Hindistonda haqiqiy detektiv ssenariylarni ortda qoldirgan voqea jamoatchilikni hayratga soldi. Mamlakatning ikki yosh o‘qituvchisi Gollivudning mashhur “Egrilik sari” (“Breaking Bad”) serialidan ruhlanib, qonuniy yo‘ldan chetga chiqishga qaror qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 35 yoshli fizika repetitori va 25 yoshli kimyo o‘qituvchisi birga ijaraga olingan xonadonda yashirin narkolaboratoriya tashkil etishdi. Rasmiy ma’lumotlarda qayd etilishicha, ular ikki oy ichida mefedron sintetik narkotik moddasini tayyorlash bo‘yicha to‘liq ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Manbalarda keltirilishicha, tayyorlangan mef miqdori 150 kilogrammga yaqin bo‘lgan, uning bozor qiymati esa taxminan 220 ming dollarni tashkil etgan.
Tergov jarayonida yosh o‘qituvchilar o‘z qilmishlariga to‘liq iqror bo‘lishgan. Ularning aytishicha, “Breaking Bad” serialidagi voqealar ularni ilhomlantirgan, moliyaviy muammolar va qarzlardan qutulish uchun ana shunday qadam tashlashga qaror qilishgan.
Ajablanarlisi, Bollivud o‘z ssenaristlarini chetga surib qo‘ydi — bu galgi voqea hayotning o‘zi tomonidan “yozildi”. Mamlakat ommaviy axborot vositalarida bu ish katta muhokamaga sabab bo‘ldi. Qonun himoyachilari tomonidan narkolaboratoriya faoliyati to‘xtatildi va aybdorlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Ma’lumot uchun, “Egrilik sari” (“Breaking Bad”) AQSHda suratga olingan va butun dunyo bo‘ylab mashhurlikka erishgan serial. Asarning asosiy qahramoni, o‘pka saratoniga chalingan kimyo o‘qituvchisi Uolter Vayt oilasining moliyaviy kelajagini kafolatlash maqsadida jinoiy yo‘lga qadam qo‘yadi — u sobiq o‘quvchisi Jessi Pinkman bilan birga metamfetamin ishlab chiqarish va sotishni boshlaydi. Bu syujet o‘z vaqtida ko‘plab kinohavaskorlar va mutaxassislar tomonidan yuqori baholangan edi.
Hindistonlik o‘qituvchilar hikoyasi esa, afsuski, ekranda emas, hayotning o‘zida keskin oqibatlarga olib keldi. Mutasaddilar ta’kidlashicha, har qanday kino yoki serialdagi voqealar haqiqiy hayotda o‘zini oqlamaydi va og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Hozirda tergov va sud jarayonlari davom etmoqda. Jamoatchilik esa bunday “ilhomlanishlar”dan voz kechish zarurligini ta’kidlab, yoshlarga to‘g‘ri hayotiy tanlov qilish kerakligini eslatmoqda.
“Egrilik sari” serialidan ilhomlangan o‘qituvchilar narkolaboratoriya ochdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar