date

Toshkentda xalqaro gemmologiya markazi ochiladi: yangi imkoniyatlar

Toshkentda xalqaro gemmologiya markazi ochiladi: yangi imkoniyatlar

Yurtimizda investitsiya muhiti va soha rivoji uchun yana bir muhim qadam tashlandi, deb ma’lum qildi dunyo.info. Mamlakat elchixonasining tashabbusi bilan Isroilning nufuzli GCI Gemological Centers Ltd. kompaniyasi va O‘zbekistondagi Expert One MCHJ o‘rtasida GCI Gemological Centers Uzbekistan gemmologiya markazini tashkil etish bo‘yicha rasmiy shartnoma imzolandi.

Yangi markaz Toshkentda faoliyat boshlab, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar uchun professional ekspertiza xizmatlarini ko‘rsatadi, ularni GCI xalqaro standartlari asosida sertifikatlashni amalga oshiradi hamda gemmologiya sohasida zamonaviy ta’lim dasturlarini joriy etadi. Bu orqali yurtimizda gemmologik sohadagi malakali kadrlar tayyorlanishiga, bozor ishtirokchilari uchun xalqaro e’tirofga ega sertifikatlar olish imkoniyatiga keng yo‘l ochiladi.

GCI Gemological Centers Ltd. bosh menejeri Yehuda Yakar bu tashabbusni izohlar ekan, O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar, investitsiya muhitida kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlar va inson kapitaliga berilgan e’tiborni e’tirof etdi. Kompaniya vakillari so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi barqaror rivojlanish va xalqaro ishonchni mustahkamlash orqali ushbu loyiha amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, markaz tashkil etilishida Isroildagi "Yangi O‘zbekiston" savdo-investitsiya uyi rahbari Nargiza Qodirovaning tashabbuskorligi alohida qayd etildi. 2024 yil avgust oyida tashkil etilgan mazkur uy diplomatik missiya ko‘magida yirik savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga hissa qo‘shib kelmoqda.

GCI Gemological Centers Ltd. butun dunyoda e’tirof etilgan, Isroilning nufuzli gemmologiya markazlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarning haqiqiyligini baholash, sertifikatlash hamda ushbu sohada bilim va malaka oshirish bo‘yicha keng qamrovli xizmatlarni taklif etadi.

Yangi markazning ochilishi O‘zbekiston gemmologiya bozorida xalqaro standartlar va zamonaviy innovatsiyalarni tatbiq qilish, sohada shaffoflik va ishonchni kuchaytirishga yo‘naltirilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda. Maxsus sertifikatlash tizimi orqali mahalliy bozor ishtirokchilari va tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochiladi.

Kelgusida markaz faoliyati nafaqat bozor ishtirokchilari, balki gemmologiya sohasida ta’lim oluvchi yoshlar uchun ham yangi bilim va malakalar manbai bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa, mamlakatimizda soha rivoji va xalqaro bozorlarga integratsiya uchun yana bir muhim turtki bo‘ladi.


Foto: "Dunyo" AA

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda xalqaro gemmologiya markazi ochiladi: yangi imkoniyatlar