Toshkent shahrida va Farg‘ona viloyatida bolalarga noqonuniy ravishda diniy ta’lim berish va taqiqlangan diniy kitoblarni tarqatish holatlari fosh etildi.
Ayni holatlar faqat qonunbuzarlik emas, balki jamiyat ongi, bolalar xavfsizligi va kelajagiga tahdid soluvchi jiddiy tahlika sifatida baholanmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Olmazor tumanida joylashgan Jidali mahallasining bitta xususiy uyida Qashqadaryolik bir erkak tomonidan 15 nafar yoshga diniy ta’lim berilgan. Uning darslari yashirin ravishda 2025 yil mayidan buyon o‘tkazilgan va har bir o‘quvchi uchun 150 dollar miqdorida to‘lov talab qilingan.
Bu o‘quvchilar 2004–2014 yillar oralig‘ida tug‘ilgan bo‘lib, 11 nafari voyaga yetmaganlar. Qizig‘i shundaki, ular orasida uch yildan beri maktabga bormagan bir bola ham aniqlangan.
Boshqa bir holatda esa, Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi fuqaro shu yilning iyun oyidan buyon 10 nafar voyaga yetmagan bolaga dars berib kelgan. Har biri uchun u 100 dollar va oziq-ovqat talab qilgan. Eng xavflisi – u bolalarni huquq-tartibot organlaridan yashirish uchun uyning podvalini qayta qurdirib, metalli qopqoq bilan yopib, tosh va qum bilan to‘ldirgan.
Bu yopiq yerto‘lada bolalarni saqlash usuli shunchalik rad etiladigan va tushunarsizki, uning ortida qanday fikr va niyat turgani jamiyatni tashvishga solmoqda. Bolalarini bunday muhitga ishonib topshirgan ota-onalarning o‘zi ham javobgarlikdan chetda qolmasligi kerak.
Har ikki holat bo‘yicha 241-modda asosida ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Qonunga zid ravishda ta’lim bergan shaxslar rasmiy ro‘yxatdan o‘tmagan, hech qanday gologrammasiz, qo‘lyozma va chop etilgan kitoblardan foydalangani ma’lum qilindi.
Shu bilan birga, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida yana bir qonunbuzar fuqaro o‘z uyida noqonuniy bosmaxona tashkil etgan holda diniy adabiyotlarni chop etib kelgan. Ushbu kitoblarni Toshkent shahri va Samarqand viloyatidagi ayrim do‘konlar orqali tarqatgan. Reyd paytida 1210 ta tayyor, 2000 ta yarim tayyor kitob va 6 ta bosmaxona jihozlari musodara qilingan.
Qizig‘i shundaki, ushbu shaxs 2024 yilning iyulida xuddi shu qilmishi uchun jarimaga tortilgan, biroq noqonuniy faoliyatini to‘xtatmagan.
Hozirda ushbu barcha holatlar bo‘yicha huquqiy baho berish maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda. Bolalarni tahdid ostiga qo‘ygan, diniy ta’limni pulli biznesga aylantirgan shaxslar javobgarlikka tortiladi.
Ushbu voqealar yana bir bor ko‘rsatib turibdiki, bolalar ta’limi masalasida ota-onalar, davlat va jamoatchilik yuksak mas’uliyat bilan yondashishi lozim. Yopiq xonada, qorong‘u yerto‘lada o‘tkazilayotgan “saboqlar” kelajagimizga soya solmasligi shart.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!