07:55 / 21.12.2018
3 060

Yangi soliq tizimi yengil va adolatli, biznes rivojiga rag‘bat bo‘ladi

Yangi soliq tizimi yengil va adolatli, biznes rivojiga rag‘bat bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 20 dekabr kuni yangi qabul qilingan soliq siyosati konsepsiyasini amaliyotga to‘liq tatbiq qilish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ochiq-oshkora va adolatli soliq tizimi iqtisodiyot rivojining eng muhim asosidir. Lekin yurtimizda hozirgacha amal qilib kelinayotgan soliq ma’muriyatchiligida ko‘plab noaniqliklar borligi biznes, tadbirkorlik, investitsiya sohalari ravnaqiga to‘siq bo‘layotgan edi. Stavkalarning yuqoriligi insofli soliq to‘lovchilarni qiynab kelardi.

Misol uchun, korxona foydasidan qat’i nazar, tovar aylanmasidan 3,2 foiz miqdorida davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratma to‘lab kelingan. Bu soliq yuki korxona daromadining kamida 21 foiziga teng bo‘lib, ularning raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishiga xalal berardi.

Bu kabi muammolarni bartaraf etish, soliq yukini kamaytirish va chinakam bozor iqtisodiyotini rivojlantirish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi ishlab chiqildi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki va boshqa tashkilotlar ekspertlarini jalb qilgan holda, rivojlangan davlatlar tajribasi asosida qabul qilingan ushbu konsepsiyada biznes uchun juda katta imkoniyatlar, xalqaro darajadagi qulay sharoitlar nazarda tutilgan.

Xususan, kelgusi yildan boshlab soliq turlari 19 tadan 15 tagacha qisqarmoqda. Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasi 14 foizdan 12 foizgacha, dividendlar va foizlar ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha foyda solig‘i stavkasi 10 foizdan 5 foizgacha pasaytirildi.

Yana bir muhim jihati, endi soliq stavkalari avvalgiga o‘xshab keskin o‘zgaruvchan bo‘lmaydi. Bu investorlarga uzoq muddatli biznes loyihalarini rejalashtirishda qiyinchilik tug‘dirmaydi.

Yangi soliq konsepsiyasida, yuqorida qayd etilgan, tovar aylanmasidan ajratma to‘lash tartibi ham bekor qilinmoqda. Buning natijasida yirik korxonalar o‘z ixtiyorida 5 trillion so‘mdan ortiq mablag‘larni saqlab qoladi.

Shu kabi yengilliklar tufayli Xalqaro valyuta jamg‘armasi soliq tizimining isloh etilishini O‘zbekistonning eng katta yutuqlaridan biri deb e’tirof etdi.

Bir so‘z bilan aytganda, soliq ma’muriyatchiligida yangi tizim yaratildi. Navbatdagi vazifa uni amaliyotga to‘liq tatbiq qilishdir.

Videoselektor yig‘ilishida bu tizimni oqilona yo‘lga qo‘yish uchun amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab berildi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab, xodimlar sonidan qat’i nazar, tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan sub’ektlar umumbelgilangan soliq to‘loviga o‘tadi.

Shu o‘rinda, nima uchun umumbelgilangan soliq to‘lovchilari sonini ko‘paytirishga qaror qilindi, degan tabiiy savol tug‘iladi.

Chunki yagona soliq to‘lovchi bilan umumbelgilangan soliq to‘lovchilar o‘rtasida soliq yukidagi farq haddan tashqari yuqori bo‘lib, bu kichik biznesning yiriklashuvini rag‘batlantirmaydi. Dunyoga mashhur “Adidas”, “Nayk”, “Indezit”, “Knauf” kabi brendlar o‘z vaqtida kichik oilaviy korxona bo‘lgan va ushbu rag‘bat tufayli yirik kompaniyalarga aylangan.

Shular haqda fikr yuritar ekan, Prezidentimiz “O‘zbekistonda qachon shunday yirik brendlarga ega bo‘lamiz?”, deya savol qo‘ydi.

Umumbelgilangan soliqlarni hisoblash bo‘yicha hududiy soliq organlari xodimlarining malakasi va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, tadbirkorlik sub’ektlari buxgalterlarini bunga tayyorlash kerakligi ta’kidlandi.

Soliq organlari xodimlarini biriktirib, umumbelgilangan soliq to‘loviga o‘tayotgan korxonalarda tushuntirish olib borish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha topshiriq berildi. Yirik aksiyadorlik jamiyatlari va xo‘jalik birlashmalari Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassislari bilan birgalikda o‘z tasarrufidagi korxonalarning mas’ul xodimlari uchun seminar-treninglar o‘tkazishi zarurligi qayd etildi.

– Umumbelgilangan soliq hisoblanishi va yuritilishida eng murakkab to‘lov turi bu qo‘shilgan qiymat solig‘idir, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bu borada yengillik yaratish uchun uni ikki yil mobaynida bosqichma-bosqich joriy etishni rejalashtirganmiz.

Jumladan, tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan 3 milliard so‘mgacha bo‘lgan korxonalar qo‘shilgan qiymat solig‘ini ixtiyoriy ravishda soddalashtirilgan tartibda to‘laydi.

Ya’ni, korxonalar sotib olingan tovarlar bo‘yicha alohida hisob-faktura yuritmaydi va soliqni tovar aylanmasidan kelib chiqib, sohalar kesimida tabaqalashgan holda to‘laydi.

Yig‘ilishda bu ishlarni to‘g‘ri tashkil etish uchun zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, yuridik shaxslarni zarur kompyuter dasturlari bilan ta’minlash, hisobchilarni tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Soliq to‘lovchilar yuzaga keladigan barcha tushunmovchiliklarga javob topishi uchun “Savol va javob” internet sahifasini hamda kechayu kunduz ishlaydigan “Koll sentr”lar faoliyatini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari qo‘shilgan qiymat solig‘ini kichik biznesga ham joriy etish natijasida narx-navo oshib ketishining oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

Mutasaddilarga tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan har bir jarayonda yaratilayotgan qo‘shilgan qiymatga soliqlarni joriy etish orqali narxni to‘g‘ri shakllantirish, uning asossiz ravishda oshib ketmasligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Yangi soliq tizimida norasmiy faoliyatni legalizatsiya qilish bo‘yicha bir qator yangiliklar kiritildi. Jumladan, foyda solig‘i 14 foizdan 12 foizga tushirilib, tadbirkor faqat daromad olsagina to‘lanishi belgilandi. Norasmiy bandlikni kamaytirish maqsadida ish haqidan 30 foizgacha olinadigan daromad solig‘i o‘rniga yagona 12 foizlik soliq turi kiritildi va 8 foizlik sug‘urta badali umuman bekor qilindi. Biznes hamjamiyati uchun og‘ir yuk bo‘lib kelayotgan yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 25 foizdan 12 foizga tushirildi. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalari ham 30 foizga pasaytirildi. Bu imkoniyatlar tadbirkorlarning halol ishlashi, ko‘proq ish o‘rinlari yaratishiga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda soliq yig‘uvchanligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Soliq xodimlari ishi qoniqarli emasligi, joylarda soliq qarzi saqlanib qolayotgani ta’kidlandi.

Tegishli tashkilotlarga soliq tushumini to‘la ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishida qayd etilganidek, soliq ma’murchiligini yuritishda mavjud byurokratik to‘siqlar eksportyorlar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, mahsulotini eksport qilayotgan ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘zlarining qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi qoplab berilishi uchun bir necha oylab ovora bo‘lib, tuman, viloyat va respublika soliq idoralariga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda.

Shu bois Prezidentimiz qo‘shilgan qiymat solig‘ini o‘n kun muddatda qoplab berishni nazarda tutuvchi soddalashtirilgan tartibni joriy qilish zarurligini ta’kidladi.

– Yangi soliq kodeksi soliqqa tortish bo‘yicha barcha tartib, mexanizm va uslublarni to‘liq qamrab olishi, hamma uchun tushunarli bo‘lishi kerak. Bu ishlar adolatli va rag‘batlantiruvchi soliq tizimini yaratish bo‘yicha qo‘ygan birinchi qadamlarimizdir, – dedi davlatimiz rahbari.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi rahbarlarning axborotlari eshitildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Iqtisodiyot » Yangi soliq tizimi yengil va adolatli, biznes rivojiga rag‘bat bo‘ladi
[/banner_pushhouse