Buxoroda zilzila qayd etildi: ayrim hududlarda sezildi

Bugun, 21 may kuni soat 12:29 da Buxoro viloyatining Jondor tumani hududida zilzila sodir bo‘ldi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yer silkinishining epitsentri Toshkent shahridan qariyb 525 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan. Zilzila magnitudasi 3,4 ballni, o‘chog‘ining chuqurligi esa 10 kilometrni tashkil qilgan.
Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi xabariga ko‘ra, zilzila O‘zbekiston hududida asosan Gazli shahrida 2 ball kuch bilan sezilgan. Epitsentr aynan ushbu hududdan 31 kilometr uzoqlikda joylashgani aytilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday kuchdagi zilzilalar odatda jiddiy talafot keltirib chiqarmaydi. Ayni paytda mamlakatning boshqa hududlarida yer qimirlashi qayd etilmagan.
Hodisa yuzasidan favqulodda holatlar haqida ma’lumotlar kelib tushmagan. Tegishli xizmatlar vaziyatni kuzatishda davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!