19:53 / 21.10.2018
6 126

Oqibat

Oqibat
«Boshliq hozir siz bilan bog‘lana olmas ekan, gapingiz bo‘lsa o‘rinbosariga murojaat qilishingiz mumkin...»

Eng qalin do‘stlar, ko‘ngilga yaqin xayrixohlar bolalikda birga o‘sib-ulg‘aygan, maktabda yoki bir turli o‘quv dargohlarida birga o‘qishgan, bitta ishxonada birga xizmat qilishgan insonlar orasida bo‘ladi. Bu tabiiy hol, albatta. Odamning deyarli yarim umri ishxonasida kechadi. Shu bois yaxshi-yomon, xush-noxush kunlarga uzoq yillar guvoh bo‘lgan hamkasblar bir-biriga ancha qadrdon bo‘lib qoladi. Kimdir boshqa ishga o‘tib ketsa ham ular o‘rtasidagi yaqin munosabatlar, bordi-keldi yo‘qolmaydi.

Bundan ko‘p yillar muqaddam respublika gazetalaridan birida birga xizmat qilgan yaqin do‘stim sharoit taqozosi tufayli tug‘ilgan yurti Samarqandga ko‘chib ketdi. Uning ajoyib suhbatini, jarangdor kulgisini sog‘inardim. Ittifoqo do‘stimning yurtiga xizmat safari bilan boradigan bo‘lib qoldim. Eski qadrdonimni bir yo‘qlab qo‘yishni ko‘nglimdan o‘tkazdim. Ammo uning manzilini, yangi ishxonasini bilmasdim. O‘sha biz oldin birga ishlashgan tahririyatda biz bilan birga xizmat qilgan, hozir poytaxtdagi nufuzli bir idorada rahbar lavozimida o‘tirgan samarqandlik sobiq hamkasbimga haligi do‘stimning manzilini aniqlash uchun telefon qildim. Kotiba boshliq hozir yo‘q ekanini aytgach, kim telefon qilganini so‘radi. Aytdim. Oradan ikki-uch soat o‘tgach, yana telefon qildim. Boshliq hali kelmabdi. Shunda men o‘zimning xizmat telefonimni ma’lum qilib qo‘ydim. Ko‘nglimda, sobiq hamkasbim. Yo‘qlaganimni bilsa, albatta, telefon qilar degan umid bor edi. Afsuski, bunday bo‘lmadi. Xizmat safariga jo‘naydigan kunim ham yaqinlashib qolgandi. Ertasi kuni sobiq hamkasbimning idorasiga yana telefon qilishga majbur bo‘ldim. Ovozimdan tanib qolgan kotiba boshliq o‘zida ekanini aytarkan, bir daqiqa kutib turing dedi. Tajang, diltang kayfiyatda kuta boshladim. Birozdan so‘ng kotiba «Boshliq hozir siz bilan bog‘lana olmas ekan, gapingiz bo‘lsa o‘rinbosariga murojaat qilishingiz mumkin ekan», dedi afsus ohangida. Boshimdan bir chelak sovuq suv quyilgandek vujudim seskanib ketdi. Ajabo! Axir, men sobiq hamkasbimdan ot bilan tuya so‘ramoqchi emasdim-ku! Bor-yo‘g‘i bir og‘iz gap — o‘sha do‘stimizning manzilini bilmoqchi edim, xolos. Odam ham shu qadar o‘zgarib ketadimi? Axir, kechagina birga ishlashib, o‘zaro hazil-mutoyiba qilishib, gurunglashib, tushlikda birga somsaxo‘rlik qilib, oqshomlari goho choyxonalarda oshxo‘rlik qilib yurgandik-ku!

Odamlarga nima bo‘lyapti o‘zi? Mol-dunyo, amal, lavozimlar hammasi o‘tkinchi-ku!

Mundoq qaraganda odamning ko‘nglini olish uchun o‘zi ko‘p narsa kerak emas. Bug‘doy noning bo‘lmasa, bug‘doy so‘zing bo‘lsin, deydilar. O‘sha amaldor hamkasbim ikki kundan buyon telefon qilayotganimni kotibasidan eshitgan, albatta. Ammo o‘zi «Yo‘qlagan ekansiz?» deya bir og‘iz so‘rab qo‘yishga yaramadi, bunday «muruvvat»ni yangi, yuksak lavozimdagi mavqeiga to‘g‘ri kelmaydi, deb hisobladi. Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin deganlari shu bo‘lsa kerak-da. Bu xom sut emgan banda bilmaydiki, amal kursisi bir umrga berilmagan.

Qarangki, oradan ko‘p o‘tmay o‘sha amalparast hamkasbimiz boshqa bir, kichikroq idoraga boshliq o‘rinbosari bo‘lib ishga o‘tibdi, deb eshitdim. Tafsiloti ham qiziq. Amalparast do‘stimiz kim telefon qilsa, o‘rinbosarim bilan gaplashaversin, men faqat boshliqlar bilan gaplashaman, derkan. Bunday g‘alati ish tutumi yuqori idoradagi katta boshliqning ham qulog‘iga yetib borib, «E-ha, hali shunaqa burni ko‘tarilib ketibdimi, unday bo‘lsa, o‘zini boshliq o‘rinbosari qilib qo‘yamiz», deya amr qilgan ekan. Ko‘p o‘tmay u o‘rinbosarlikdan ham badarg‘a qilinibdi. Dunyoda baribir adolat bor-da!

«Fe’lingiz — taqdiringiz» degan purhikmat kalima bor. Darhaqiqat, kim nimani topsa, avvvalo, fe’lidan topadi.

Oqibat…

Darvoqe, tilimizda oqibat degan bir ajoyib, serma’no so‘z bor. «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da u so‘zga shunday ta’rif berilgan: «Oqibatli, qadrdonlik, do‘stlik tuyg‘usi, mehr-oqibat va shundan kelib chiqadigan yaxshi munosabatlar, muruvvat».

Menimcha, bu so‘zni boshqa tillarga bitta so‘z bilan tarjima qilib bo‘lmasa kerak. Chunki u bizning milliy mentalitetimiz bilan bog‘liq tushuncha. Xalqimiz odamiylik va insoniy fazilatlarni omuxta qilib, birgina shu so‘z bilan ifodalab qo‘ya qoladi: «Falonchi oqibatli (demak, yaxshi) odam!»

...Mabodo kimdandir hafsalamiz pir bo‘lsa, ko‘nglimiz qolsa, dil izhorimizni «shumi oqibat?» tarzida ma’lum qilamiz. Oddiy odamlarning jaydari falsafasiga ko‘ra, agar o‘rtada mehr-oqibat bo‘lmasa, qarindosh-urug‘lar, do‘stlar ham begonalashib ketadi, agar mehr-oqibat ko‘rsatilsa, begonalar ham o‘zaro qarindosh-urug‘larday yaqin odamlarga aylanadi.

Shunday ekan, oramizdan hech qachon oqibat ko‘tarilmasin!
Shodmon OTABEK,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

Manba: "Oila davrasida"

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Oqibat