71 yoshda rekord: haydovchilik imtihonni mutlaq xatosiz topshirdi

Hayratlanarli voqea haydovchilik imtihon markazlaridan birida qayd etildi. 71 yoshli fuqaro M.M haydovchilik guvohnomasini olish uchun topshirgan nazariy imtihonni mutlaqo xatosiz yakunlab, barchaning e’tiborini tortdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u imtihondagi 50 ta savolning barchasiga to‘g‘ri javob berib, maksimal natijani qo‘lga kiritgan. Bu ko‘rsatkich hatto tajribali instruktorlar va imtihon nazoratchilarini ham hayratda qoldirgan.
Aytilishicha, ushbu fuqaro imtihonga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan, yo‘l harakati qoidalarini puxta o‘rganib chiqqan. Uning intilishi va qat’iyati yosh qat’iy cheklov emasligini yana bir bor isbotladi.
Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda ham iliq munosabatlarga sabab bo‘lib, ko‘plab foydalanuvchilar uni motivatsiya manbai sifatida baholamoqda. Ko‘pchilik “o‘rganish uchun hech qachon kech emas” degan fikrni qo‘llab-quvvatlab, ushbu voqeani ijobiy misol sifatida keltirmoqda.
