14:14 / 02.10.2019
3 476

Innovatsiyaning o‘zi nima-yu, o‘zbek amaldorlari nima haqda gapiryapti?

Innovatsiyaning o‘zi nima-yu, o‘zbek amaldorlari nima haqda gapiryapti?
Foto: Google Photos
Yosh fizik olim va ijtimoiy tarmoqlarda faol bloger Rustam Ashurov bugungi O‘zbekistonda xalqaro reytinglar, innovatsiyalar, klasterlar haqida ko‘p gapirilayotganini, ammo reallik naqadar achinarli ekanini, gapirayotganlar ko‘pincha hatto «innovatsiya» so‘zining mazmunini ham tushunmasligini ta’kidlaydi. Uning fikrlari bilan quyida tanishishingiz mumkin.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, televideniye orqali islohotlar haqida gap ketganda tinmay bir xildagi so‘zlar yangraydi – «innovatsiya», «klaster», «investitsiya» va hokazo. Innovatsion iqtisodiyot qurishga urinish, bu yo‘lda turli klasterlarga investitsiyalar jalb qilishga bo‘lgan harakat va maqsad tahsinga loyiq. Lekin biz og‘zimizdan chiqayotgan bu so‘zlarning mazmunini qay darajada tushunamiz? Ular aslida ham biz tasavvur qilgan narsalarmi?

Qo‘rqmay ayta olishim mumkinki, «innovatsiya», «klaster», «investitsiya» kabi so‘zlari haqidagi tushunchamiz rivojlangan davlatlarnikidan ancha farq qiladi. Biz bu so‘zlarni yodlab olgandek takrorlaymiz, mazmunini va asl mohiyatini esa tushunishni xohlamayotgandekmiz go‘yo.

Masalan, O‘zbekistondagi istalgan OTMga borib, strategik rejasini so‘rasangiz, uning vakillari maqsadlari yaqin kelajakda jahon universitetlar reytingida top mingtalikka kirish ekanini faxr bilan aytadi va buning uchun innovatsion o‘quv uslublarini qo‘llash kerakligini qo‘shib qo‘yadi. Ishonchim komilki, 90 foiz OTM shu javobni beradi.

Endi siz suhbatdoshingizdan so‘rab ko‘ring: «Xo‘sh, faraz qil, o‘sha top mingtalika kirding. Aytgin-chi, o‘sha paytdagi ko‘rinishing bilan hozirgi ahvoling orasida qanday farq bo‘ladi?» Javob yo‘q. Chunki unda top mingtalikka kira oladigan universitet qanaqa bo‘lishi kerakligi haqida umuman tushuncha shakllanmagan. Oliy ta’lim vaziri televideniye orqali jahonning yuqori reytingli universitetlari qatoriga bizning OTMlarimiz ham qo‘shilishi kerakligi haqida tinmay gapiradi.

Lekin u bu ta’lim tizimimiz bilan jahon u yoqda tursin, kolxoz reytingiga ham qo‘shila olmasligimiz haqida miq etmaydi. Tizim o‘zgarmasa, vazirning gapi «qo‘shilishi kerak»dan nariga o‘tmasligini aniq. Reyting davomat va galustukka qarab tuzilmaydi aslo! Inqilobiy o‘zgarishga esa tayyor emasmiz.

Boshqa bir misol bu – klasterlar. Hamma joy klasterlashib ketdi. Klasterlardan maqsad hududda yaxshi investitsion muhitni yaratish va doimiy ravishda innovatsion texnologiyalarni jalb qilib borishdir. Ya’ni bir hududda shakllantirilgan infratuzilmadan bir nechta bir-biriga o‘xshash yoki turdosh mahsulot ishlab chiqaruvchilar birgalikda foydalanishi mumkin. Klaster ishlab chiqaruvchilarga infratuzilmani ushlab turishdagi operatsion xarajatlarni pasaytirish, yangi texnologiyalarni joriy qilishni osonlashtirish, kadrlarning kritik massasini ta’minlash, shuningdek, iste’molchilar bilan ishlashni mukammallashtirish kabi imkoniyatlarni beradi.

Klasterning, xoh agrar, xoh Hi-Tech bo‘lsin, ajralmas qismi bor. Bu kadrlar yetkazib beruvchi ta’lim tizimi va klasterning doimiy raqobatbardoshligini ta’minlab beruvchi fan va texnologik tashkil etuvchisidir. Bularning ikki klaster ichiga kirmasa, u mahsulot bozorida o‘z o‘rnini yo‘qotib boraveradi. Harqalay, normal raqobat bor yerda u o‘z o‘rnini yo‘qotishi aniq. Bizning klasterlarda kadrlar tayyorlash va texnologik yangilanish bilan, shuningdek, qolgan hamma ish bilan ham Vazirlar Mahkamasi shug‘ullanadi. Xullas, klasterning asl mohiyatidan yiroqlashib, hamma yerda klasterlab yuribmiz!

Bu qatorga «innovatsiya» so‘zini ham hech ikkilanmay qo‘shishimiz mumkin. Innovatsiya vazirligi tashkil etildi. Innovatsiya aslida ta’lim va ilmiy jarayonlarining o‘zaro siklik munosabati natijasi ekanini hisobga olsak, no‘noq ta’lim tizimimiz va cho‘kayotgan Fanlar akademiyasi ustiga Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etilishi kulgili holat. Innovatsiya vazirligi bo‘lishi kerakdir balki. Ammo oyoqda mustahkam turadigan ta’lim va fan vazirliklari bor yerda. Innovatsiyalarning bo‘lish yoki bo‘lmasligi alohida vazirlikka bog‘liq ham emas aslida.

Innovatsion rivojlanishda ortda qolishda aybni to‘rtta soha va ularning vazirliklari bo‘lishib olgani to‘g‘ri bo‘lardi, menimcha: ta’lim, fan, iqtisodiyot va sanoat vazirliklari. Ular innovatsiyalar uchun To be or not to be degan savolga javob berishi kerak. Agar kuchli ta’lim, fantalab sanoat, shunga mos ilm-fan va bularning natijasi o‘laroq barqaror iqtisodiyot shakllansa, innovatsiyalar o‘z-o‘zidan paydo bo‘laveradi. Balki innovatsion rivojlanish vazirligi shundan so‘ng asqatar. Hozir esa innovatsiya vazirligini innovatsiyalar ko‘rinmayotganida ayblash mantiqsiz.

Xulosa o‘rnida aytmoqchimanki, zamonaviy so‘zlarni ularning mazmunini tushunmagan holda qo‘llayverish vasvasadan boshqa narsa emas. Vaziyat shu tarzda davom etgudek bo‘lsa, bizda innovatsiya emas, faqat innovasvasa bo‘ladi xolos.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Innovatsiyaning o‘zi nima-yu, o‘zbek amaldorlari nima haqda gapiryapti?