date
views 4 961

O‘zligingizga qayting, o‘zbegoyimlar

O‘zligingizga qayting, o‘zbegoyimlar
Aslida hayo qabohatni yo‘qotish uchun ato etilgan xulqdir. Hayoli insonga har kim ham jur’at qilib gapira olmaydi, uning qadrini toptashga birovning haddi sig‘maydi. Hayo – bu mustahkam qo‘rg‘on bo‘lib, o‘z sohibini dunyo va oxirat xijolatligidan himoya qiladi. Nabiy alayhissalom:«Hayo faqat yaxshilik olib keladi», deganlar. Hayoli kishining ba’zi ayblari ham ko‘zga tashlanmaydi.

Hayo haqida gap ketar ekan, shu o‘rinda ovqatlanish, o‘zini tutish, so‘zlash va kulish odoblari kabi muhim masalalarni ham aytib o‘tishimiz lozim.

Qiz bolaning baland ovozda kulishi, baqirib so‘zlashi, jamoat joylarida o‘zini tuta bilmay, har xil qiliqlar qilishi o‘ta xunuk holatlar hisoblanadi. Boshini orqaga tashlab, og‘zini katta ochib kulayotgan qizlarga qarab turib, oynai jahonning salbiy ta’sirini ko‘rgandek bo‘laman. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kulgilari faqatgina tabassumdan iborat bo‘lganini bilarmikin?

Ba’zan tantanalar munosabati bilan yoziladigan dasturxon atrofida kuzatib o‘tiraman: ayollarimiz o‘zaro hol-ahvol so‘rashgach, ovqatlanish bilan birga g‘iybatga ham kirishib ketishadi. Uy egasining halol dasturxonida o‘tirib, tansiq taomlarga solib pishirilgan halol go‘shtlar bilan qo‘shib o‘z birodarlarining harom go‘shtini chunonam tushirishadiki, uyalib ketasan kishi. Aslida yig‘inlarga diydorlashish umidida boriladi, qorin g‘amida emas. Shu nafs uyda ham taqdirida yozilgan rizqini yeb, orom oladi-ku!

Qolaversa, nozik xilqat sanalmish ayollarga lunjini to‘ldirib taom yeyish ham yarashmaydi. Buning ustiga, og‘zida ovqati bilan gapirish nafaqat bizda, balki butun dunyoda ham odobsizlik, tarbiyasizlik sanaladi. Mayli, mehmonga borgan ayol o‘zi bilan birga o‘tirgan mehmonlardan, mezbonlardan uyalmasin, lekin Allohdan, o‘zidan, holidan uyalsin. Biz «Izzat tilasang kam de, sihhat tilasang kam ye» deb, bu borada butun dunyoga ustoz bo‘lgan zotlarning avlodimiz axir!

Endi hayo haqidagi suhbatni ikkinchi toifa vakilalari bilan davom ettiramiz.

Sizlar, ey boshida ro‘moli bo‘la turib, qalbida hayosi bo‘lmagan qizlar!
Ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga nozlanib, burilib tushgan suratlarini joylab, masturalar sha’niga dog‘ tushirib yurgan qizlar!

Alloh farz qilgan holatda yurganini da’vo qilib, aslida shaytonning yetovida yo‘rg‘alagan qizlar, gapimni diqqat bilan eshiting!

Bilib qo‘ying, Alloh sizlarning kiyimingizga, bu taxlit zo‘raki yopinishingizga zor emas. U Zot faqat o‘zingizning manfaatingiz, tinch-xotirjam yashashingiz, badnazarlar, hirsli qarashlar, razil o‘y-fikrlardan himoyalanishingiz uchungina buni amr qilgan. Ha, bu ilohiy hukm faqat sizning foydangiz uchun chiqarilgan!

Tor liboslarda, sochlarni tuyaning o‘rkachiga o‘xshatib turmaklab yurishingiz risoladagi muslimaning ko‘rinishiga aslo to‘g‘ri kelmaydi. Bu yurish-turishingiz nafaqat o‘zingizga, balki go‘zal suratingizga mahliyo bo‘lib, ko‘ngli sust ketgan ko‘chadagi begona erkaklarga ham botmon-botmon gunohni yuklab qo‘ymoqda. Nima qilasiz ularning nazariga, behayo o‘ylariga nishon bo‘lib? Bu chinakam muslima ayolning sifatlaridan emas-ku?! Axir Fotima onamiz roziyallohu anho: «Ayollarning yaxshisi begona erkaklarning xayolida bo‘lmaganidir», demaganmi edilar?

Kiyinish madaniyatini, jamoat etiketini bilmasangiz, odamlarning fikrini oyoqosti qilib, yasan-tusan qilib ko‘chaga chiqishingiz, hatto eng ulug‘ bayramlar – Qur’oni karim musobaqalariga ham to‘yga ketayotgandek yasanib borishingiz – bularni qaysi andozaga, qaysi qolipga sig‘dirish mumkin?

Davlatimiz rahbarlari ham, din ulamolari ham sizlardan Buxoriy va Termiziylarni, Ibn Sino, Beruniylarni kutmoqda. Bir mulohaza qilib ko‘ring, bu ulug‘ zotlarni dunyoga keltirgan momolarimizning qaysi jihatlarini, qaysi xislatlarini, qaysi fazilatlarini sizlarga qiyoslash mumkin? Ularni qo‘yaturing, o‘zingizni dunyoga keltirgan onalaringiz ham sizlarga o‘xshab kiyinmagan, sizga o‘xshab pardoz-andoz qilmagan, ko‘chadagilarni o‘ziga qaratmagan bo‘lsa kerak?

Shu o‘rinda dunyo va jannat ayollarining sayyidasi Fotima roziyallohu anhoning iffatu ibolari xususida zarbulmasal bo‘lgan bir hikoyani eslagim keldi.

Fotima roziyallohu anho betob bo‘lib, o‘lim to‘shagida yotganlarida Asmo bint Umays roziyallohu anho u kishini ko‘rgani keldilar. Shunda Fotima roziyallohu anho unga: «Asmo, men ayollarga qilinadigan narsani yoqtirmayman. Ayol kishining ustiga bitta mato tashlab qo‘yiladi, bu esa uni vasf qilib turadi», dedilar (Fotima onamiz ushbu so‘zlari bilan «Vafot etganimda tobutim erkaklar oldiga olib chiqilib, ularga mening jismim bilinib turishidan hayo qilaman», degan ma’noni iroda qilgan edilar.

Chunki o‘sha vaqtda tobutlar tekis taxtadan iborat bo‘lib, mayyit unga yotqizilar, ustiga esa mato tashlab qo‘yilar edi. Bunday tobutda jasadning shakli aniq bilinib turardi). Shunda Asmo roziyallohu anho: «Ey Rasulullohning qizlari, Habashistonda o‘zim ko‘rgan narsamni sizga (yasab) ko‘rsataymi?» deb, xurmoning ho‘l novdalaridan olib kelishni so‘radilar. So‘ngra ularni bukib, taxtaning ustiga o‘rnatib, tobut yasab ko‘rsatdilar. Keyin ularning ustiga mato tashladilar. Buni ko‘rgach, Fotima roziyallohu anho: «Qanday yaxshi, qanday go‘zal ekan! Ayol kishi erkak kishidan ajralib turar ekan», dedilar (chunki bunday tobut jasadning shaklini bildirmay turar edi).

Mana siz o‘rnak olishingiz, taqlid qilishingiz lozim bo‘lgan fitrat!
Mana sizga ham beqiyos ko‘rk, ham viqor baxsh etuvchi ziynat!
Mana sizni dunyo va oxirat sharafiga yetaklovchi siyrat va surat!
Hoy qizlar, Allohdan hayo qiling: U Zot dinimizga erkinlik, ilm-ma’rifatga ravnaq berib turgan paytda nuqsonga yo‘l qo‘yishdan hayo qiling!

Hoy qizlar, Allohdan hayo qiling: mana shu ko‘rinishda bo‘la turib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ummatlikni da’vo qilishdan hayo qiling!
Odamlardan hayo qiling: faqat baxtiyor mahramingizga atalgan go‘zallikni begonalarga namoyish qilib, ularni ham gunohlar oloviga tashlashdan hayo qiling!
Ota-onangizdan hayo qiling: ming bir azobda ulg‘aytirgani evaziga gunohingizga sherik qilishdan hayo qiling!

Nahotki o‘zbekning O‘zbek oyimlari o‘tgan kunlardagina qolgan bo‘lsa?
Nahotki o‘zbekning Oftob oyimlarini endi faqat «O‘tkan kunlar»dagina o‘qib tanisak?
Nahotki ibo, nazokat, latofat, malohat namunasi bo‘lgan Kumushbibilar endi tuproq ostidagina qolgan bo‘lsa?
Nahotki millatning sha’ni bo‘lgan momolarimiz ertaklarga aylanib qoldi?

Hayosizlik madaniyat hisoblanib qolgan, uyalish, tortinish kabi asl fazilatlar kulgi qilinadigan bizning davrimizda iffat va hayo haqida yozish balki g‘alati tuyular... Ehtimol, bolalarda bu xislatni shakllantirish aql doirasidan tashqari deb baholanar, ammo biz bu narsalarga e’tibor qilmaymiz.

Ota-ona o‘zining erinchoqligi bois yoki boshqa sabablar bilan bolani televizor qarshisiga «mixlab» qo‘yishi uning hayo pardalari tirnalishiga ilk qadam hisoblanadi. Biz «multfilm» deb ataydigan, aslida kattalar ham ko‘rsa uyaladigan sahnalarga boy animatsiyalar hali shakllanib ulgurmagan go‘dak ongida ilk behayolik urug‘larini ekadi.

So‘zim yakunida eslatib o‘tamanki, ushbu maqola kimningdir dilini og‘ritish yoki ayblash maqsadida yozilmadi. Balki oramizda uchrab turadigan illatlardan Alloh qodir qilganicha bir-birimizni xabardor etib, o‘zaro isloh yo‘lini tutish umidida bitildi. Mo‘min mo‘minning oynasi ekan, ayblarimiz ustidan g‘ayridinlar kulmasidan turib, o‘z ichimizda o‘zaro bir-birimizni isloh etishni istaymiz. Bundan muslima opa-singillarimiz to‘g‘ri xulosa chiqaradilar, aslo ranjimaydilar, degan umiddamiz.

«Qizlarjon...» kitobidan
Odinaxon Muhammad Yusuf

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zligingizga qayting, o‘zbegoyimlar