O‘zbekiston Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi uzoq muhokama qilingandan so‘ng oxir-oqibatda davlat rahbarining Farmoni bilan qabul qilingan edi. Har qanday muhim yo‘nalishlardagi islohotlar Qaror qabul qilingunga qadar muhokama qilinadi. Qaror qabul qilingandan keyin esa u faqat qat’iy ijro etilishi ijro intizomining eng muhim tamoilidir. Shundan kelib chiqib, 2019 yilgi soliq-byudjet siyosati qabul qilingan farmon asosida ishlab chiqildi.
Hozirda soliq islohotlari yana davom etib, qo‘shilgan qiymat solig‘ining «uzluksiz zanjiri» joriy qilinishiga e’tibor qaratilmoqda. Lekin, uluksiz zanjirga erishish o‘ta murakkabligini barcha mutaxassislar yaxshi bilishadi.
Soliq islohotlari konsepsiyasini muhokama qilish jarayonida ekspertlar hamjamiyati xufiyona iqtisodiyotning ulushi nihoyatda yuqoriligiga e’tibor qaratdilar. Ko‘pgina ekspertlar soliq yukini pasaytirish orqali iqtisodiyotni legallashtirish mumkin degan fikr bildiradi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning soliq yuki boshqa mamlakatlarnikidan yuqori emasligi ham turli manbalarda e’tirof etilmoqda. Agar jahonda soliqlarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi o‘rtacha 30 foiz bo‘lsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 20 foizni tashkil etadi. (2019 yilga —24 foiz rejalashtirilgan) Ijtimoiy to‘lovlarni hisobga olganda bu ko‘rsatkich 34—38 foiz atrofida. Sanoati rivojlangan va ijtimoiy yo‘naltirilgan mamlakatlarda u o‘rtacha 40 foizni tashkil etadi. Olmoniya va Farangiston, va Skandinav davlatlarida 50 foizdan yuqoriroq. Ya’ni O‘zbekistonda soliq yuki yuqori emas. Qo‘shilgan qiymat solig‘ining «uzluksiz zanjiri» joriy qilinsa yana bir necha foizga oshishi mumkin.
Bizda soliq yuki boshqa davlatlarnikiga nisbatan yuqori emasligi hammaga yaxshi ma’lum. Aslida bizning sharoitda gap, soliq yukini pasaytirsh haqida emas, balki soliqlar tarkibini o‘zgartirish haqida, ketishi kerak.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tish haqida gapirar ekanmiz, biz vertikal iqtisodiy munosabatlarni — ularning gorizontal turiga utkazishni hal etishimiz darkor. Tepadan pastga topshiriqlar va pastdan tepaga hisobotlar emas, balki xo‘jaliklar aro o‘zaro munosabatlar rivoj topishi kerak. Bu sharoitlarda iqtisodiyotni boshqarish san’ati iqtisodiyot sub’ektlari o‘rtasidagi barcha to‘siqlarni bartaraf etishdan iborat va bu munosabatlarni pullik hisob kitoblar bilan tartibga solish lozim (ma’muriy munosabatlar o‘rniga). Bu jarayon xo‘jalik munosabatlar «tannarxini» (transaksion xarajatlarni) pasaytirilishi va iqtisodiyotning raqobatbardoshligining oshishi bilan davom etadi.
Qo‘shilgan qiymat soligi esa (QQS) xo‘jalik munosabatlarning orasida turadigan juda jiddiy to‘siqdir. Agar undan qutila olmasak (shubhali reytinglarga ko‘ra soliq yuki bo‘yicha 60 o‘rinda tursak ham) iqtisodiy taraqqiyotga erisha olmaymiz.
Agar davlat byudjeti ijtimoiy yo‘nalganligi hisobga olinsa, bizning sharoitda soliq islohotlari soliq yukini pasaytirishga emas, balki qo‘llanilayotgan soliqlarning tarkibiy o‘zgartirishga qaratilgan bo‘lishi lozim.
Avvalambor olib borilayotgan soliq islohotlarining asl maqsadini belgilab olish zarur: islohotlar azbaroyi «soliq inqilobi» va nima bo‘lganda ham byudjetni to‘ldirish uchun o‘tkazilyaptimi? Yoki islohotlar ishlab chiqarish hajmlarini oshirishni rag‘batlantirish, mehnat unumdorligini ko‘tarish, innovatsion iqtisodiyotga o‘tish, ilmiy-ishlab chiqarish klasterlarini shakllantirish, raqobatdoshlikni oshirish uchunmi?
Soliq islohotlari faqat ikkinchi guruh masalalarni hal etishga safarbar etilgan bo‘lsagina – iqtisodiyot legallashuvdan manfaat topadi. Bu borada «Birinchi navbatda xalqning manfaatlarini hisobga olish lozim bo‘ladi», — deb ta’kidladi Prezident o‘zining videoselektor yig‘ilishidagi chiqishida.
Bu o‘rinda, aftidan, byudjetga tushumlarning kamayishi va ko‘payishini emas, balki byudjet xarajatlari natijadorligini oshirilishini muhokama qilish to‘g‘riroq bo‘lardi.
Soliq ma’murchiligini kuchaytirish, uni qat’iylashtirish orqali — xufiyona sektorning legallashuviga erishish mumkin. Lekin agar bu «kuchaytirish» — monetar siyosatni takomillashtirmay, tadbirkorlikni yanada liberallashtirmay, malakali mehnatni rag‘batlantirmay turib amalga oshirilsa — soliq ma’muriyatchiligini kuchaytirishga ketadigan xarajatlar soliq yukini orttirsa orttiradiki, pasaytirmaydi. Va iqtisodiyotni bunday «legallashtirish» iqtisodiy o‘sishga olib kelmaydi. Chunki, soliq to‘lash bilan bog‘liq yukdan tashqari, ma’muriy soliq yukining nomaqbul o‘sishga olib keladi.
Aslida, soliq ma’muriyatchiligini yaxshilash bo‘yicha choralar, — qo‘llanilayotgan soliqlarni va butun xo‘jalik mexanizmini muhim tarzda qayta tarkiblashga, — qo‘shimcha sifatda amalga oshirilishi lozim.
Masalan, nafaqat olingan foyda, balki ba’zida sarflangan resurslar ham soliqqa tortiladigan «oborotdan», ya’ni tushumdan soliq — shak-shubhasiz tadbirkorlarni «panaga o‘tish»ga majbur qiladi. Shuning uchun Konsepsiyada bu soliqdan voz kechishga qat’iy qaror qilindi. Amalda-chi?..
Ishlab chiqarishni keskin o‘sishdan ushlab turgan, iqtisodiyotni «panaga o‘tish»ga majbur qilayotgan soliqlar yana qaysi? Bu ishlab chiqarishning yakuniy emas, balki oraliq natijalariga solinadigan soliqlardir. Ana shunday soliqlarning asosiysi qo‘shilgan qiymat solig‘idir (QQS). Rasmiy olib qaraganda uni oxirgi iste’molchi to‘laydi. Lekin QQS xo‘jalik sub’ektlarning har bir shartomalarida qatnashadi, va barcha o‘zaro xo‘jalik aloqalariga ponadek suqilib kiradi.
Zamonaviy, eng yuqori texnologik korxonalar yagona zanjir bilan bog‘langan 200—250 tagacha alohida xo‘jalik aloqalarni o‘z ichiga ola biladi. Ishlab chiqarishning butun zanjiri bo‘ylab ko‘proq qo‘shilgan qiymatni ta’minlovchi tarmoqlar va hududiy klasterlarga birlashgan ko‘plab korxonalarning chuqur ixtisoslashuvi va kooperatsiyasini talab etadi. QQS esa klaster iqtisodiyotining shakllanishiga to‘sqinlik qiladi. Va shuningdek qo‘shilgan qiymat solig‘ining «uzluksiz zanjiri»ni zamonaviy-ilg‘or industrial iqtisodiyotda joriy qilish o‘ta murakkab jarayon.
Bundan tashqari, qo‘shilgan qiymatning tarkibiga amaldagi qoidalarga ko‘ra ish haqi va foyda ham taalluqlidir. Ya’ni QQS — bu yagona ijtimoiy to‘lovlar, daromad va ish haqiga qo‘shimcha ravishda qo‘llaniladigan soliq turi.
Fan va texnika yutuqlarini joriy etish, innovatsion iqtisodiyotga qadam qo‘yishga doir barcha sa’y-harakatlarimiz — yangi qo‘shilgan qiymatni yaratishni ko‘paytirishga yo‘naltirilgan. QQS esa aynan innovatsion iqtisodiyotning oyog‘iga bolta uradigan soliq. Mahalliy mahsulot ishlab chiqaruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilar manfaatlari ko‘zlansa undan butkul voz kechgan afzalroq. Bu birgina O‘zbekistonning emas, MDHning ko‘plab davlatlarining ham muammosidir.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tishni maqsad qilgan davlatlar bozor iqtisodiyoti tamoillariga rioya qilishlari lozim. Bu degani iqtisodiyotdagi ma’muriy iqtisodiyotga xos vertikal aloqarni susaytirib gorizontal aloqalarga o‘tishi kerak. Ushbu o‘zaro aloqalarga to‘siqlik qiladigan barcha omillar bartarf qilinishi kerak. Jumladan QQS ham.
Mamlakatimiz byudjet tushumlarining taxminan 35 foizi QQS hisobidan shakllanadi. Agar u bekor qilinsa — bu yo‘qotish boshqa soliqlar hisobidan qoplanishi lozim bo‘ladi. Masalan, foyda solig‘idan voz kechish yoki uni pasaytirish emas, aksincha, uni QQS bekor qilinishidan ko‘riladigan yo‘qotishlarni qoplaydigan darajagacha ko‘tarish maqsadga muvofiq. Xalqaro amaliyotda ko‘plab davlatlarda shunday yo‘l tutiladi.
Ya’ni ko‘plab davlatlarda, qo‘shilgan qiymat solig‘i o‘rniga 30—35 foizgacha foyda solig‘i qo‘llaniladi. Bunday soliq qo‘llanilishi yalpi ichki mahsulotni davlat byudjeti orqali qayta taqsimlash ulushini kamaytirmaydi. Lekin xo‘jalik sub’ektlar orasidani munosabatlaga bu soliq salbiy ta’sir o‘tkazmaydi. Foyda — xo‘jalik faoliyatining oraliq emas, oxirgi natijasi hisoblanadi. Foyda solig‘ini solish xo‘jaliklararo aloqalarning shakllanishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Shu bilan birga, QQS o‘rniga chakana savdodan olinadigan soliq taklif qilinsa bo‘lardi. Rivojlangan mamlakatlarda shu amaliyot mavjud — 3—7% chakana savdo solig‘i olinadi. Bu haqiqiy oxirgi iste’molchilar to‘laydigan soliqdir. Ko‘plab mamlakatlarda mahalliy byudjetlarni aynan shu soliq to‘ldiradi. To‘g‘ri, bu soliq bilan bog‘liq ma’muriyatchilik QQSnikiga qaraganda murakkabroq, lekin QQS kabi iqtisodiy rivojlanishni izdan chiqaradigan soliq emas.
Qolaversa, mol-mulk solig‘ini qisqartirish emas, balki soliq solishni samaraliroq yo‘lga qo‘yish orqali mol-mulkdan unumli foydalanishni rag‘batlantirish kerak bo‘ladi. Ishlab chiqarish asbob-uskunasining amortizatsiyasi davrida mo‘’tadil soliq solishni qo‘llab, amortizatsiya muddati tugagandan keyin — progressiv soliq solishni qo‘llash kerak. Bu yanada ilg‘or, unumdor ishlab chiqarish asbob-uskunalarini muntazam yangilab borishni rag‘batlantirishini ta’minlaydi.
Yer solig‘ini qisqartirish emas, aksincha, o‘z yer xo‘jaliklaridan to‘liq foydalanmaydigan yoki yerning samaradorligi pasayishiga yo‘l qo‘ygan fermer xo‘jaliklariga yer solig‘ini yuqori stavkada belgilash kerak. Yerlarning unumdorligi muntazam oshirib borishi lozim — bu umumiy qonun. Bunda fermerlar tanlashi kerak bo‘ladi. Ular uchun yerning unumdorligi pasaygani va irrigatsiya tizimlari ishdan chiqqaniga katta soliqlarni to‘lashidan ko‘ra, — yuqori hosillardan foyda solig‘ini to‘lagalari manfaatliroq bo‘lishi kerak.
Bunday yondashuv soliq siyosatini tarkibiy o‘zgartirishga imkon beradi, mehnat taqsimotini chuqurlashtirgan, ixtisoslashuv—kooperatsiyani rivojlantirgan, tarmoqlararo klasterlarni shakllantirgan holda uni innovatsion iqtisodiyotga qayta yo‘naltiradi. Bunday yondashuv yuqori ish haqini saqlab qolgan tarzda, ishlab chiqarish tarmoqlarining yangi qiymat yaratishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Eng muhimi, «legallashtirish» muammosiga yagona iqtisodiy tizim pozitsiyasidan kelib chiqib yondashilsa, soliq islohoti muvaffaqiyatli kechishi muqarrar.
Yuqorida keltirilgan soliq siyosatidagi o‘zgarishlar va soliq isloxotlari quyidagilar bilan barovar amalga oshirishishi kerak:
1. Yuqori darajadagi mas’uliyatli xodimlarga va yuqori malakaga yaxshigina haq to‘lash bo‘yicha mehnatni rag‘batlantirishni isloh etish. Busiz na «iqtisodiyotni legallashtirish», na korrupsiyaga qarshi xatti-harakatlar kutilgan natijani bermaydi;
2. Milliy valyutani kuchsizlantirmagan holda iqtisodiyotni pul massasi bilan yetarlicha ta’minlashga va shu jumlada ichki jamag‘arish tizimini rivojlantirishga qaratilgan monetar siyosatni takomillashtirish lozim;
3. Natijadorlikka qaratilgan byudjetlashtirish tizimini ishlab chiqqan va joriy etgan holda Davlat byudjeti xarajatlaridan yuqori samarani ta’minlash;
4. Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish.
Masalaga aynan atroflicha yondashilganda iqtisodiyotni har tomonlama legallashtirish va keng qamrovda taraqqiy ettirish mumkin bo‘ladi.
Miryoqub Haydarov, iqtisodchi
Manba: Daryo.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»