
Foto: Illustrativ curat
Turkiston mintaqasi okean va dengizlar bilan o‘rab olinmagan. Suv yo‘llaridan chetda. Shu tufayli flot tuzish dolzarb masala sifatida hech qachon kun tartibiga qo‘yilmagan. Hatto hozirgi 28 mamlakat hududini o‘z poytaxti – Samarqand atrofida birlashtirgan Sohibqiron Amir Temur ham flotga ega bo‘lmagan. U turk sultoni Boyazid Yildirimga qarshi qo‘shin tortar ekan, zarurat tug‘ilganida Vizantiya, Genuya, Venetsiya (Italiya) flotidan foydalanishni rejalashtirgan.
Bilasiz, Turkiston mintaqasidan ikki azim daryo - Amudaryo va Sirdaryo oqib o‘tadi va suvini Orol dengiziga quyadi. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, 1852 yilda mintaqada, ya’ni rus bosqini arafasida Perovskiy nomli bitta paraxod bilan Orol floti ish boshlagan. Bu flot 1883 yilgacha faoliyat yuritgan. Flot tuzishdan savdo-sotiqni yo‘lga qo‘yish, yo‘lovchi tashish va asosan harbiy maqsadlar ko‘zlangan, albatta.
1883 yildan Orol flotiliyasi Amudaryo flotiyasiga aylantirilgan. Shuningdek, Sirdaryo flotiliyasi ham tashkil etilgan. Flot kemalari Chorjo‘y-Petro-Aleksandrovich, Chorjo‘y-Kerki, Chorjo‘y-Kelif-Termiz yo‘nalishlari bo‘ylab suzgan.Amudaryo flotiliyasida «Sar» «Saritsa», «Angalt», «Samarqand», «Perovskiy», «Aral», «Sir-Darya», Toshkent paroxodlari, «Moskva», «Peterburg» nomlari bilan 10-13 ta barja (dvigatelli qayiq), 2 ta bug‘li katerni ko‘rish mumkin edi.
1894 yilda Turkistonda flotiliyaning maxsus nizomi qabul qilingan, 1896 yilga kelib flotiliyada paroxod, barja, katerlar soni 22 taga yetgan, ularda 24 nafar zobit, 548 nafar matros xizmat qilgan. XX asr boshlarida flot orqali har yili 530.00 pud yuk, 17.000 yo‘lovchi tashilgan.
Amir tartibi ag‘darilgan 1920 yilning sentyabridan so‘ng Amudaryo floti amalda faoliyatini to‘xtatgan. Biroq Chorjo‘y, Karki, Termiz hududlari BXSR (Buxoro xalq sovet respublikasi) tarkibidagi viloyatlar edi. BXSR hukumati shu tufayli Amudaryo flotini qayta tiklash, flot orqali yuklar va yo‘lovchilarni manzilga yetkazishini yo‘lga qo‘yish maqsadida tegishli chora-tadbirlar ko‘rgan. Buning uchun bug‘ dvigateli bilan ishlaydigan 70, 40, 35, 20 ot kuchiga ega paroxodlarni, 10-12 ot kuchiga ega barjalarni ta’mirlash, yangilarini xarid qilish niyatida O‘rta Osiyo «Dobroflot» (flot ko‘ngillilari) uyushmasining Buxoro bo‘limi tashkil etilgan. Bu bo‘limni boshqargan BXSR hukumati a’zolari A. Muhiddinov, Otaulla Xo‘jayevlar eski Buxoroga 1922 yil oktabrida tashrif buyurgan RSFS «Dobroflot» rahbari A.Shnayder bilan muzokaralar olib borib, oltin barobarida zamonaviy paraxodlar sotib olish masalasini kun tartibiga qo‘yganlar.
Buxoro, Chorjo‘y, Qarshi shaharlarida «Dobroflot» transport agentligi idorasi tuzilib, uning tarkibiga 4 nafar kishi (rais, rais o‘rinbosari, bo‘lim boshlig‘i, ekspeditor) kiritilgan. Ularga bir oyda jami 1100-1300 tanga miqdorida maosh belgilangan.
«Dobroflot» Buxoro bo‘limi tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan Chorjo‘y shahri portidan «Toshkent», «Chorjo‘y» nomli paroxodlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi va Amudaryo-Shovot kanali yo‘nalishida Chorjo‘ydan Xorazmga har yili o‘rtacha 3000 pud miqdorida yuk tashila boshlandi.
Biroq dvigatel yoqilg‘isi tanqisligi, paroxod va barjalar narxining balandligi, keyinchalik BXSR tugatilib yuborilishi kabi omillar tufayli muntazam flot qatnovini yo‘lga qo‘yish imkoni bo‘lmadi.
Ta’kidlash joizki, BXSR hukumati va markaziy ijroiya qo‘mita respublikaning so‘nggi yilida ham muntazam flot qatnovini yo‘lga qo‘yish harakatini qildi. 1924 yilning 19 mayida Amudaryo bo‘ylab paroxod va qayiqlar qatnovini ta’minlash uchun hukumat byujetidan 150 ming rubl mablag‘ ajratilgandi. O‘zbekiston Milliy arxivi, R-53-fond, 1-ro‘yxat, 52-yig‘ma jild, 39-varag‘ida shu haqida so‘z boradi. Biroq 1924 yilning kuzida O‘rta Osiyoda o‘tkazilgan milliy hududiy chegaralanish tufayli BXSRning bu boradagi reja va vazifalari qog‘ozda qolib ketdi.
Shodmon HAYITOV,
Buxoro davlat universiteti Jahon tarixi kafedrasi professori,
tarix fanlari doktori.
Buxoro davlat universiteti Jahon tarixi kafedrasi professori,
tarix fanlari doktori.
Manba: xs.uz
Turkiston MintaqasiOrol FlotiAmudaryo FlotiSirdaryo FlotiliyasiFlot TuzishBuxoro Transport O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar