4 081
O‘zbekistonlik fan arbobi: "Iste’dodli yoshlarimiz qobiliyatini ro‘yobga chiqarishga yo‘l bermayotgan ta’lim tizimidan qoniqmayman"
Mamlakatimizda innovatsion iqtisodiyotni shakllantirishning eng asosiy muammosi – kadrlar tayyorlash, ularning bilimi, malakasi, ta’lim sifati. Nazarimda, O‘zbekistonda ta’lim sifati bugungi kun talablariga, milliy iqtisodiyot ehtiyojlariga, eng achinarlisi, yoshlarimizning salohiyat darajasiga tamoman mos kelmaydi.
Men iste’dodli yoshlarimizda mavjud salohiyatni, yuksak qobiliyatni ro‘yobga chiqarishga yo‘l bermayotgan, unga to‘sqinlik qilayotgan ta’lim tizimidan qoniqmayman. Axir biz, pedagoglar, professor-o‘qituvchilar – yosh avlodni bilimli, o‘qimishli, madaniyatli qilib tarbiyalashga bevosita mutasaddi shaxslar, agar joiz bo‘lsa, ta’limning shunday ayanchli ahvolga tushib qolishiga muayyan darajada aybdor bo‘lganlar, jamiyatda paydo bo‘lgan imkoniyatlardan o‘rinli foydalanib, mamlakatda, o‘z yurtimizda ta’lim sifatini tubdan oshirishning asosiy tashabbuskorlari bo‘lishimiz kerak emasmi?
Ta’lim sifatini tubdan yaxshilashning yakka-yu yagona yo‘li – ta’lim tizimini korrupsiyaning har qaday ko‘rinishlaridan va illatlaridan xolos etish. Buning uchun ta’limga bevosita daxldor bo‘lgan barcha tomonlar birgalikda harakat qilmog‘i, ta’lim jarayonida kechayotgan murakkab jarayonlarning passiv kuzatuvchilaridan, bilim sifatini oshirishning faol kurashchilariga aylanmog‘i lozim.
Bilimga daxldor tomonlar kimlar? Bunga quyidagi to‘rt toifadagi guruhlarni kiritish mumkin:
- ta’lim tizimini tartibga solish va boshqarishda ishtirok etuvchi davlat qonunchilik, ijro va nazorat organlari;
- ta’lim xizmatlari iste’molchilari, ya’ni talaba-o‘quvchilar;
- ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchilar, ya’ni professor-o‘qituvchilar;
- ota-onalar.
Ta’lim sifatini tubdan oshirish muammosini muvaffaqiyatli yechish uchun ular o‘zaro hamkorlikda va har biri alohida mustaqil bo‘g‘in sifatida ishlab chiqarishni bilimli mutaxassis bilan ta’minlashga harakat qilmog‘i lozim. Hozir, nazarimda, ularning har biri alohida va hammasi birgalikda ta’lim sifatiga teskari yo‘nalishlarda harakat qilmoqda. Fikrimning isboti sifatida ayrim dalillarni keltirmoqchiman.
Kirish imtihonlarini MXX emas, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi nazorat qilishi kerak
Birinchi tomon – ta’limni idora qiluvchi davlat tuzilmalari. Kirish test imtihonlari milliy xavfsizlik xizmati vakillarining bevosita ishtirokida va qattiq nazorati ostida o‘tkaziladi. Shunga qaramasdan oliy o‘quv yurtiga faqat bilimi bor yoshlarni saralab olish muammosi hal bo‘lmayapti.
Ko‘p yillik tajriba shundan dalolat beradiki, shunday nufuzli tashkilotning test sinovlariga jalb etilishi oliy o‘quv yurtlariga eng qobiliyatli, bilimdon yoshlarni saralab olish muammolarini uzil-kesil hal etib bera olmayapti. Bu holatning asosiy sababi shundaki, ushbu tashkilot ta’lim sifati ko‘rsatkichlari bo‘yicha davlat oldida hech qanday hisobot bermaydi, uning asosiy javobgarligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida. Modomiki, ta’lim sifatining javobgarligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi zimmasida ekan, demak talabalikka saralab olish jarayonini o‘zi qat’iy nazorat ostiga olishi zarur.
Ikkinchi tomon – o‘quvchi-talabalar. Bilim olish, hozirgi zamon fanidagi murakkab mazmunni o‘zlashtirish – inson faoliyatining barcha turlari o‘rtasida eng og‘iri va chinakamiga mashaqqatlisi, desak xato bo‘lmaydi. Yoshlar, ayniqsa bolalar, zerikarli, katta mehnat talab qiladigan fanni o‘rganishdan ko‘ra o‘yin, tomosha, sport, badiiy kitob o‘qish, televizor ko‘rish, internetga ulanishni xush ko‘radi. Bu tabiiy hol. Darslik qanchalik qiziqarli tilda yozilgan bo‘lmasin, o‘qituvchi darsni qancha qiziqarli o‘tishga harakat qilmasin, baribir, u fanligicha qolaveradi va hech qachon yosh bola futbol o‘ynashga nisbatan boshini qotirib tenglama yechishni afzal ko‘rmaydi. Yuqori sinflarda, ta’limning keyingi bosqichlarida o‘rganilishi lozim bo‘lgan murakkab fanlar to‘g‘risida gapirib o‘tirmasak ham bo‘ladi. Demak, yoshlarni o‘zlari uchun qiziqarli bo‘lgan mashg‘ulotlarning bir qismidan voz kechib, jamiyat uchun muhim bo‘lgan bilimlarni o‘zlashtirishga vaqt ajratishga majbur qiladigan, uni rag‘batlantiradigan, chinakamiga qiziqtiradigan vosita kerak. Bu ham bo‘lsa, uning bilimiga qo‘yiladigan baho. Amaldagi bilimni baholash tizimidagi nuqsonlar oqibatida yoshlarimiz puxta bilim egallash imkoniyatidan mahrum bo‘lmoqda.
Uchinchi tomon – yoshlarimizga bilim berayotgan pedagoglar, professor-o‘qituvchilar. Davlat, jamiyat ulardan bilimdon va yuqori malakali kadrlar tayyorlab berishni talab qiladi. Lekin amalda bu talabni ijro etishning samarali mexanizmlari yaratilmagan. Maktabda yaxshi o‘qib, bakalavriatura, magistratura, doktoranturani o‘tash, ne-ne mashaqqatlar bilan ilmiy ishini yoqlab, oxir-oqibatda olayotgan ish haqi ro‘zg‘or tebratishga yetmayotgan professor-o‘qituvchining talaba-o‘quvchilar bilimini ob’ektiv baholashi qiyin kechmoqda. Bu yerda gap faqat moddiy rag‘batda emas. Odatda, olimlar, o‘qituvchilar, o‘z tabiatiga ko‘ra sabr-qanoatli bo‘lishadi. Lekin jamiyat ularning mehnatini, bilimini qadrlamaganligidan iztirob chekadi, o‘zlarini kamsitilganday his qiladilar. Vaholanki, inson kapitali qadrlanadigan mamlakatlarda professor-o‘qituvchilar ish haqi darajasi bo‘yicha eng yuqori o‘rinlardan birida turadilar.
Bizning yurtimizda esa hozirgi kunda professor-o‘qituvchilar o‘z daromadlarini oshirishlari uchun ikkita yo‘l mavjud. Birinchisi – asosiy ishiga qo‘shimcha ravishda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, ikkinchisi esa g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan ish haqining yetishmay turgan qismini to‘ldirish. Har ikkala yo‘ldan qay birini tanlash har kimning vijdoniga bog‘liq.
Talaba-o‘quvchilarning bilimini baholashda professor-o‘qituvchilarning javobgarligi hamda sifatli bilim berishini rag‘batlantirishning samarali mexanizmlari yaratilmagan va bu ularga yo‘q bilimga ham ijobiy baho qo‘yish imkonini beradi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, nafaqat ikkinchi, balki birinchi yo‘l ham ta’lim sifatiga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki ustoz o‘zining asosiy ishi bilan shug‘ullanish, erta-yu kech o‘z ustida ishlash, malakasini oshirish o‘rniga ikkinchi darajali ishlar bilan band bo‘ladi.
To‘rtinchi tomon – ota-onalar. Ota-onalarning ta’lim sifatiga ta’siri ikkiyoqlama kuchga ega.
Birinchidan, ota-ona farzandini bolaligidan yaxshi o‘qishga, bilimli bo‘lishga da’vat qiladi, ibratli nasihatlar beradi, sharoit yaratadi, talab qiladi. Ular mamlakatda sifatli bilimni shakllantirishning asosiy kurashchilari sifatida harakat qiladi. Ota-onalarning bu xulq-atvori bilim sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ikkinchi tomondan, aynan ota-onalar yurtimizda ta’lim sifatining pasayib ketishiga asosiy sababchi bo‘ladilar. Chunki ota-ona o‘z farzandiga nisbatan yaxshilikni ravo ko‘rishda sog‘lom aql chegarasidan ham nariga o‘tib ketmoqda, ya’ni bolasida bilim va qobiliyat yetmay qolganda o‘zlarining barcha imkoniyatlarini (amal, tanish-bilish, oshna-og‘ayni, pul va hokazo) ishga solmoqda. Ota-onalarning bu xatti-harakati ko‘p tomonlama salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Vaholanki, o‘qishga ishtiyoqi bo‘lmagan farzandni amallab o‘qitib, 4-5 yil umrini isrof qilib, kelajakda uning beburd “mutaxassis” bo‘lishiga sababchi bo‘lgandan ko‘ra, tabiat in’om etgan qobiliyatiga muvofiq biron boshqa yo‘lga boshlash katta ijobiy samara berishi mumkin. Masalan, shu farzanddan zo‘r tadbirkor, noyob bir hunar sohibi, qo‘li gul usta chiqishi mumkin. Farzandiga yaxshilik qilish maqsadida qilingan harakat pirovard natijada jamiyatga ham, ota-onaga ham, ularning o‘sha jondan aziz farzandlariga ham kattadan-katta zararlar keltiradi.
Mamlakatimizdagi ta’lim sifatining bugungi holatida yuqoridagi to‘rttala tomon ham aybdor.
“Amallab” oliy o‘quv yurtiga kirgan va “amallab” uni bitirgan mutaxassislar mamlakatni oldinga emas, orqaga tortadi
Prezidentimiz 2017 yil 22 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida o‘zimizdagi muammolarni faqat o‘zimiz hal qilishimiz, o‘zimiz harakat qilmasak, ularni biz uchun boshqalar hal qilib bermasligini alohida ta’kidladi. Hammamiz birgalikda ta’lim sohasining korrupsiya illatidan xoli bo‘lishiga harakat qilishimiz, uni mamlakatda raqobatbardosh innovatsion iqtisodiyotni shakllantirishning bosh omiliga aylantirmog‘imiz shart, deb o‘ylayman.
O‘zbekiston o‘z taraqqiyotida ko‘p muhim sohalarda orqada qolayotganligiga, xalqimizning noroziligiga sabab bo‘layotgan, real hayotda ta’lim sohasi erishishi mumkin bo‘lgan barcha natijalarning samarasini yo‘qqa chiqarayotgan narsa – bu o‘quvchi-talabalar bilimini baholashda ob’ektivlik mezonlarining buzilayotganligidir. Chunki aynan ana shu nuqtada ko‘p tomonlarning manfaatlari kesishadi. Oxir-oqibatda shaxsiy manfaatlar ustunlik qiladi va davlat standartlari mezonlari chetga surilib, o‘quvchi-talabaning hali shakllanmagan, mavjud bo‘lmagan bilimiga ijobiy baho qo‘yib yuboriladi. Mas’uliyatni his qilmaydigan odamlar uchun oddiygina tuyulgan ana shu noob’ektiv baho qo‘yilgani bilimsiz kadr tayyorladik, degani. Bundan yoshlar, xalq, davlat va jamiyat juda katta zarar ko‘radi.
Ta’lim sifatiga, ta’lim berayotgan olimlar, pedagog-o‘qituvchilar sha’niga isnod keltirayotgan, xalqimizning tub manfaatlariga tamoman zid bo‘lgan bu illatlar juda tez fursatda, kechiktirilmasdan uzil-kesil hal etilishi kerak.
Hozirgi kunda xalqimizning tub manfaatlarini himoya qilishning, mamlakatda barcha sohalarda to‘planib qolgan va haqli ravishda o‘zining yechimini kutayotgan muammolarni hal etishning, yurtni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning ravon yo‘liga olib chiqish bo‘yicha barakali mehnatlarning amaliy yakunigacha davom ettirishning bosh nuqtasi – bu ta’lim sifati. Mamlakatda ta’lim sifati tubdan yaxshilanmas ekan, mamlakat milliy iqtisodiyoti mavqeini mustahkamlash, aholi turmush farovonligini yuksaltirish, aholi bandligini ta’minlash borasidagi barcha rejalar, maqsad va vazifalar qog‘ozda qolib ketaveradi.
Faqat iste’dodli, iqtidorli, bilimga chanqoq, kelajakda oliy ma’lumotli mutaxassis yoki olim bo‘lganidan keyin jamiyatga, xalqimizga ta’lim jarayonida olgan chuqur va puxta bilimlari bilan naf keltira oladigan yoshlar kasbiy ta’lim egallashi kerak. Savodi yo‘q, bilimsiz, “amallab” oliy o‘quv yurtiga kirgan va “amallab” uni bitirgan mutaxassislar mamlakatni oldinga emas, orqaga tortadi.
Ta’lim tizimida, ayniqsa, kasbiy ta’limda, shunday bir olijanob, barchaga ibratli bo‘lishi mumkin muhit tug‘dirishimiz kerakki, taqdir taqozosi bilan ota yoki ona, shunchaki tanish-bilishlar nari tursin, hattoki o‘zining farzandidan imtihon olishiga to‘g‘ri kelsa, hech qanday ikkilanmasdan uning bilimini adolatli, xolisona baholasin.
A’lo baholarni noto‘g‘ri, noob’ektiv qo‘ygan maktab o‘qituvchilari o‘z qilmishlari uchun javob berishlari kerak
Mamlakatimizda ta’lim sifatini tubdan yaxshilish, unda mavjud ayrim illatlarni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlash, O‘zbekistonda shakllantirilgan ta’lim tizimini, unda tahsil olgan va o‘qishni bitirgan yoshlarimizni butun dunyoga ko‘z-ko‘zlab, ibrat oladigan darajaga ko‘tarish uchun barcha imkoniyatlarimiz mavjud deb o‘ylayman.
Avvalo, yoshlarimizda bilimga, o‘qimishli, ma’rifatli bo‘lishga ishtiyoq kuchli.
Ikkinchidan, yoshlarga ta’lim berayotgan pedagog, professor-o‘qituvchilarimiz savodli, bilimdon, raqobatbardosh mutaxassis tayyorlash, bilim sifatini tubdan yaxshilash yukini o‘z zimmalariga olishga qodir.
Rivojlangan mamlakatlarda oliy o‘quv yurtiga qabul qilinadiganlar mamlakat jami aholisining bir foizini tashkil qiladi. Bizda esa 0,2 foiz atrofida. Shuning uchun oliy o‘quv yurtlariga qabul sonini keskin ko‘paytirish va mavjud farqni kamaytirib borish lozim. Birinchi kursga kirish tartibini tubdan o‘zgartirish, uni zamon talablariga moslashtirish kerak. Institutning birinchi kursi yoshlarimiz uchun sinov davri vazifasini bajarishi kerak. Maktabda faqat a’lo baholar bilan o‘qigan yoshlarni test sinovlari orqali emas, balki rektorat tomonidan tashkil qilinadigan nufuzli kengashning suhbati bilan qabul qilish mumkin.
O‘z imkoniyatini suiiste’mol qilgan va o‘z o‘quvchisiga a’lo baholarni noto‘g‘ri, noob’ektiv qo‘ygan maktab o‘qituvchilari o‘z qilmishlari uchun javob berishlari, agar qo‘pol xatolari borligi isbotlansa, javobgarlikka tortilishlari kerak. O‘z bilimini oqlagan o‘quvchilar birinchi kursda davlat granti asosida, keyingi kurslarda a’lo baholarda o‘qishini davom ettira olgan taqdirdagina, davlat granti bilan taqdirlanishini nazarda tutish mumkin. Shu tadbirning o‘zi maktablarda ham, oliy o‘quv yurtlarida ham yoshlarning a’lo o‘qishga qiziqishini, mas’uliyatini sezilarli darajada oshiradi. Birinchi kursning o‘zidayoq o‘qishga havasi bor, lekin qobiliyati yetarli bo‘lmagan tasodifiy talabalarni institutdan chetlashtirish, ikkinchi kursga faqat oliy ma’lumot olishga layoqatli yoshlarni saralab olish imkoni yaratiladi.
Hozirgi kunda bitiruvchilarni yakuniy davlat attestatsiyasidan (YaDA) o‘tkazish amaliyoti ham yaxshi samara bermayapti. Bu bosqichda ko‘pincha “shuncha yil o‘qidi, endi diplom bermasak, bo‘lmas” qabilidagi o‘rinsiz mulohazalar ustunlik qiladi. Bu yerda murosasozlikdan ko‘ra malakasi past talabani tayyorlagan, unga kerakli bilimlarni bera olmagan va davlat attestatsiyasigacha “yetaklab” kelgan mutasaddi shaxslarning javobgarligi masalasini, talabaning shunday ahvolga tushganligining chuqur sabablarini o‘rganish muammolarini kun tartibiga qo‘yish katta samara beradi.
Ko‘pincha oliy o‘quv yurtiga talabalar qabulini tashkilot va korxonalarning talabidan kelib chiqqan holda belgilash masalasi qo‘yiladi. Quruq rasmiyatchilikdan boshqa natija bermayotgan bu samarasiz amaliyotdan tamomila voz kechish va bozor iqtisodiyoti sharoitida institutga qabul miqdorini bozor mexanizmlari orqali tartibga solish masalalarini jiddiy o‘ylab ko‘rish zarur. Ayniqsa, o‘z mablag‘i hisobidan o‘qiyman degan yoshlarning yo‘lida hech qanday to‘siqlar bo‘lmasligi, diplom olishning asosiy sharti YaDA sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tish bo‘lmog‘i lozim.
Bilim sifati yaxshi bo‘lgan har bir oliy ma’lumotli mutaxassis – jamiyatimizning boyligi.
Qancha yoshlarimiz xorijda mehnat qilayapti. Agar ularda diplom, eng muhimi, shu diplomga mos kuchli bilim bo‘lsa, yaxshi ijobiy samaralarga erishish mumkin bo‘lar edi. Ular xorijda mutaxassis sifatida ishlab, o‘zlariga ham, jamiyatimizga ham katta naf keltirishi muqarrar.
Ta’lim tizimida mavjud negativ holatlarning ta’magirlik va poraxo‘rlik illatlarini bartaraf etishda ta’lim muassasasi rahbarlarining roli beqiyos. Jamoa odatda rahbarga taqlid qiladi, unga mos ish tutadi, talablarini bajarib, buyruq va ko‘rsatmasiga itoat qiladi. Rahbar talabchan, o‘z xatti-harakatlarida shaffof bo‘lgan ta’lim muassasalarida jamoa a’zolari ham unga munosib ish tutishga, nojo‘ya ishlardan o‘zlarini tiyishga intiladi. Shu sababli ta’lim muassasalariga rahbarlarni tanlashda ularning ana shu xislatlariga alohida e’tibor qaratish lozim.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida, shuningdek, uni amalda muvaffaqiyatli ijro etishning muhim sharti sifatida mamlakatimizda ta’lim sifatini tubdan yaxshilashning har tomonlama puxta o‘ylangan yaxlit tizimi ishlab chiqilishi va amaliyotga joriy etilishi lozim.
Murod MUXAMMEDOV,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori,
iqtisod fanlari doktori.
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori,
iqtisod fanlari doktori.
Manba: uza.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»