17:27 / 05.07.2023
101

Bugun Xalqaro ishparastlar kuni

Bugun Xalqaro ishparastlar kuni

«Trudogolik» so‘zi og‘zaki so‘zlashuvimizga kirib kelganiga ancha bo‘ldi. Choyxona, gap, sayr-sayohat va turli oilaviy yig‘inlarga ham bormay, ishdan boshini ko‘tarmaydigan tanishlarni hazillashib «trudogolik» deymiz. O‘zbekchada buni «ishparast» deyish mumkin.

Har yil 5 iyul Xalqaro ishparastlar kuni (Workaholics Day) sifatida nishonlanadi. Bu sana uy-oila, do‘stlar va ish o‘rtasida yaxshi muvozanatni topish zarurligini eslatish uchun mo‘ljallangan.

Bir qarashda bugungi jamiyatimizda ishparast xodimlar deyarli yo‘qdek ko‘rinishi mumkin. Lekin kasallikning barcha elementlarini o‘rganib chiqsak, atrofimizda ancha-muncha ishparastlar borligini ko‘ramiz. Avvalo shuni eslatish kerakki, «ishparast» atamasi har doim ham o‘z sohasining ustasi bo‘lgan samarali xodimga nisbatan ishlatilmaydi.

To‘g‘ri, ishparastlar ishni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Buning uchun oila, do‘stlar va hatto sog‘lig‘idan ham uzoqlashadi. Natijada bu ishparast hayotining ko‘plab tomonlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi: notinch oila, do‘st-birodarlardan uzoqlashish, sog‘liqdagi muammolar ish samaradorligini yaxshigina pasaytiradi.

Stressli vaziyatlardan chiqib olish uchun ishga sho‘ng‘ish qisqa muddatda yordam berishi mumkin. Ammo buning uzoq va davomli bo‘lishi ishparastlikka aylanishi mumkin. «Xabar.uz» sana munosabati bilan o‘zingiz yoki yaqinlaringizdagi mehnatsevarlik va ishga qaramlikni qanday farqlash, bu nima uchun xavfli ekani va ishparastlarga qanday yordam berish haqida foydali ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashadi.

Tibbiyotda «ishparast» degan tashxis yo‘q, ammo…

Ammo o‘zingizning holatingizni tahlil qilib, ish bilan bog‘liq muammolaringiz borligini anglashingiz mumkin. Ishparastlik atamasi birinchi marta 1971 yilda amerikalik psixolog Ueyn Outs tomonidan ishlatilgan. U ishparastlikni «O‘zini doimiy ishlashga majburlash yoki nazorat qilib bo‘lmaydigan darajada ishga qaramlik» deb ta’riflagan.

Shundan buyon tadqiqotchilar ishparastlik nima ekanligi haqida bahslashmoqda. Amerika Psixologlar Assotsiatsiyasi (APA) saytida ishparastlik haddan tashqari ko‘p ishlashga bo‘lgan ehtiyoj va ishlashga qaramlik sifatida ta’riflanadi. 

«Ishga mukkasidan ketish ko‘pincha stress, muloqotdagi qiyinchiliklar va sog‘liqdagi muammolar manbai bo‘ladi», deyiladi tashkilot saytida.

Tibbiyotda ishparastlik degan tashxis yo‘q, bu ijtimoiy-psixologik hodisa. Kasalliklarning xalqaro tasnifi ro‘yxatida ham ishlashga qaramlik yo‘q.

Ammo ushbu ro‘yxatda ishparastlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan sindromlar mavjud.

Ishga qaramlik belgilari:

  • ichki bosim tufayli ishlashga majbur ekanligingizni his qilish;
  • ishdan tashqari vaqtlarda ham doimiy ish haqida o‘ylash;
  • ko‘proq pul topish, tezroq karera qilish maqsadisiz belgilanganidan ortiqcha ishlash;
  • berilgan topshiriqni oson va samarali bajarish yo‘llarini izlamay, uni aytilganidek qilish;
  • eng asosiy belgi esa – ishparast ishini boshqarmaydi. Uni ish boshqaradi. Ishparast xodim ish hajmini nazorat qila olmaydi va ish uning butun hayotini o‘ziga bo‘ysundira boshlaydi;
  • bundan tashqari, ishparastlar o‘zini faqat xodim sifatida qabul qiladi. Agar siz ular bilan suhbatlashsangiz, mavzu faqat va faqat ish haqida bo‘ladi.

Ishparastlik va mehnatsevarlikning katta farqi bor

Lekin shunga qaramay, bu ikki tushunchani ko‘pincha aralashtirib yuboramiz. Chunki ishparast va mehnatsevar xodimlarning xatti-harakatlarida o‘xshashliklar ko‘p. Masalan, har ikkisi ham boshqalarga qaraganda ko‘proq ishlaydi.

Ammo shu bilan birga, ular orasidagi asosiy va hal qiluvchi farq ham bor: mehnatsevar uchun ishlash yoqimli jarayon, yaxshi natija unga zavq beradi. Bir muhim vazifani mukammal bajargach, o‘ziga dam berishni biladi. Ishparast esa qoida tariqasida, «kerak» deb hisoblagani uchun ishlaydi. Uning doimiy ishlash istagi o‘z sohasida ko‘tarilish, ko‘proq pul topish bilan bog‘liq emas. Mehnatsevar ko‘p va yaxshi ishlagani uchun ko‘tarinki kayfiyatda, o‘ziga ishonch bilan yursa, ishparast xodimni esa doimiy aybdorlik hissi, ruhiy tushkunlik va charchoq qiynaydi. Eng yomon tomoni – salbiy emotsiyalar jamoaga ham, oila va do‘stlar davrasiga ham yomon ta’sirini o‘tkazadi.

Ishparastlik tug‘ma nuqson emas, undan qutulish mumkin

To‘g‘ri, shifokor laboratoriya tahlillarini o‘tkazib, Sizga  «ishparast» degan tashxis qo‘ymasligi aniq. Ishparastlikni davolovchi dorilar ham mavjud emas. Lekin o‘z ruhiy holatini tahlil qilib, bu muammodan qutilish mumkin.

Shunday qilib, Siz o‘zingizda ishparastlikning barcha belgilarini ko‘ryapsiz va bu narsa shaxsiy hayotingizga ham ta’sir qilyaptimi? Quyidagilarni bajarib ko‘ring:

  • mehnat ta’tili oling;
  • ta’tilda ishdan uzilib, rostdan ham dam oling. Yaxshi dam mehnatga hamdam deb, ota-bobolarimiz bekorga aytmagan, zamonaviy psixologlar ham buni tasdiqlagan;
  • dam olish kunlarini oila va do‘stlar bilan o‘tkazishga harakat qiling;
  • ish vaqti tugagach, diqqatingizni boshqa narsalarga qarating, masalan, biror sevimli mashg‘ulot, oilaviy sayr, kino yoki kitob…
  • berilgan topshiriqlarni ish vaqtida bajarishga odatlaning;
  • bir kunda 3-4 ta vazifani emas, bitta topshiriqni mukammal uddalash va natijasidan rohatlanishni o‘rganing;
  • ishni tahlil qilib bajarishga odatlaning, masalan, tez va samarali yo‘lni izlash, yaxshiroq natijaga intilish kabi;
  • biror topshiriqni mukammal uddalagach, o‘zingizni rag‘batlantirishni ham unutmang.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bugun Xalqaro ishparastlar kuni
ePN