transfer har ikki jamoa uchun ham murakkabliksiz amalga oshirilishi mumkin, – deya yozadi esteemedkompany.com tahlilchisi Adam Marrett. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar