
Menejment daholaridan biri, jahonning eng ko‘p haq to‘lanadigan maslahatchilari qatorida turadigan Itsxak Adizes RBK bilan suhbatda korrupsiyaga qarshi kurash, demokratiya, bugungi jamiyatdagi tafovutlar haqida so‘z yuritdi.
— Siz yaqinda Meksika prezidenti Andres Manuel Lopes Obradorga maslahatlar bitilgan ochiq xat yo‘lladingiz. Rossiya rahbariyatiga ham xuddi shunday xat yozadigan bo‘lsangiz, qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?
— Men 50dan ortiq mamlakatlarda ma’ruza o‘qiyman va barcha joyda bitta umumiy muammo mavjud — korrupsiya. Nima uchun bu hodisa keng tarqalgan va unga qarshi qanday kurashilmasin, muhim ahamiyat kasb etadi? Yahudiylarda bir maqol bor: devordagi tuynuk o‘g‘rini jalb etadi. Hozirda dunyo izchil o‘zgarishlarni boshidan kechirmoqda — iqtisodiyot, odamlar hayoti, texnologiyalar juda tez o‘zgarmoqda. Ana shu o‘zgarishlar bois mamlakatda boshqaruv izdan chiqmoqda va devordagi tuynuklar ko‘payib bormoqda. Davlat tizimi ishlamaydigan joyda korrupsiya aylanma yo‘llarni topishga yordam beradi. Shuning uchun unga qarshi qat’iy jazolar, masalan Xitoydagi kabi qatl qilishlar bilan kurashib bo‘lmaydi. Agarda korrupsiyaga barham berilsa, hamma narsa ishlashdan to‘xtaydi. Gap shundaki, korrupsiya — byurokratiyaning teskari tomoni: masalan, o‘sha Meksikada olma hosilini terib olish kerak, davlat hosilni terib olishni nazorat qiluvchi 88ta qoidani o‘rnatgan. Bunday sharoitda ishlash uchun odamlar istasa-istamasa qonunni buzishlariga to‘g‘ri keladi. Shu bois, Meksika prezidentiga biznesning barcha sohalarida tartibga solishni soddalashtirish, uni yanada tushunarli va shaffof qilishni maslahat berdim.
— O‘z blogingizda qiziq holatni tasvirlagansiz: barcha sobiq va amaldagi kommunistik davlatlarda jamoat joylari — ko‘chalar, bekatlar, sport maydonchalari iflosligini, demokratik davlatlarda esa top-tozaligini aytgansiz. Nega shunday?
— Nafaqat kommunistik mamlakatlarda, balki barcha sobiq mustamlaka davlatlarda shunday. Barcha avtoritar davlatlarda ham. Bunday mamlakatdagi istalgan uyga kiring va siz zinalar iflosligini, devorlar yorilib ketganini ko‘rasiz. Xonadon ichiga kirsangiz – top-toza va chiroyli. Nima uchun ichkarida va tashqarida bunday farq bor? Chunki bunday mamlakatlardagi odamlar shunday o‘ylashadi: bu meniki, bu seniki, seniki bilan meniki o‘rtasidagi barcha narsalar hech kimniki emas, ular haqida davlat o‘ylasin, ularning bizga aloqasi yo‘q. Bunday mamlakatlarda xalq o‘zini hukumatga qarama-qarshi qilib qo‘yadi. Demokratik davlatlarda esa odamlar boshqacha o‘ylashadi: hukumat bu biz, demak, barcha jamoat joylari bizniki. Men yashaydigan Santa-Barbarada ko‘chada bir parcha qog‘oz yerda yotganini topa olmaysiz. Nima uchun? Chunki har shanba kuni odamlar o‘z ko‘chalaridagi chiqindilarni yig‘ishtirishadi, demokratiyaning kuchi mana shunda.
— Ammo hozirda ko‘plab siyosatchilar, masalan libertarianlar partiyasidan prezidentlikka nomzod Ron Pol aksariyat mamlakatlarda demokratiya tezda befoyda tizimga aylanayotganini aytmoqda. Nima uchun shunday bo‘lmoqda?
— Muammoning ildizini quyidagilarda deb bilaman. Rivojlangan mamlakatlarda ham davlat kuchaymoqda, chunki mamlakatlar oldida turgan muammolar kalavasi borgan sari chuvalashib ketmoqda. Kalavaning uchini faqatgina hukumat topadigandek tuyulmoqda va u o‘ziga ko‘proq hokimiyatni olmoqda. Bu demokratiyani o‘ldiradi. Demokratiya halok bo‘lishining yana bir sababi, partiyalar hokimiyat uchun kurashga qattiq kirishishidir. Ular bir-birlarini korrupsiyada ayblaydi va oddiy fuqaro ulardan qay biri yaxshi, qay biri yomonligini anglolmay qoladi. Va u barchasini tartibga keltiradigan qandaydir «ota» boshqarishini xohlay boshlaydi. Markazlashish yangi feodalizmga olib keladi.
— Menimcha, demokratiya tizim sifatida ta’lim darajasiga bog‘liq: odamlarning dunyoqarashi tor bo‘lsa, ular oqilona qaror qabul qila olishmaydi, ularni boshqarish oson bo‘ladi.
— Shunaqa, lekin muammo shundaki, bizning davrimizda ta’limga yondashuv ham boshqacha bo‘lishi kerak. Men Kolumbiya universitetida doktorlik darajasini olganimda judayam xursand edim va o‘zimdan faxrlandim. Qo‘limda diplom bilan yo‘lakda ketarkanman, auditoriyadan doktorlik dasturiga kirish imtihonini topshirgan talabalar chiqib kelishdi. Ularga qani, nimalardan imtihon topshiryapsizlar dedim. Ikki-uch yildan keyin xuddi menday doktorlik darajasini oladigan bu talabalarning kirish imtihonlariga nazar solarkanman, bu imtihonlardan o‘ta olmasligimni tushundim — ulardan menda yo‘q bilim talab qilinayotgandi. Mening doktorlik darajam o‘sha darajani olgan kunimoq eskirib bo‘lgandi. Biz o‘rgangan narsalar bir necha yil ichida eskiradi: inson o‘z bilimlarini muntazam ravishda oshirib bormasa, shifokor yoki muhandis bo‘la olmaydi. Juda ko‘pchilik diplom oladi va o‘ylaydi: bo‘ldi, endi men hamma narsani bilaman va oqilona qarorlar qabul qila olaman. Aslida diplom siz bilim olishni tugatganingizni emas, bilim olishda davom etishingizga ruxsat berilganini anglatadi. Sog‘lom qaror qabul qilish uchun inson doimo, butun umri davomida o‘qib-o‘rganishiga to‘g‘ri keladi.
Itsxak Adizes haqida
Itsxak Kalderon Adizes —Adizes Institute (Kaliforniya) asoschisi, yuzlab kompaniyalar, jumladan Bank of America, Coca-Cola, IBM va boshqalarning biznes-maslahatchisi, Shvetsiya, Braziliya, Isroil, Meksika hukumatlarining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi. Jahonning eng ko‘p haq to‘lanadigan maslahatchilaridan biri. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar