Malika Ravshanovaning “Kutaman” AI klipi narxi ma’lum bo‘ldi

Malika Ravshanovaning sun'iy intellekt yordamida tayyorlangan "Kutaman" nomli qo'shig'i klipi 5 ming dollar mablag' evaziga 3 haftada yaratildi. An'anaviy usulda suratga olinganida esa bu loyiha uchun kamida 1 yil vaqt va taxminan 50 ming dollar mablag' talab qilinishi mumkin edi. Klipni sun'iy intellekt asosida tayyorlash g'oyasi xonandaning o'g'lidan chiqqan. Xonanda ijodda tabiiylik muhimligini ta'kidlab, ovozni sun'iy ravishda o'zgartirishga qarshi ekanini bildirdi.
Malika Ravshanovaning sun’iy intellekt yordamida yaratilgan “Kutaman” nomli qo‘shig‘i klipi atrofida qiziqarli tafsilotlar ma’lum bo‘ldi.
Ma’lum bo'lishicha, mazkur klip 5 ming dollar mablag‘ evaziga tayyorlangan bo‘lib, uni yaratish uchun 3 hafta vaqt sarflangan. Taqqoslash uchun, agar ushbu loyiha an’anaviy usulda suratga olinganida, kamida 1 yil vaqt talab qilinishi va taxminan 50 ming dollar mablag‘ ketishi mumkin edi. Bunga sabab — klipda to‘rt fasl manzaralari mujassam etilgani bilan izohlanadi.
Xonanda avvalgi intervyularidan birida sun’iy intellektdan foydalanishga qarshi emasligini, aksincha, bu texnologiya ijodkorlar uchun katta yordamchi ekanini ta’kidlagan. Uning aytishicha, ayniqsa, endigina ona bo‘lgan san’atkorlar uchun bunday imkoniyatlar juda qulaylik yaratadi.
Qiziqarli jihati shundaki, “Kutaman” klipini sun’iy intellekt asosida yaratish g‘oyasi xonandaning o‘g‘lidan chiqqan. Shu orqali loyiha yanada zamonaviy ruhda amalga oshirilgan.
Biroq xonanda sun’iy intellekt orqali ovozni sun’iy ravishda o‘zgartirishga qarshi ekanini ham ochiq bildirgan. Unga ko‘ra, ijodda tabiiylik muhim bo‘lib qoladi. Shu bilan birga, klip uchun g‘oya va vizual yechimlar olishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidlagan.






























Izohlar 0
…