Har bir xalq, har bir millat o‘z madaniyati, qadriyatlari, go‘zal an’analari qatorida ona tilining ham doimiy ravishda sofligini saqlash va uni boyitib borish, o‘sib kelayotgan yoshlar qalbida unga muhabbat uyg‘otishga mas’ul hisoblanadi. O‘zbek tilini jamiyatimizning barcha sohalarida tobora kengroq qo‘llanilib, maqomi yuksalib borayotgani, albatta, hammamizni quvontiradi. Kundalik hayotimizda, og‘zaki nutqda bo‘ladimi, ishlab chiqarish sohalarida bo‘ladimi, turli hujjatlarni yozish, tayyorlash bilan bog‘liq masalalarda bo‘ladimi, umuman, har bir sohada biz tilimizning sofligini saqlash uchun belgilangan imloviy qonun-qoidalarga, me’yorlarga qat’iy amal qilishimiz lozim.
To‘g‘ri, har bir korxona, ishlab chiqarish muassasasi, aholiga maishiy, madaniy yoki tibbiy xizmat ko‘rsatish sohalari, xullas, barcha yo‘nalishlar mas’ullari o‘z mahsulotlarini e’lon yoki targ‘ibot manbalarini xalqqa ravon, yorqin, tez ilg‘ab olish mumkin bo‘lgan iboralar, so‘zlar ila ifodalashga, bunda turli tasvir vositalaridan foydalanishga harakat qilishadi. Biroq, bu til me’yorlari, qonun-qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan holda, og‘zaki nutqdagi so‘zlarni targ‘ibot ko‘rinishlarida saviyasiz bir holatda qo‘llash mumkin degani emas-ku?! Biz biron ish bilan yoki hordiq chiqarish maqsadida ko‘chalarni sayr qilib yurganimizda beixtiyor ko‘zimiz turli e’lon va yozuvlarga tushadi. To‘g‘risini aytganda, mazkur yozuvlarni ko‘rib tilimizga bo‘lgan be’tiborlikdan qattiq ranjiymiz.
So‘zimiz isbotsiz bo‘lmasligi uchun ayrim misollarni keltirib o‘tsak. Poytaxtimizdan boshlab, barcha viloyatlar, shahar va qishloqlarda shu holatga ko‘zimiz tushadi. Tamaddixonalar, do‘kon va bozorlar, ayrim shiorlar ham shu ahvolda. Toshkentda shevada yozilgan joy nomlari bekat va transportlar peshonasini “yarqiratib” turibdi: “Qo‘ylu”, “Chirchu”, “Dumbirobod”… Shuningdek, “Dorihona”, “Oshhona”, “Ming hil turdagi oboylar”… O‘qigan sari tishlar g‘ijirlab ketadi. Yoki bo‘lmasa “Behro‘z” to‘yxonasi “Behruz”, “Javohir” nomli stomatologiya xizmati “Javoxir”, “Gavhar” nomli go‘zallik saloni “Gavxar” shaklida yozilgan. Ayrim oshxonalar yonida yana shunday yozuvni ham ko‘rdik: “Kalla pochcha”, “Mazzali somsa” (?!). Ko‘p yozuv va e’lonlar yozilishida kirill va lotin alifbosidagi so‘zlar aralashtirib yuborilmoqda. Milliy taomlari bilan mashhur “To‘lagan” oshxonasining peshtoqini o‘qigan savodli odam bu aralash yozuvdan ensasi qotadi. Ba’zilar kirill alifbosidagi “quyuq” so‘zini “quyuq”, “vulkanizatsiya” so‘zini “vulkanizatsiya” kabi yozmoqda. Afsuski, ostona xatlab ko‘chaga chiqsangiz bu kabi juda ko‘p misollarni ko‘rishingiz mumkin.
Shu xususda gap ketganida ko‘pchilik ikki yozuvga ega ekanimizdan ranjib, yosh avlod kirill yozuvida, katta avlod lotin yozuvida xato yozishini ta’kidlaydi. Bir qarashda o‘rinli e’tiroz. Biroq bizning xalqimiz insoniyatga yuksak tafakkur sohiblarini yetishtirib bergan. Ikki yozuv tugul to‘rt-beshta tilni mustahkam egallagan, ular ustida tadqiqot qilgan ajdodlarimiz bor. Bugun astoydil kirishib o‘rganilsa, bir-ikki oy vaqt ketadigan, tafovuti, farqlanishi katta bo‘lmagan ikki yozuvdan nolib, chalasavodlarcha peshtaxtalarga yozib o‘tirishimiz lozimmikan. Globallashuv davrida hamma sohada bo‘lgani kabi til yoki yozuv o‘rganish bo‘yicha ham istalgancha dasturlar, qo‘llanmalar bor. Biror yozuvni ko‘chaga olib chiqarkanmiz, nega bir karra to‘g‘ri yozuvga solishtirib ko‘rmaymiz? Yaqinda televizorda bir onaxonni ko‘rsatishdi. Mehnat faxriysi bo‘lgan bu onaxon nevaralariga dars qildirish uchun lotin yozuvini o‘rganib olibdi!
Ko‘chalardagi yozuvlarni kuzatar ekanmiz, o‘ylanib qolamiz, bu savodsizlikmi yo loqaydlikmi?
Bizning fikrimizcha, bularning barchasi e’tiborsizlik natijasidir. Axir harf tanigan inson qanday qilib kirill va lotin alifbosidagi harflarni aralashtirib yuborishi mumkin? Agar biz tilimiz me’yorlariga amal qiladigan bo‘lsak, tilimiz sofligini saqlab qolmoqchi bo‘lsak, oddiygina avtobus chiptasidan tortib, dori-darmonlar qutisi ichidagi ma’lumotnomalargacha, ko‘chalardagi turli muassasalar nomlaridan tortib, oshxonalar taomnomalarigacha, qator mahsulotlar targ‘ibotiga qaratilgan reklama va e’lonlargacha, barcha joylardagi yozuvlarda tilimiz qonun-qoidalariga qattiq rioya qilishimiz shart. Negaki, endi o‘sib-ulg‘ayayotgan yoshlar ana shu beparvolarcha, loqaydlarcha yozilgan jumlalar, so‘zlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilib, kundalik hayotida ham mana shunday xato holatida qo‘llashga odatlanib qolishi mumkin.
Bir paytlar atoqli yozuvchimiz Abdulla Qahhor: “Nima uchun yo‘l harakati qoidasini buzgan odamga jarima solinadi-yu, til qoidalarini buzgan odam jazoga tortilmaydi?” deb yozgan ekan. Ehtimol, imlo qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan mas’ullarga jarima qo‘llash lozimdir? Lekin bularni yozishdan maqsadimiz kimgadir jazolashni tavsiya qilish emas, tilimizga bo‘lgan e’tiborsizlikning oldini olishdir. Shu xalq, shu millatga mansub inson sifatida tilimiz sofligini saqlash, imlo me’yorlariga amal qilish har birimizning burchimiz bo‘lmog‘i kerak. Axir tilimizning muammosi faqat ziyolilarning ishi emas-ku! Faqat rasmiy hujjatlar to‘g‘ri yozilib, qolgan barcha e’lonu peshtoq yozuvlar, reklamayu joy nomlari xato yozilaversa, xatolarga ko‘nikib qolamiz-ku. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda, telefon xabarnomalarida yoshlar shunaqa ko‘p imlo xato bilan yozishadiki, bu odatiy holga aylanib qolgandek. Uchrashuvlardan birida jonkuyar shoira opa farzandlari telefoniga birorta xato bilan xabar yozsa, atay javob qaytarmasligini aytgan edi. Bu ham o‘ziga xos tarbiya usuli: Farzand talabchan onasi uchun to‘g‘ri yozishga majbur. Sekin-sekin o‘rtoqlariga, boshqalarga ham xatosiz yoza boshlaydi. Harflarning o‘rniga raqamlardan, shakllardan foydalanayotgan yoshlardan birining xabari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muhokama qilingan edi. Xuddi shu usulni mobil aloqa kompaniyalaridan biri ham o‘z messenjeri nomiga kiritgani ham munozaralarga sabab bo‘ldi: “Wa4ach”. Biroq bu nom hali o‘zgargani yo‘q.
Globallashuv davrida o‘z-o‘zidan til taraqqiyoti ham davom etadi. Turli texnik buyumlar, ularga ko‘rsatiladigan xizmatlar ham yangi-yangi nomlar bilan tilimizga kirib keladi. Biroq allaqaysi xorijiy tildan olingan xizmat ko‘rsatish tarmoqlari ko‘payib ketmadimikan. “… prodakshin”, “… beta food”, “Jast in…”. Eng qizig‘i, shu so‘zlar o‘zbekcha yozilib, chiroyli lavha qilib qo‘yilsa, xaridori ham ko‘p bo‘lishini xayoliga ham keltirmaydi bu korchalonlar.
Ayniqsa, ko‘cha-ko‘yda uchraydigan e’lonlar nihoyatda g‘aliz. “Buzilmaydigan erlar” ham bor, “xoxlagan vazimdagi qoylar”lar ham bor, “kalla-pochcha” ham bor, mohiyati yo‘qolib ketgan so‘zlar ham bor.
Bugungi kunda jamoatchilik nazorati haqida ko‘p gapiryapmiz, lekin har kuni shahar kezganimizda o‘nlab mana shunday xatoliklarga ko‘zimiz tushadi. Ana shu paytda o‘sha korxona mas’uliga qo‘ng‘iroq qilib bir og‘iz so‘z aytishga nega fursat topolmaymiz? Bunday xatolarni ko‘rib ko‘rmaganga, bilib bilmaganga olib yurish ertaga bizga qimmatga tushmaydimi? Bu kabi loqaydliklarning ildizi qayerda?
Mazkur maqolani yozishdan asosiy maqsadimiz, bu kabi beparvoliklarning oldini olish, yoshlarni ona tilimizga hurmatsizlik holatlarini bartaraf etishda faollikka chaqirib, daxldorlik hissi bilan yashashga undashdir.
Anora HOJIMATOVA
Manba: azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi