Laylo juda yaxshi qiz, aqlli, odobli, uy-ro‘zg‘orda uquvli. U tengilarning barchasi allaqachon turmushga chiqib, ona bo‘lishgan, farzandlari maktabda o‘qiyotganlari ham bor. Dugonalari orasida ajrashishga ulgurganlari-yu turmushidan nolib yurganlari ham topiladi. Afsuski, yoshi o‘ttizga qarab ketayotgan Laylo hozirgacha turmushga chiqmagan. To‘g‘rirog‘i, bir necha yildirki, ularnikidan sovchilarning oyog‘i tiyilgan.
Kuzatuvlarimiz va savol-javoblardan anglaganimiz shuki, keyingi paytda aksariyat oilalar dunyoqarashi keng bo‘lishini o‘ylabmi yoki oladigan katta maoshi evaziga ro‘zg‘orni butlashini ko‘zlabmi, harholda, oliy ma’lumotli, kasbi-korli, ish joyi, maoshi tayin qizlarga sovchi bo‘lishayapti. Layloga o‘xshaganlarning esa hadeganda baxti ochilishi qiyin.
Bolalikdan shifokorlikka havasvand Layloga tibbiyot oliygohida o‘qish uchun orzuning o‘zi kamlik qildi, bilimi pand berib, uch yillik urinishlari behuda ketdi. Shu davr ichida ra’yiga qarab oilasidagilar bir necha joylardan kelgan sovchilarni qaytarishgach, o‘zidan-o‘zi xonadonlaridan ularning oyog‘i tiyilib, tengi bo‘lgan yigitlarning aksariyati uylanib ketdi. Oliygohda o‘qish umididan qaytib, taqdirga tan bergan Laylo anchadan beri xususiy korxonada tikuvchi bo‘lib ishlaydi. Odob-axloqiyu, tarbiyasi va chiroyi joyida. Afsuski, hamon baxti ochilmayapti. Layloni yaxshi qiz deb bilganlar uni “qariqiz” bo‘lib “o‘tirib qolgan”iga, umri o‘tayotganiga achinishadi.
Xuddi mana shuning uchun ham mahallada uni o‘ziga to‘q oilaning farzandiga so‘rab kelishgani haqidagi shov-shuvni eshitib ko‘pchilik «o‘tirgan qiz o‘rnini toparkan-da”, “Baxtini bersin”lab sevinishayotgan bir paytda aslida sovchilar Layloni emas, balki kelinoyisini so‘rab kelishganini bilishgach, “Voy tavba”, “Nahotki?!”, “Shunaqasi ham bo‘larkan-da?!” deya yoqa ushlashdi.
Gap shundaki, Layloning kelinoyisi “o‘ta zamonaviy” xonadonning qizi edi. Unga sevib uylangan akasi va’dasida turib to‘ydan so‘ng xotinining o‘zi istagandek kiyinishiga umuman qarshilik qilmadi. Oiladagilar avvaliga Zilolaning urf-odatlarimizga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘rinishdagi kiyim-kechakda yurishini qabul qilisholmadi. Lekin yoshlarning turmushi buzilmasin, bolali bo‘lgach, shundoq ham urf-odatlarimizga zid kiyinishni ep bilmay qoladi, degan fikrda uni ortiq tergamaslikka qaror qilishdi. Baxtga qarshi, Zilola ikki bolaning onasi bo‘lganda ham o‘zi “moda” deb bilgan tarzda kiyinishni, me’yoridan ortiq pardoz-andozini kanda qilmadi. Tarki odat amri mahol, deganlaridek, ishxonaga turli ranglarga bo‘yalib, turfa xil qilib turmaklangan sochlarini ko‘z-ko‘z qilgancha yalangbosh, tor-tanqis shim va kofta, yoki kalta yubkalarda borardi. Qizlarnikiday kelishgan qaddi-qomatiyu, chiroyi qancha-qanchalarning havasi-yu hasadini keltirmasdi deysiz.
Uni bir ko‘rishda sevib qolgan notanish yigit esa ortidan kuzatib yurib, yashash joyini bilib olgach, oilali ayolligini xayoliga ham keltirmay uyiga odam yuborgan. Sovchilar mahallaga kelib, shu xonadonda yaxshigina qiz borligini aytib surishtirishgan. Layloning baxti ochilibdi, deb o‘ylagan qo‘shnilar esa og‘zilardan bol tomib, qiz va oilasiga yaxshi baho berishgan.
Haqiqat oydinlashgach, yigit Layloga emas, balki uning kelinoyisiga sovchi qo‘ygani avvaliga rosa kulgiga, keyin esa achchiqlanishiga sabab bo‘ldi.
Shaharlik onaxondan eshitgan bu voqea ayrimlar o‘ylagandek to‘qilgan hikoya emas, balki bugungi odamlar orasida ro‘y berayotgan hodisalardan va ko‘pchilik e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan og‘riq nuqtalardan biridir.
Zero, uning zamirida qadriyatlarimizga zid “ommaviy madaniyat”ning ta’siri bor. Keltirilgan ana shu voqea tafsiloti bizni hamyurtlarimiz bilan oilada sog‘lom muhit, millatimizga xos ta’lim-tarbiya, urf-odat va an’analarimiz haqidagi davra suhbatiga chorladi.
Nasiba ASQAROVA, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 50-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi:
— Bolaligimda ota-onam rus maktabiga berishganda ko‘pchilik bu narsa farzand tarbiyasini buzishini aytishgan ekan. Maktabni tugatib, institutga kirib, rus tili va adabiyoti fakultetini o‘qib tamomladim. Rus dugonalar va do‘stlar orasida o‘sib ulg‘aydim. Mana salkam o‘ttiz yildirki, yosh avlodga rus tili va adabiyoti fanidan saboq berib kelyapman.
To‘g‘ri, rus va o‘zbek millati nafaqat tili, dini balki o‘ziga yarasha yashash tarzi, urf-odatlari va madaniyati bilan bir-biridan farq qiladi. Ayniqsa o‘zbeklarda uyat, ayb sanalgan ko‘p narsalar ruslar uchun madaniyat belgisi yoxud odatiy hol hisoblanadi.
Demoqchimanki, agar insonga bolalikdan o‘z milliy qadriyatlari ruhi singdirilsa, hech qachon boshqalarga ko‘r-ko‘rona ergashmaydi.
Xuddi shu o‘rinda yuqoridagiga o‘xshash nafaqat kiyinish, balki muomala madaniyati, yashash tarzi, bola tarbiyasi va xokazo masalalar bo‘yicha o‘zligimizga yot odatlarga taqlid qiluvchilarni aslo oqlamayman. Bu o‘z millatiga hurmatsizlikdir. Chunki o‘z xalqi tarixi va madaniyatini chuqur bilgan inson aslo bunga yo‘l qo‘ymaydi. Axir o‘zga xalq tilini, madaniyatini o‘rganish o‘zinikini butunlay unutish degani emas-ku?!
Latifa AHMADALIYeVA, viloyat o‘lkashunoslik muzeyi xodimi:
— Darhaqiqat, biz azaliy qadriyatlarida o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va sharm-hayo, odob-axloq tushunchalari ustun bo‘lib kelayotgan xalqmiz. Bilsangiz, ilgarilari momolarimiz eshitgan birgina yomon bo‘ladi degan so‘zning o‘zi ko‘pchilikning noo‘rin gap aytish, ep kelmagan kiyimni kiyish, nojo‘ya xatti-harakat qilish kabi noxush holatlarga yo‘l qo‘ymasligi uchun yetarli edi. Shu o‘rinda qizlarga muomalayu kiyinishda hayo bo‘lishi uning go‘zalligi deb uqtirishgan.
Bugungidek taraqqiyot zamoni bizning yurtimizda ham juda katta o‘zgarish va rivojlanishlarga turtki bo‘layotgan bir paytda “ommaviy madaniyat” baloyu-qazoday xavf solayotgani nafaqat joylarda ma’rifiy-ma’naviy ishlarni kuchaytirish, balki har bir oilada farzandlarni sharqona odob-axloq ruhida tarbiyalashga e’tiborni orttirish lozim deb o‘ylayman.
Aslida ayrim qizlarning behayo kiyinishida, bejo yurish-turishi va muomalasida “hozir zamon shunaqa-da” deguvchi ota-onalarning aybi katta. Afsuski, goho “zamonaviy oilalar”dagi muhit tufayli qaynona-qaynotaning oldida kalta ko‘ylak, tor shim va yoni yoki orqasi ochiq yubkalarda bemalol yurgan, sochini bugun sariq, ertaga qizg‘ish, indiniga yana boshqacha rangga bo‘yashga erinmay, bolasining maktabidagi ota-onalar yig‘ilishiga vaqt topolmayotgan, eriga qo‘lini paxsa qilishni odatiy hol hisoblagan kelinlar farzandlariga milliy ruhni singdirishi qiyin. Shuning uchun har narsada o‘z qadriyatlarimizga hurmat saqlagan, me’yordan chetga chiqmagan ma’qul deb o‘ylayman. Aks holda, bundaylar “ommaviy madaniyat”ning targ‘ibotchisi sifatida kelajakka ham ziyon yetkazishi mumkin.
Lobarxon JABBOROVA, faxriy o‘qituvchi:
-Shahardan qishloqqa “Damas”da kelayotganimda uch yoshlar chamasidagi bolaning xarxashasi boshlanib qoldi. Uni yupatgim keldi va sumkamdan konfet olib, onasiga “shuni bolangizga bering-chi, zora yupansa” dedim.
Kutilmaganda yuzimga baqraygan hamrohimdan rahmat o‘rniga “ko‘zingiz bormi, bolam emas, jiyanim, men hali turmushga chiqmaganman” degan ters javobni eshitdim. Yanayam hayratlanarlisi, bu qizning qoshlari xuddi yosh kelinlar singari pilikdek terdirilgan va buning ustiga yerni supuradigan darajada uzun libos va jag‘idan tang‘ilgan g‘alati ro‘molda edi. Bir safar esa yana adashib qovun tushirdim. To‘g‘rirog‘i, qizlarga o‘xshab boshyalang va tor shimdagi qomatli ayolni “siz yosh qiz ekansiz, yengilroq orqa o‘rindiqqa chiqa qoling” debman. U esa o‘ttizdan oshgan, ikki bolaning onasi ekan.
Demoqchimanki, chindan ham tashqi ko‘rinishi, kiyinishiga qarab, ba’zilar qiz va kelinlarning farqiga bormay qolayotgani to‘g‘ri.
Ra’noxon MAMAJONOVA, Namangan shahar «Obod» mahallada yashovchi faxriy onaxon:
— Yoshim yetmishga yaqinlashdi. Rahmatli ota-onam ulg‘aytirgan uch qizning to‘ng‘ichiman. Oilamizda farzand tarbiyasiga juda e’tiborli bo‘lishgani uchun hammamiz hayotda o‘z yo‘limizni topganmiz. Doimo ulardan o‘rganganlarimizga amal qilishga odatlanganmiz. Jumladan, qizlar tarbiyasiga muhim vazifa, deb qaraladi. Uch qizimdek, nabiralarimni ham birin-ketin an’analarimizdan chetga chiqmagan, me’yorni unutmagan, shuningdek, milliy odatlarimizga zid bo‘lmagan zamonaviylikdan ortda qolmagan urflar bilan uzatyapman. Shukr, tinib-tinchib o‘tirishibdi.
Sir emas, hozir eshitib, kuzatyapmizki, ayrim onalarimiz to‘y sepi uchun “qizim shunaqani hohladi” yoki “shunaqasi urf ekan” qabilida qandaydir “pancho”, “sigareta shim”, “tonika” deb ataluvchi o‘zga millatlarning kiyim-kechaklarini falon pulga olib berishni ham allaqachon odatga aylantirishga ulgurishdi. Qaysidir oila bunga qarshiliksiz bo‘lsa, yoki “ota-onasining puli kuygan ekan, mayli eskirguncha kiyib xumoridan chiqsin” desa, shu to‘g‘risida boshlangan tortishuv sabab ajrashgan oilalar kamayish o‘rniga ko‘payayotgani achinarli. Shukrki, mahallamizda bunaqangi noxushliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun qilinayotgan harakatlar samarasi tufayli hozircha bunday holatlar kuzatilmayapti. Biz ham qo‘limizdan kelgancha, yoshlarimizni o‘z milliy qadriyatlarimizga sodiq inson sifatida kamolga yetishi uchun hissa qo‘shishga intilyapmiz.
Afsuski, “Birniki mingga, mingniki tumanga” deganlaridek, agar hattoki bitta oilada milliyligimizga zid yangicha an’ana va odatlar paydo bo‘lsa, bu boshqalarga ta’sirini o‘tkazishi mumkinligi ehtimoldan xoli emasligi tashvishga soladi.
Ehtimol, yuqoridagi voqeaga kimlarningdir ishonishi qiyindir. Afsuski, u ayni haqiqat. Anglaganingizdek, bunga o‘xshash manzaralar opa-singillarimizni ana shu tafsilot doirasida bildirgan fikr-mulohazalarda ham o‘z aksini ko‘rsatib turibdi.
Farzandlarni, oilalarni “ommaviy madaniyat”ga berilishdan asrash millat va kelajak taqdiri uchun muhim vazifadir. Buning uchun zamonning o‘zi shunaqa narsalarni taqozo etayotganini bahona qilishdan ko‘ra farzandlar ongi-shuuriga bunday illatni ommalashtirishdan ko‘zlangan maqsad haqida to‘g‘ri tushunchani singdirish kerak.
Binobarin, o‘zligini unutmagan, milliy qadriyatlarini e’zozlagan xalqning qudrati yanada mustahkam bo‘ladi.
Qolaversa, rahmatli Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, “Milliy mafkurani ongimizga singdiruvchi amaliy tarbiyani yo‘lga qo‘yish jamiyatimizda sog‘lom muhitni saqlash bilan barobar ekanini anglashimiz darkor”.
Shahzoda AKBAROVA
Manba: Vodiymedia.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi