date

Dunyodagi eng katta oltin koni topildi

Dunyodagi eng katta oltin koni topildi

Xitoy geologlari dunyo ilm-fan jamoatchiligini hayratga solgan kashfiyot haqida ma’lum qildi. Xunan provinsiyasida joylashgan yangi konda dunyodagi eng yirik oltin zahirasi aniqlangani ma’lum qilindi. Bu haqda “Popular Mechanics” nashri xabar berdi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yer ostida 1100 tonnagacha oltin mavjud bo‘lishi mumkin. Bu miqdor hozirgi bozor narxlariga ko‘ra taxminan 83 milliard AQSH dollari qiymatiga teng. Xitoy davlat OAV ma’lumotlariga ko‘ra, kashfiyot Pinszyan okrugidagi Vangu koni hududida amalga oshirilgan. Geologlar 2000 metr chuqurlikda 40 dan ortiq oltin tomirlarini topishgan. Shuningdek, 3D modellashtirish natijalari kon yana 3 kilometr chuqurlikkacha cho‘zilishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, jins tarkibidagi oltin miqdori har tonna ruda uchun 138 grammni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich jahon oltin qazib olish sanoatida juda kam uchraydigan yuqori natija hisoblanadi.

“Ko‘plab burg‘ulangan jinslarda ko‘z bilan ko‘rinib turgan oltin bo‘laklari aniqlandi,” — dedi Xunan Geologiya byurosining mutaxassisi Chen Rulin. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kashfiyot nafaqat Xitoy, balki butun jahon tog‘-kon sanoati uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Agar hisob-kitoblar rasman tasdiqlansa, yangi kon uzoq yillar davomida 1025 tonna zahira bilan dunyoda eng katta deb hisoblangan Janubiy Afrikadagi South Deep konini ham ortda qoldiradi. Bu esa Xitoyni oltin ishlab chiqarishda mutlaq yetakchiga aylantirishi mumkin.

Kashfiyot allaqachon jahon bozoridagi vaziyatga ta’sir ko‘rsatdi — OAV xabarlariga ko‘ra, oltin narxi bir unsiya uchun 2700 dollargacha ko‘tarilgan. Xitoy, bugungi kunda ham eng yirik ishlab chiqaruvchi va iste’molchi sifatida, o‘z mavqeini yanada mustahkamlashi kutilmoqda.

Geologiya byurosi boshlig‘i o‘rinbosari Lyu Yunszyun ma’lum qilishicha, burg‘ulash va tahlil ishlari hali ham davom etmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, qidiruv hududi yaqinida qo‘shimcha oltin qavatlari ham aniqlangan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyodagi eng katta oltin koni topildi