14:33 / 28.10.2022
1 226

Markaziy bank raisi: «Rossiya va Xitoyga iqtisodiy qaramligimiz oshyapti, degan xulosamiz yo‘q»

Markaziy bank raisi: «Rossiya va Xitoyga iqtisodiy qaramligimiz oshyapti, degan xulosamiz yo‘q»
O‘zbekistonning Rossiya va Xitoy bilan tashqi savdo hajmi o‘sgani iqtisodiy qaramlik ortib borayotganini anglatmaydi. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov jurnalistlar bilan muloqotda aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Daryo».

Mamarizo Nurmurodovning aytishicha, tashqi savdoning 40 foizi ikki davlat hissasiga to‘g‘ri kelayotgani qaramlik darajasini belgilamaydi.

- "Haqiqatan Rossiya va Xitoy bilan eksport-import hajmi ortdi. Ikkisini qo‘shib hisoblaydigan bo‘lsak, 40 foiz atrofiga yetdi. Markaziy bank buni xavfli deb hisoblamaydi. Iqtisodiy qaramlik oshyapti degan xulosamiz yo‘q. Chunki bizni makroiqtisodiy tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, har bir davlatni globalizatsiya jarayoni eng avvalo, regional xarakterga ega. Masalan, Amerikaning asosiy savdo hamkorlari Kanada, Meksika, Afrika davlatlari. Xuddi shu kabi Yevropa ham o‘zi va atrofidagilar bilan ko‘proq savdo qiladi.

Tashqi savdoning 40 foiz atrofida shakllanayotgani qaramlik darajasini belgilamaydi. Chunki bugungi kundagi vaziyat bizni o‘shalar bilan savdo qilishga undayapti. Misol uchun, bu yil qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmi 1,5 baravarga oshdi. Asosiy eksport Rossiyaga bo‘ldi. Bu qaramlikmi? Yo‘q! Bu mahsulotlarni undan uzoqroqqa, masalan, Yevropaga yuborishga logistikamiz yo‘q. Eng asosiy maqsadimiz mahsulotni sotib, daromadini uni yetishtirganlarga yetkazish. Bunga shu nuqtai nazardan yondashish kerak bo‘ladi.

Eksport va import qilinadigan mahsulotlarimizni qaramlik doirasiga bog‘lanadigan chegarasi yo‘q. Masalan, texnologik uskunalarni olib keldik. Ertaga uning xom ashyosini ham faqat o‘sha davlatdan olib keladigan bo‘lsak, bu qaramlikning bir ko‘rinishi bo‘ladi. Lekin bizda olib kelinayotgan texnologik uskunami, xom ashyomi, ularni boshqa joylardan ham olib kelish imkoniyatimiz keng. Raqobat nuqtai nazaridan hozirgi sharoitda Xitoydagi yoki Rossiyadagi mahsulotlarni olib kelish biz uchun maqbul bo‘lgani uchun bundan foydalanamiz. Global muammolarning yechilishi buni yana o‘z o‘rniga tushishiga va bizning boshqa davlatlar bilan eksport imkoniyatlarimizni yanada kengaytirishga imkoniyat beradi
", - deydi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov.

Avvalroq yanvar—sentyabr oylarida O‘zbekiston eksportida yuqori ulushga ega bo‘lgan hamkor davlatlar ma’lum qilingandi. Ro‘yxatda Rossiya birinchi (2 mlrd 163,5 mln dollar), Xitoy ikkinchi ((2 mlrd 20,3 mln dollar) o‘rinda qayd etilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Markaziy bank raisi: «Rossiya va Xitoyga iqtisodiy qaramligimiz oshyapti, degan xulosamiz yo‘q»