date

Apple Xitoyda Samsung‘ni reklama qilib qo‘yib sharmanda bo‘ldi

Apple Xitoyda Samsung‘ni reklama qilib qo‘yib sharmanda bo‘ldi

Texnologiya olamida kutilmagan vaziyat: Applening rasmiy Support Weibo akkaunti 30 iyul kuni Samsung‘ning Galaxy Z Flip 7 modeliga oid videorolikni e’lon qildi va bu holat Xitoydagi ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamaga aylandi. Tezda o‘chirilganiga qaramay, kuzatuvchilar va foydalanuvchilar ushbu videoni tarqatib ulgurishdi, deb xabar berdi androidauthority.com.

Ayniqsa, Xitoydagi internet foydalanuvchilari bu vaziyatni qiziqib kuzatdi: qanday qilib dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri bo‘lgan Apple o‘z akkauntida asosiy raqibining mahsulotini tasodifan reklama qilib qo‘yishi mumkin? Muxlislar bu voqeaning asl sababini izlayotgan bo‘lsa-da, taxminlarga ko‘ra, noto‘g‘ri fayl yuklanishi natijasida bunday xatolik sodir bo‘lgan.

Texnologiya ekspertlarining aytishicha, bu holat Apple uchun jiddiy axborot va imij xato sanaladi. Yaqin yillarda bozorda chiqishi kutilgan buklanuvchi iPhone modeli haqida so‘z ketayotgan vaqtda Samsung‘ning Galaxy Z Flip 7 videosining keng ommaga chiqib ketishi, albatta, kompaniya uchun noqulay vaziyat. Ushbu voqea hatto Apple o‘z raqibi Samsung‘dan ilhom olmoqda, degan mish-mishlarning tarqalishiga turtki bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Galaxy Z Flip 7 smartfoni joriy oy boshida taqdim etildi va dizayn, sun’iy intellekt imkoniyatlari hamda batareya quvvatida yangilanganligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, avvalgi modeldagi 1099 dollarlik boshlang‘ich narx saqlangan.

Apple'ning buklanuvchi smartfoni — iPhone Fold — esa 2026 yil ikkinchi yarmida bozorda paydo bo‘lishi kutilmoqda. Bu orqali bozordagi raqobat yanada shiddatli tus olishi mumkin. Tahlilchilarning fikricha, bu kabi xatolar Apple kabi gigant kompaniyaning ichki kontent siyosatidagi nazorat masalalariga yanada jiddiy e’tibor berish kerakligini ko‘rsatadi.

Yangi buklanuvchi smartfonlar borasidagi raqobat, ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar va texnologiya olamidagi tezkor o‘zgarishlar — bugungi kunda sanoatning dinamikasini yanada kuchaytirmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Apple Xitoyda Samsung‘ni reklama qilib qo‘yib sharmanda bo‘ldi