Namangan viloyati chorvachiligini rivojlantirish maqsadida Mo‘g‘ulistondan 730 bosh “Bayat” naslli qo‘ylar olib kelindi. Ushbu zot yog‘li qo‘ylar turiga mansub bo‘lib, qattiq iqlim sharoitiga yuqori darajada moslashganligi bilan ajralib turadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Bayat” zotining urg‘ochi qo‘ylari 35–40 kilogramm, qo‘chqorlari esa 45–50 kilogrammgacha tirik vaznga yetadi. Bu qo‘ylar yuqori go‘sht va yog‘ mahsuldorligi bilan iqtisodiy jihatdan samarali hisoblanadi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ularning genetik xossa va mahsuldorligi mahalliy chorvachilik uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
Dastlabki partiyada keltirilgan 730 bosh qo‘y Namangan viloyati Uychi tumanidagi “Axsi chorva” MCHJga joylashtirildi. Keyingi bosqichlarda ularning iqlimga moslashishi, parvarishi va ko‘paytirish imkoniyatlari sinchkovlik bilan o‘rganiladi.
Umumiy loyiha doirasida Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh naslli qo‘y olib kelish rejalashtirilgan. Mutaxassislar bu tashabbusni chorvachilik sohasida yangi bosqich va import-iqlimiy innovatsiya sifatida baholamoqda. Loyiha amalga oshsa, mahalliy bozorda sifatli go‘sht va yog‘ mahsulotlari ko‘payishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!