O‘zbekistonda Xitoyning hosildorlikni oshirish bo‘yicha yangi texnologiyalari joriy etiladi
Xitoyning hosildorlikni oshirish bo‘yicha yangi texnologiyalari O‘zbekistonda ham joriy etiladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirining matbuot kotibi Dilshod Nazirov Sputnik O‘zbekistonga ma’lum qildi. Pekinda O‘zbekiston-Xitoy agrar ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi.
"Xitoyning keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishidagi qo‘lga kiritgan yutuqlari, hosildorlikni oshirishga xizmat qiladigan yangi texnologiyalarini O‘zbekistonda ham joriy etish borasida kelishuvlar imzolandi”, — deydi Nazirov.
Qayd etilishicha, yangi texnologiyalarning O‘zbekistonga kirib kelishi, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, g‘o‘za seleksiyasi, umuman chigitdan olinadigan mahsulot turlarini kengaytirish bo‘yicha alohida loyiha va qo‘shma laboratoriya qurish hamda qo‘ziqorin yetishtirishni mamlakatda joriy etish bo‘yicha Xitoy tajribasi o‘rganilmoqda.
“Baliqchilik sohasida Xitoyda juda ham katta maktab mavjud. Ayniqsa, baliq kasalligiga qarshi kurashishning yangi texnologiyalari, umuman hayvon kasalliklarini oldini olish borasida vaksinaga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan”, — deya qo‘shimcha qildi Nazirov.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Xitoy o‘zaro tovar aylanmasi qariyb 40 foizga oshdi. Investitsion loyihalar 5 barobarga, qo‘shma hamkorlik korxonalari soni 3 barobarga ko‘paygan.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga ko‘ra, 2022 yilda Xitoyning investitsiyalari 1,67 milliard dollarni (to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya – 739 mln dollar), 2023 yil yanvar-sentyabr oylarida Xitoyning O‘zbekistonga investitsiyalarining umumiy hajmi 2,22 milliard dollarni (to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya – 1,01 milliard dollar) tashkil etgan.
2022 yilda O‘zbekistonning Xitoyga eksport qilinadigan asosiy tovarlari meva-sabzavot (5 foiz), tabiiy gaz (35 foiz), ip-kalava va ipak (11 foiz), mis va undan tayyorlangan buyumlar (14 foiz), plastmassa va ulardan tayyorlangan buyumlar (2%) bo‘ldi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring