23:20 / 06.02.2018
5 663

Jurnalistning oyog‘iga bolta urayotganlar kim? Yoxud shogirddan ustozlarga Ochiq xat

Jurnalistning oyog‘iga bolta urayotganlar kim? Yoxud shogirddan ustozlarga Ochiq xat
Ustozning shogirdga nasihat qilishi bu hayotiy qonun-qoida. Bugun shu azaliy qoidani biroz qo‘pol ravishda buzgan holda aksini qilamiz. Aslida ustozlarga nasihat qilish niyatidan yiroqman. Ulardan birgina iltimos qilmoqchiman, xolos.

Ustozlar “shogirdlar qalam tebratgan ekan, biroz xatosini ko‘raylik”, degan doimiy odati bilan o‘qiyotgan bo‘lsa, ajab emas. Shu joyga kelganda to‘xtang. Do‘ppini yechib qo‘ygan holda siz ham shogird bo‘lib maqola o‘qib ko‘ring.

Bugun zamon shiddat bilan o‘zgarmoqda. Odamlar dunyoqarashi o‘zgarmoqda. Ong va tafakkur rivojlanmoqda. Texnika taraqqiyoti shu darajada taraqqiy etmoqdaki, hatto, o‘rtaga tashlagan muammolarning yechimini o‘ylaguncha hal etilib, keyingi muammo paydo bo‘lmoqda.

Bugun qaysiki gazeta va jurnallarni varaqlamaylik, har bir maqola ikkita so‘z bilan boshlanadi: “Mustaqillik” yoki “Istiqlol”. Go‘yoki shu so‘z bilan boshlanmasa, maqolani hech kim o‘qimaydigandek. Biz ijodkorlarning ong va shuuriga shu darajada singdirilganki, mana shu ikki so‘zsiz hayot to‘xtab qoladigandek. Bu ikki bebaho so‘zni shu darajada ko‘p ishlatganimizdan, uning qiymati va qimmati oyoq osti bo‘lmoqda. Teleekran va radiolarda ham mana shu ikki so‘z salom-alikdan keyin, albatta, ishlatilishi shart. Buni ustozlar har bir shogird qulog‘iga yozilmagan qomus sifatida qo‘rg‘oshindek quyib qo‘yishgan. Har bir mavzu, har bir lavha, har bir ko‘rsatuv “Mustaqillik yillarida...”, “Istiqlol yillarida barcha sohalarda bo‘lgani kabi...” so‘zlari bilan boshlanishi farz bo‘lib qolgandek.

Mustaqilligimizning mana ikkinchi chorak asri ham boshlandi. Endi bu buyuk so‘zning siyqasini chiqarishni bas qilsak ham bo‘lar. Xalq ham ushbu ikki so‘zdan zada bo‘lib ketdi. “Yaxshiyam mustaqil bo‘lgan ekanmiz, bo‘lmasa bu bechora jurnalistlar nimani gapirishar edi” degan kinoyalarni ham el og‘zidan eshitdik. Ustozlarga bir o‘tinchim, shogirdlarning mana shu ikki so‘zsiz ijod qilishiga izn bering. Bu bebaho so‘zni har joyda, har daqiqada ishlataverib qadrini oyoq osti qilmaylik. Mustaqillik – bu ulug‘ ne’mat. Uni asraylik, e’zozlaylik. Uni majburan tillarga solib, dillardan bezdirmaylik. Uni tilda ishlatmasdan shunday madh etingki, toki dillarga jo bo‘lsin.

Ijodkor xalqida bir tushuncha bor: shogird – xato qilguvchi, ustoz – to‘g‘rilaguvchi. Bu juda to‘g‘ri fikr. Shogird xato qilishi mumkin. Lekin... Ustozlar to‘g‘rilovchilik qilmayapti. Aniqroq qilib aytsak, ular “qolipga solguvchi” bo‘lib qolmoqda. Bizda o‘tgan asrning 80, 90-yillar qoliplari bor. Hattoki 60-yillarning qoliplarini ham asrab-avaylab kelmoqdamiz. Muhtaram ustozlar, sizda hayotiy tajriba ko‘p. Ammo har daqiqa, har soniya shiddatkorona o‘zgarib borayotgan zamonda sizning tajribalaringiz o‘zgarmadimikan?! Butun dunyo jurnalistikasi “Teskari piramida”ga o‘tganiga yarim asrdan oshdi. Biz esa hali-hanuz qachonlardir “daho” ustozlar yaratgan qolip ichida ijod qilmoqdamiz. Bugungi kunda amalda bo‘lgan qolip ixtirochilarining o‘zlari o‘tib ketgan bo‘lishsa-da, ularning usullarini ardoqlab kelamiz. Avlodlar almashinuvi davom etayotgandir. Ammo qoliplar necha-necha ajdodlardan o‘tib meros bo‘lib kelmoqda. Yangi avlod ham qasamyod qilgandek, o‘tmish qoliplariga sodiq qolmoqda. Endi bu qoliplarni asrab-avaylab muzey peshtaxtalariga qo‘ymoqlik davri kelmadimikan?!

Texnika asrida shafqatsiz vaqt yanada jadallashgan. Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamon ustozlarimizning hurmatini qilib qarab turmaydi. Shunday ekan, ustozlar, zamon sizga boqmasa, siz zamonga bir bora boqing. Yurtimizda islohotlar davri boshlangan bir davrda barcha sohalar jadallashmoqda. Sohalarning oldingi qatorlarida yurishi lozim bo‘lgan jurnalistika bugun oldinga ildamlamaslikka majbur etilgan. Sababi esa sohamizning oldiga tushib olgan o‘tmish ustozlarining hurmati o‘laroq. Ustozlar, o‘tmishdagi erishgan yutuqlaringiz hurmati tufayli bugun tovon to‘lab, kelajak jurnalistikasini barbod qilmaylik. Tezroq yursangiz, yuring yoki yugurishga qodir yoshlarga yo‘l bering. O‘z ko‘rpamizga o‘ranib olmasdan darchalarni ozgina ochib, matbuotimizga ham toza havo kirgizish mavridi keldi. Ayni damdagi islohot nasimlaridan jurnalistlar ham to‘yib nafas olsin.

Biz ijodkor xalqida bir qusur bor: qo‘limizga biron bir ijod mahsuli tushsa, oldin muallifiga razm solamiz. Hech kim tanimaydigan havaskor muallif bo‘lsa, undan xato qidiramiz. Mabodo mashhur yozuvchi bo‘lsa, har bir jumlasidan ma’no qidiramiz, hattoki xato qo‘yilgan har bir nuqta-vergulidan ham o‘zimizcha ma’no yasaymiz. Yuqori baho beramiz, tahsinlar o‘qiymiz. Garchi unda hech qanday pichoqqa ilinadigan mazmun-mohiyat bo‘lmasa-da.

Lavozimi baland bo‘lgan ijodkor yoki rahbarning materialini do‘ppini yechib qo‘ygan holda o‘qiymiz. Lavozim jihatidan past bo‘lgan xodimning ijodini qo‘lda qalam bilan o‘qiymiz. Guyoki xodimning materialidan birgina xato topa olmasak, rahbarligimizga nuqta qo‘yiladigandek hadik bilan yashaymiz. Har bir jumlasidan birgina xato topib chizamiz, qirqamiz. Hech qanday asosli xato topa olmasak, “ammo” o‘rniga “lekin”, “lekin” o‘rniga “biroq” so‘zini almashtiramiz. Ammo lekin biroq birgina jumla qo‘shib boyitishga ojizmiz. Shu joyga kelganda ushbu ketma-ket kelgan sinonim so‘zlarning oralaridagi vergul tushib qolibdi, degan fikr xayolingizdan o‘tdi. Yo‘q, xato qilmadim. Atayin shunday yozdim. Ushbu sinonimlarni vergulsiz ovoz chiqarib yana bir bor takrorlab ko‘ring. Qanday jarangdor chiqishini anglab yetasiz.

Har bir sohaning o‘z qonun-qoidasi bor. Lekin ijodda qoida bo‘lmasligi lozim. Ijod qilishda qoida o‘rnatildimi, demak bu – ishlab chiqarish (konveyer) bo‘lib qoladi. Birgina misol: Mir hazrat Alisher Navoiy “buzg‘unchiligi” sababli Navoiy bo‘lib tanildi. O‘sha davr ijdokorlari forsiy tilda ijod qilib kelgan bo‘lsa, Navoiy bu qat’iy ana’anani matonat ila buza oldi. U birinchi bo‘lib turkiy tilda ijod qilib butun dunyo ijod ahlini lol qoldirdi.

Uzoqqa bormaylik. Zamondosh mashhur ijodkorlardan yana biri Tog‘ay Murod ham qo‘pol “buzg‘unchiligi” bois Tog‘ay Murod bo‘lib tanildi. O‘zbek romanchiligida o‘rnatilgan metin qoidani butunlay buzib tashladi. Hattoki, filolog daholarimiz asos solgan “ega-kesim” ketma-ketligi ham ijodkor ahli uchun zarur emasligini isbotlab berdi.

Yana ham yaqinroqdan misol qidiradigan bo‘lsak, “Yoshlar” teleradiokanalidagi “Osh bo‘lsin!” ko‘rsatuvi. Taom tayyorlashni o‘rgatadigan o‘nlab ko‘rsatuvlar bor. Ammo mazkur ko‘rsatuvning muallifi Gulhida Jo‘rayevaning “buzg‘unchiligi” bois “Osh bo‘lsin” ko‘rsatuvi tomoshabinlar orasida mashhur bo‘lib ketdi. Agarda Gulhida Jo‘rayeva ham bir zamonlar yasalgan qolip ichida ijod qilganda, uni hech kim tanimagan bo‘lar edi. Bugun uni yurtimizda 7 yoshdan – 70 yoshgacha hamma taniydi. Albatta, “buzg‘unchiligi” sababli.

Bugun qay bir matbuotimizni varaqlamaylik, ulardagi har bir maqola “qizil” gaplar bilan boshlanadi. Odatda men maqolaning mazmunini anglab yetmoqchi bo‘lsam, bir sahifalik maqolaning qoq o‘rtasidan boshlab, ikki jumla o‘qiyman. Maqolaning asl mag‘zi o‘rtasida keladi. Chunki boshidagi yarim sahifa shablon gaplar bilan to‘ldiriladi va ikki jumlada voqea-xodisa aytib o‘tiladi-da, keyin yana yarim sahifa shablon gaplar bilan tugaydi. Matbuotimizning “otaxon” va “onaxon” gazetalarida bu avj olgan. Butun boshli katta gazetada yuz nafar xodim ijod qilsa-da, tahrir qiluvchi bir nafar bo‘lsa bas. Barcha maqola bir uslubda konveyer qilinaveradi.

Aslida haqiqiy jurnalist jurnalistika fakultetiga endigina o‘qishga kirgan birinchi bosqich talabasidir. Chunki ular o‘zlarining yangi g‘oyalari bilan jo‘shib ijod qilaman deb qaynab turadi. Ammo, ikkinchi bosqichga o‘taverib, amaliyotga duch kelganda “chuchvarani xom sanaganini” anglab yetishadi. Vaqti kelib, bo‘lajak jurnalistlar ishga kirganda esa majburlab qolipga solib qo‘yiladi. Taqdiringga ko‘nsang shu, ko‘nmasang katta ko‘cha. Tanlashga uchinchi variant bor. Ammo undan umid ham qilma.

Bugun o‘tgan asrning o‘rtalarida yasalgan qoliplarda ijod qiluvchi ustozlar Sizdan iltimosim, oldingizga bosh urib kelgan yosh ijodkorlarni qoliplaringizga majburlab solib qo‘ymang. Tajribalaringizni o‘rgating. Ammo qaysi yo‘lda, qay yo‘sinda ijod qilishni o‘zlariga qo‘yib bering. Tanlash huquqidan mahrum qilmang. Texnika asridagi zamon shiddat bilan o‘zgarmoqda. Bugun tezkor axborot asri. Informatsiyaga chanqoq bo‘lgan odamlar asri. Informatsiyani xalqqa yetkazishda hattoki, soniyalarga kechikkan matbuotning mahsuloti eskirib qolmoqda. Bugun maqola yozish uchun “ega-kesimini” yoki boshi va oxiriga shablon gaplar tuzib o‘tiradigan zamon emas. Ustozlar, qalbingizga qattiq botsa-da, Sizdan uzr so‘ragan holda shuni aytmoqchimanki, taqdirga tan berib, ijod qilishni zamon yoshlarining o‘ziga qo‘yib beraylik. O‘zlari xohlagandek o‘zlarining yo‘nalishida, o‘zlarining uslubida o‘ynab-kulib ijod qilishsin. Bahoni esa xalq beradi.

Yurtimizdagi yuzlab gazeta va jurnallarni varaqlasangiz, ichidagi mavzular, ularning boshlanishi va tugashi, har bir jumlalari bir xil, barchasini birgina odam yozib bergandek. Yo‘q, yuztasini yuz nafar odam yozgan.

Ammo yuztasi ham bir qolipda yozilgan. Biz mushtariylardan xafa bo‘lamiz. Bugungi kunda odamlar gazeta o‘qimay qo‘ydi, gazeta va jurnal o‘qish madaniyati yo‘qolib borayapti, degan xarxashalarni ham qilamiz. Gazetalarda o‘qiydigan narsa bo‘lsa, albatta, o‘qiydi. Ammo qani o‘sha o‘qishli maqolalar. Shundan keyin xalqni majburan obuna qilib, majburan o‘qishga undaymiz. Gazetxonlar ham majburan obuna bo‘lgach, “puli kuygan sovun yebdi” degandek gazetani olib ichidagi rasmlarga bir razm solib chiqadi. Darvoqe, matbuotimizning peshonasiga bitilgan rasmlar ham 60, 70-yillar uslubida hamon davom etib kelmoqda. Ya’ni, o‘rtada bir kishi qo‘lida gazeta yoki kitob yoki bo‘lmasa ishlab chiqargan mahsulotini ushlab turadi, atrofida bir necha odam unga qarab turgan bo‘ladi. Hurmatli ustozlar, hech bo‘lmasa, tomosha qiladigan rasmlarni qolipdan chiqaraylik. Achinarlisi, ushbu rasmlar mualliflari o‘zlarini professional deya ta’riflashdan ham charchamaydi.

Mushtariyni o‘ziga jalb qiladigan aslida mavzu hisoblanadi. Matbuotimizdagi mavzular esa aksincha, o‘zidan uzoqlashtiradi. Ular ham bobom zamonidan qolgan “qizil” gaplardan tuzilgan. Aniqroq qilib aytganda, mavzular kimdandir qo‘rqa-pisa qo‘yilgandek. Kimningdir ko‘ngliga qattiq botmaslik yoki kimningdir dumini bosib olmaslik uchun ehtiyotkorona qo‘yilgandek, nazarimda. Aslida ham shunday. Mavzu qo‘yilayotganda shunday oddiy qilib qo‘yiladiki, hech kimning e’tiborini imkon qadar tortmaslik kerak.

Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimanki, “maqola oxirida xulosa bo‘lishi kerak” deya ustozlar bot-bot quloqqa quyib kelishgan. Bu an’anani ham buzib ko‘ramiz. Men muammoning kelib chiqishi, yechimini o‘rtaga tashladim. Xulosani esa o‘quvchi beradi. Oddiy bir jurnalist sifatida xulosa chiqarishga mening haqqim yo‘q. Xulosa maqolada emas, rasmiy hujjatlarda bo‘ladi. Men esa rasmiyatchilikni xushlamaydigan ijodkor jurnalist,
Sherali Otaboyev

Manba: qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jurnalistning oyog‘iga bolta urayotganlar kim? Yoxud shogirddan ustozlarga Ochiq xat