07:38 / 29.01.2019
4 692

Badbaxtlik kaliti...

Badbaxtlik kaliti...
Kibr va uzr orasidagi fojea
Oʻzi istaganidek boy-badavlat xonadonning qizini kelin qilgan qaynona toʻydan keyin uyi toʻlib qolganini aytib qoʻni-qoʻshnilari orasida bir necha kungacha kerilib yurdi. Biroq kelini uni mensimayotganini his etdi-yu, sekin-asta uni oʻchdi. Kundan-kunga qovogʻi solinib boraverdi.

Keliniga: “Boyning bolasi boʻlsang oʻzingga, endi mening xizmatimni qilishga majbursan”, degandek muomala qila boshladi. “Oyijonning qovogʻi sira ochilmaydi, nimasiga bunchalik keriladi bilmayman”, deb iddao qildi kelin. “Biror narsani oʻrgatsam, oʻzim yaxshi bilaman deb osmonga sapchiydi, odamni hurmat qilishni bilmaydi”, deb uni aybladi qaynona.Arzimagan gap-soʻzlardan boshlangan kelishmovchilik keyinchalik katta-katta janjallarga aylandi. Bir farzandlik boʻlganida notinchlikdan bezor boʻlgan kelinning otasi koʻch-koʻronini yigʻishtirib,qizini qaytarib olib ketdi...

“Bolalar tirik yetim boʻlmasin, yoshlarni yarashtirib qoʻyaylik”, deganlarga kelinning otasi: “Qizimni yerga urib, xizmatkordek muomala qilgani uchun qudam eshigimga kelib kechirim soʻrasin”, dedi. Qaynona ham фboʻsh kelmadi: “Osmonni ushlab turganday kerilib kelib, qizini oldiga solib ketdimi, endi oʻzi olib kelsin, men bormayman!!!”

Oradan yil oʻtdi. Mahalla-koʻy aralashdi. Kattalar nasihat qildi. Bir amallab kelinni mahalla idorasiga chaqirtirishdi. “Agar nevaralarini yetim qilishni istamasa, shu yerda hammaning oldida qizimdan uzr soʻrasin, keyin qizim uyiga qaytadi!” dedi qizning onasi. Mahalla idorasi qaynonaning uyiga yaqin edi. Toʻrt qadam tashlasa yetardi. Biroq u qovogʻini ochmadi: “Eshigimdan olib ketdimi, eshigimga olib kelsin! Men yalinib bormayman...”

Yigitga nasihat qilganlar “Onam nima desa shu, uyimga kelib onamdan kechirim soʻrasin, yashayman. Boʻlmasa oʻzi biladi! Bolam ham bir amallab katta boʻlar”, degan javobni eshitishdi.

Aslida oʻrtada nima voqea boʻlgandi, degan haqli savol tugʻiladi. Oilada farzand tugʻilgach, xarajatlar ham shunga yarasha koʻpayib boravergach, kelin tez-tez asabiylashadigan boʻlib qoldi. Balki oiladagi yetishmovchiliklar, qaynonasining tinimsiz noroziliklari, u bilan ochilib-yozilib gaplashmasligi, erining onasi izmidan chiqmasligi bunga sabab boʻlgandir... Bu yogʻi bizga qorongʻi. Kelinning zardakash boʻlib qolgani, oiladagi yetishmovchiliklarni eri va qaynonasining yuziga solib, baqir-chaqir qilgani bor gap. Ana shunday kunlarning birida qaynona: “Boyning qizi boʻlsang oʻzingga, endi shu uyning kelinisan, boriga ham yoʻgʻiga ham sabr qilib chidaysan”, dedi. Oʻrtada yana baqir-chaqirlar boshlandi. Kelin onasiga qoʻngʻiroq qildi. U ham tezda yetib keldi-yu: “Nimaga qizimni xafa qilasiz, bu xonadonda bolam bechora xor boʻldi, bas, yetar, olib ketaman!”, deb qudasiga oʻdagʻaylaydi. “Olib ketib, meni bolamdan yaxshisiga uzatarmidingiz”, dedi qaynona boʻsh kelmay. “E-e, er qilmay oʻtaman, men sizga oʻxshab ikki erga tegadiganlardanmasman”, deya qaynonasining ikki marta turmushga chiqqanini yuziga soldi kelin.

Tashqaridan qaraganda bor gap shu! Aslida esa uzoq vaqt mobaynida qaynona-kelinning bir-biriga mensimay muomala qilishi,kibrlanishi, “Uyini otamning moli bilan toʻldirib oʻtiribdi-yu, yana kerilishiga oʻlaymi”, yoxud “Boyning bolasi boʻlsang oʻzingga, mening izmimdan yurishga majbursan”, degan iddaolar bu oilani ichidan yemiravergan. Oxir oqibatda“Sen mendan uzr soʻra”, “Yoʻq, sen oʻzing kechirim soʻra”, kabi juda mayda gap-soʻzlar bilan oila buzildi. Bir qorakoʻz, norasida oʻzining qon-qardoshlari – ota-onasi, bobo-buvilari qoʻli va feʼli bilan tirik yetimlik domiga tashlandi.

Kechirim soʻrash shunchalik qiyinmidi? Feʼli keng, ilmli-maʼrifatli, kamsuqum, kamtar odamlar uchun bu ish juda oson. Biroq qalbini kibr egallagan kimsalar shu qadar johillashar ekanki, ular uchun uch harfdan iborat UZR soʻzini aytishning oʻzi mushkulotga aylanarkan. Shunday paytda Imom Gʻazzoliy hazratlari “: “Saodat kaliti hushyorlik va fahmu farosatdadir. Badbaxtlik manbasi kibr va gʻaflatdadir”, deganlarida qanchalar haq ekanlar, degan oʻy koʻngildan oʻtadi.

Afsuski bunday voqealar bugun hayotimizda koʻplab uchramoqda. Oilalar, qarindosh-urugʻlar, qoʻni-qoʻshnilar, hamkasblar va doʻstu birodarlarning oʻzaro munosabatlari buzilishiga ham koʻp hollarda manmanlik va kibr sabab boʻlayotgani hech kimga sir emas.

Haqni inkor etuvchi kimsa
Kibr va manmanlik bir-biriga yaqin va oʻxshash salbiy sifatlardir. Ulamolar kibr qalbda namoyon boʻlib, kibrli odam boshqalardan oʻzini ustun qoʻyishi bilan ajralib turadi, manmanlikka yoʻliqqan kimsa esa oʻzining feʼl atvori, kiyim-kechagi, uy-joyi va hunariga oʻzi mahliyo boʻlgan, oʻz tasavvur olamiga boshqalarni yaqinlashtirmaydigan odamdir deyishadi.

Ibn Umar roziyallohu anhuning rivoyat qilishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday degan: “Bir kishi izorini kibr bilan sudrab borayotganida, birdan uni yer yutib yubordi. Endi u qiyomat kunigacha yerga pastlab boraveradi”. (Buxoriy, Muslim, Termiziy, Nasoiy va Ahmad rivoyati)

Bugungi kunimizda ham oʻzini oʻzgalardan arzimagan narsa bilan ustun qoʻyadiganlar, kiyimi, soch turmagi, chiroyi bilan manmanlik qiladiganlar koʻp uchramoqda. Biroq unutmaylikki, bundaylarni yer ham oʻz ustida koʻtarib yurmay, yutib yuborishga tayyor ekan.Qiyomat kuni undayodamlarning ahvoli qanday boʻlishini Alloh taoloning Oʻzi biladi!.. Shunday yomon ahvolga tushmayin degan odam zinhor kibr qilmasin, oʻzini boshqalardan ustun qoʻymasin, deya ogohlantirishadi ulamolar.

Kibrli kimsa haqni inkor qilishi bilan ham ajralib turar ekan. Yaʼni u oʻzini shu qadar baland tutadiki, undan ilmda, boylik va martabada yuqori boʻlganlarni ham tan olgisi kelmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kibr haqni inkor qilish va odamlarni haqir sanashdir”, deb taʼriflaganlari haqida hadislar bor.

Befoyda balandparvozlik
Kibr ilm ahli orasida ham boy-badavlatlar va oddiy odamlar orasida ham bir qancha sabablar bilan nomyon boʻlarkan. Kimdir oʻzini boshqalardan ilmliroqman deb oʻylab, qolganlarga past nazar bilan qarasa,boshqasi amalda (ibodatda) hammadan oʻzib ketganman degan oʻyda kibrga beriladi. Yana birov mansab-martabasi tufayli atrofidagilarni mensimaydi. Biroq haqiqiy ilm egasi tavozeʼli boʻlib, kibrga yaqinlashmas ekan. Oʻzini“ilmli” hisoblaganlar qancha ilm olsalar ham feʼllarida buzuqlik boʻlgani sababli yomon sifatlardan xalos boʻla olmay mutakabbirlikka berilar ekanlar.

Amalda (yaʼni ibodatda) hammadan oʻzib ketganman, deb oʻylovchilar esa boshqalar ularni ulugʻlashlari, joy boʻshatishlari, hurmatu eʼzoz koʻrsatishlari, ularning taqvolari va ibodatlarini madh qilib turishlarini daʼvo qilishar ekan.

Ayrimlar ota-bobolarining ilmi-mavqeyiga tayanib, hasab va nasabda hammadan balandman degan oʻyda oʻzidan ilmli va amali ustun boʻlgan kishilarga takabburlik qilishar ekan. Biroq muqaddas dinimiz taʼlimotida nasab kishining amalidan ustun qoʻyilmagan.

Kuch-quvvati, jamiyatdagi mavqeyi bilan gʻururga beriluvchilar odatda boshqalarni “seni unday qilib yuboraman, bunday ahvolga solaman”, deya faxrlanadilar. Shuningdek,yana bir toifa odamlar qarindosh-urugʻlari, tarafdorlari, farzandlari, xizmatchi va shogirdlari bilan kibrlanib, atrofdagilardan oʻzini ustun qoʻyadi.

Afsusuki bu holatlarning hech birida inson uchun foyda yoʻq ekan. Ularda mavjud neʼmatlar – ilm ham, davlatu savlat ham, kuch-quvvatu chiroy ham aslida Allohning fazlu marhamati ekanini, istagan paytda bu neʼmatlardan bandasini mahrum etishini, istagan bandasini esa eng haqir darajadan eng yuksak martabagacha koʻtarish Allohning izni ixtiyorida ekanini unutmaslik qalbni kibrlanishdan asraydi.

– Uzoq qishloqqa toʻyga bordik, – deydi Holida ismli ayol. – Biz oʻtirgan xonaga bir juvon qizi bilan kirib keldi. Oʻzi chiroylikkina ekanu qizi atrofga qarab nuqul iljayar, aqli noqisligi shundoqqina koʻrinib turardi. Qizcha onasining qoʻlidan yulqinib chiqdi-yu, surilib-surilib menga yaqin keldi.Qoʻllari koʻylagimga tegdi.Toʻgʻrisini aytsam, undan jirkanib, qizni oʻzimdan nari itarib yubordim, koʻz oldimdan oʻzimning xushroʻy-xushroʻy farzandlarim oʻtdi. “Shunaqayam qiz tugʻadimi odam”, dedim sheriklarimga pichirlab. Juvon qizchasini koʻtarib xonadan tezda chiqib ketdi. Oʻsha qizning qoʻli tekkan koʻylagim etimni kuydirayotgandek uygacha qiynalib keldim-da, darhol koʻylagimni yechib yoqib yubordim. Koʻp oʻtmay yana homilador ekanim maʼlum boʻldi.Oradan bir yil oʻtmay, bir qiz tugʻdim. Yo tavba, chaqaloq oʻsha men toʻyda koʻrgan qizchaning aynan oʻzginasi edi!!! Ulgʻaygani sayin qizim koʻz oʻngimda oʻsha qizaloqning qiliqlarini takrorlab boraverdi. Ustiga ustak oyoq-qoʻli uzun, oʻzi bukri boʻlib qoldi. Juda samimiy doim kulib turadi. Biroq kulgusiyam qoʻrqinchli... Oʻshanda bir uy xotin orasida kibrlanganimni, oʻsha juvon va qizini yerga urganimni eslasam haligacha oʻzimni kechirolmayman. Bir lahzalik kibrim menga mana shunday azob boʻlib qaytdi...

“... U mutakabbirlarni xush koʻrmas”
Ulamolar kibrlar orasida eng yomoni Alloh taologa kibrlanishdir, deyishadi. Bu Firʼavn va Namrudning kibriga oʻxshash boʻlib, Alloh taologa banda boʻlishdan oʻzini olib qochishdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kibr qilish esa Makka kofirlariga oʻxshab Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga boʻysunishdan bosh tortish, johillik va sarkashlik ila kibrlanishdan iboratdir, deyiladi muqaddas manbaalarda.

Alloh taolo “Nahl” surasida: “Ilohingiz yagona ilohdir. Oxiratga iymon keltirmaydiganlarning qalblari inkor qiluvchidir, oʻzlari esa mutakabbirdirlar. Shubhasiz, Alloh nimani sir tutayotganlarini va nimani oshkor qilayotganlarini biladir. Albatta, U mutakabbirlarni xush koʻrmas”, degan (22-23-oyatlar).

Alloh har bir odamning koʻnglidagi sirlarini ham oshkora qilayotgan amallarini ham bilguvchi zotdir. Qalblari haqiqatni inkor etayotgan, oʻzlari mutakabbirlik qilayotganlarni ham bilib turadi.

Shu boisdan:
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qalbida bir dona achitqi urigʻi ogʻirligida iymoni bor odam doʻzaxga kirmaydi. Qalbida bir dona achitqi urugʻi ogʻirligida kibri bor odam jannatga kirmaydi”, dedilar”.

“Ey Allohning rasuli! Kishi kiyimi goʻzal boʻlishini, poyafzali goʻzal boʻlishini yoqtiradi-ku?” dedi bir odam. “Albatta, Alloh goʻzaldir va goʻzallikni sevadir. Kibr haqni inkor qilish va odamlarni haqir sanashdir”, dedilar Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam”. (Muslim va Termiziy rivoyat qilgan).

Demak, chiroyli kiyimlar kiyish, chiroyli hayotga intilish ayb emas, aynan shuni vosita qilib, boshqalarga past nazar bilan qarash, mol-mulki, davlati, mansabi, kiyimlari va buyumlariga bino qoʻyish manmanlik va kibrlanish boʻlarkan.

Takabburlik belgisi
Odatda takabbur kishilar oʻz aybini tan olavermaydi. Biroq har bir odam oʻzining feʼl atvorini nazardan oʻtkazib, oʻzini oʻzi isloh qilib turishi foydadan holi emas. Oʻzida takabburlik alomatlari yoʻq deb oʻylaydigan kishilar oʻz feʼl atvoriga razm solsinlar, agar ularda quyidagi belgilar sezilsa, demak kibrdan xalos boʻlish uchun harakatga kirishsinlar.

Oʻzi oʻtirgan holda odamlarning atrofida yoki huzurida tik turishini yoqtirish, ortidan odamlarni ergashtirib yurishni xush koʻrish, birovning ziyoratiga bormaslik, kimningdir yoniga oʻtirishdan orlanish,oʻz ehtiyoji uchun xizmatini oʻzi qilmaslik,oilasi, roʻzgʻori uchun kerakli narsani boshqa birovga koʻtartirib yurishni xush koʻrish, naslu nasabi, kiyim-kechagi, mashinasi, uy-joyini yaxshiligi, mol-mulki koʻpligi, mansabi balandligi tufayli oʻzini boshqalardan ustun deb bilish kibrlanishning alomatlari hisoblanar ekan.

Xalos boʻlish mumkinmi?
Gʻiybat, hasad kabi kibrlanish ham qalb xastaliklaridan boʻlib, uni davolash, unga qarshi kurashisheng avvalo insonning oʻziga bogʻliq. Qalbni kibrdan poklash farzi ayndir, deydi ulamolar. Biroq u oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib qolmaydi. Kibrni tag-tomiri bilan qoʻporib tashlash uchun ilmiy va amaliy choralar koʻrilishi kerak. Banda oʻzini va Parvardigorini tanisa, oʻzining kimligini, qanday yaralganini va unga yetgan neʼmatlar kim tomonidan ato etilayotganini anglasa, Allohni chin maʼnoda tanib, ulugʻlik U zotdan boshqaga toʻgʻri kelmasligini tushunib yetsa kibr uni oʻz-oʻzidan tark etadi.

Shuningdek, amaliy ravishda Alloh taologa tavozuʼ qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning, ahli solihlarning axloqidan ibrat olib yashasa qalbini kibrdan poklay oladi. Eng muhimi maʼrifatga intilish, hayot hikmatlaridan ibrat olish, donishmand va ulamolarning kibr va manmanlik kabi qalb xastaliklarining zararlari haqidagi nasihatlariga quloq tutish va kibrdan poklanishga intilish zarur. Aks holda kibr insonni ikki dunyo saodatidan mahrum etuvchi vositaga aylanadi.
Hamroxon MUSURMONOVA

Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Hayot tarzi » Badbaxtlik kaliti...