Xitoy iqtisodiyoti 2025-yilning uchinchi choragida o‘sish sur’atini pasaytirdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, iyul–sentyabr oylarida yalpi ichki mahsulot 4,8 foizga oshdi. Bu o‘tgan yilgi 5,2 foizlik ko‘rsatkichdan past bo‘lib, mamlakatda so‘nggi bir yildagi eng sust o‘sishni ko‘rsatdi.
Mutaxassislar bunga asosan ko‘chmas mulk bozoridagi inqiroz va AQSh bilan kuchaygan savdo keskinligini sabab qilib ko‘rsatmoqda. Xitoy yaqinda nodir yer metallari eksportiga cheklovlar kiritganidan so‘ng, AQSh prezidenti Donald Tramp bunga javoban Xitoy mahsulotlariga 100 foizgacha boj solish bilan tahdid qildi. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi savdo sulhini buzdi.
Shunga qaramay, Xitoyning texnologiya va ishlab chiqarish sohalari iqtisodiy o‘sishni ma’lum darajada ushlab turmoqda. Sentyabr oyida sanoat ishlab chiqarishi 6,5 foizga oshgan, eksport hajmi esa 8,4 foizga ko‘paygan. Eng faol sohalar sifatida elektroavtomobil, 3D-bosma va robototexnika ishlab chiqarish qayd etildi.
Biroq ichki iste’mol sustligicha qolmoqda. Hukumat aholining xarid qobiliyatini oshirish uchun subsidiyalar, chegirmalar va maoshlarni ko‘tarish bo‘yicha chora ko‘rmoqda, ammo bu yetarli bo‘layotgani yo‘q. Ekspertlarning fikricha, qo‘shimcha davlat yordamisiz yil yakunida iqtisodiy o‘sish 4,8 foizdan oshmasligi mumkin.
Ko‘chmas mulk sektori esa Xitoy iqtisodiyotidagi eng zaif bo‘g‘in bo‘lib qolmoqda. Sarmoyalar yil davomida qariyb 14 foizga kamaygan, uy narxlari pasaymoqda va ayrim qurilish loyihalari to‘xtab qolgan. Mutaxassislar bu soha hali uzoq vaqt davomida Xitoy iqtisodiyotining asosiy muammosi bo‘lib qolishini aytmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!