13:08 / 04.08.2020
6 142

Ikki yarim yashar bolani urib o‘ldirgan Milliy gvardiya xodimi 19 yilga «kesildi»

Ikki yarim yashar bolani urib o‘ldirgan Milliy gvardiya xodimi 19 yilga «kesildi»
Samirning zuvalasi qorilgandayoq otasi tashlab ketgandi. Shar’iy nikoh asosida turmushga chiqqan onasi qappaygan qorni bilan qolaverdi. Turli malomat-u mish-mishlarga qaramay, ona baribir uni dunyoga keltirdi.

Toshkent viloyatining poytaxtga yaqin tumanidan bo‘lgan ona-bola ikki yilcha goh u qarindoshi, goh bu qarindoshinikida yashadi. So‘ng poytaxtga ko‘chib, ona ofitsiantlik qilishga tushdi, biroq topgani ijara haqi va enaga pulidan ortmadi. Samirning otasidan aliment undiray desa, buning bir dunyo dahmazasi bor ekan: avval otalik faktini tasdiqlatib, so‘ng bola ta’minoti uchun da’vo qo‘zg‘ashi mumkinligi tushuntirildiki, shundog‘am ahvoli tang ayolda sudma-sud yurishga imkon qayda?!

Bola ikki yoshdan o‘tganda onasi rizqini Turkiyadan qidirishga qaror qildi. Samirni avval tanish enagaga (oyiga ma’lum haq evaziga) qoldirdi. Enaga bir-ikki oy qaragach, orada o‘rinli sabab chiqib, uzrini aytdi. Shundan so‘ng ona tug‘ishgan opasiga sim qoqdi: jiyaningga o‘zing qarasang enaga puli begona bo‘lmasdi...

Opaning o‘zi jo‘jabirday jon, oilasi bilan ijarada yashaydi. Eri — Milliy gvardiya xodimi, maoshi chakkimas, ammo baraka yo‘q. Uchta bolasi qatori Samirni ham qaramog‘iga olsa, singlisi beradigan pul ilma-teshik ro‘zg‘orning bittasiga yamoq bo‘larmidi?!

Ayni shu omil tabiati o‘ta og‘ir erining roziligini olishda muhim omil bo‘lgani bor gap...
Xullas, Samir xolasinikida yashay boshladi. Murg‘ak joni shu xonadonda uzilishini qaydan bilibdi, sho‘rlik?!

Xolasining eri Yomon (albatta, bu shartli nom, maqoladagi ism-shariflar o‘zgartirilmoqda, «xolasining eri»ni «Yomon» atashimiz boisiki, unga sof o‘zbekcha ismni ravo ko‘rgimiz kelmadi, rosti!), darhaqiqat, ismi-jismiga monand ekan. Ulfatchilikni o‘ta xush ko‘radigan Yomon ichgan kuni xonadonida qiyomat qo‘pardi. Mast payti qildan qiyiq topib, xotinini do‘pposlar, bunday janjallardan bolalarining ruhiyati allaqachon lat yeb bo‘lgandi. Samir ham qo‘rqqanidan bir gal ishtonini ho‘l qilib qo‘yadigan darajaga yetdi. Bu esa ichvolganda shu go‘dak ko‘ziga balodek ko‘rinadigan Yomon uchun tayyor bahona bo‘lardi deng. Birinchisidayoq u Samirning «bulbulchasi»ni siqib ushlab, oshpichoqni o‘ynatib dedi: «Yana ishtoningga siyib qo‘ysang... kesvoraman!». O‘shanda xolasi uni erining changalidan yulqib olgandi, ammo Yomon «tarbiya»ga shu qadar berilib ketganidan pichoqning uchi bola a’zosining bir chetini tilib ketadi...

Shundan keyin Samir nafaqat Yomon ichib kelgan payt, balki ovozini eshitgandayoq ishtonini ho‘llab qo‘yadigan bo‘ldi. Va har safar kaltak ostida qolardi. Shunday «tarbiyaviy soatlar»ning birida Yomon bolani qiynab, yelkalarini tishlab-tishlab olsami?! Tish izlarini xolasi uni cho‘miltirayotganda ko‘rib qoladi. Biroq «miq» etmaydi, etolmaydi. Kaltak tagida qolishi aniq-da...

Shu yilning yanvar oyida Yomon yana ichib keldi. Shu darajada mast ediki, ijarada yashaydigan ko‘p qavatli uy yo‘lakchasidagi eshik kodini eslolmadi hatto. Xotinini baqirib chaqirar ekan, yetti pushtisini avra-astarini ag‘dargan ko‘yi yo‘lak eshigini ochishini aytdi. Xotini birinchi qavatga tushib, eshikni ochgani hamono er odatdagidek bilak kuchiga zo‘r berdi. Ayol ko‘chaga qarab qochadi... Ammo qayoqqayam borardi?! Eri uyga kirib, bir baloni boshlashidan cho‘chigan ayol yaqin o‘rtada o‘zlari ijarada turgan xonadon egalariga borib, Yomonni insofga chaqirib qo‘yishlarini so‘radi.

Birovning pand-nasihati mast odamga ta’sir qilarmidi?! «Xozayin»lar ketgach, Yomon battar quturdi, alamini karrasiga olishga tushdi. Ayol qochib ichkariga xonaga kirvolgach, Yomon Samirga tashlandi. Yana ishtonini ho‘l qilib qo‘ygani bahona bo‘ldi-yu go‘dakni yotqizvolib, duch kelgan joyiga uraverdi, tepaverdi...

Bu orada bolani erining changalidan qutqarmoqchi bo‘lgan ayol unga qo‘shilib kaltak yedi...

...Kechasi bilan dong qotib uxlagan Yomon ertalab xotinidan Samir o‘lib qolganini bildi. Shundayam sir boy bermay tayinlaydiki, bola zinadan yiqilib tushishi oqibatida tili tortilib o‘ldi, deysan, xo‘pmi? Agar aytganimni qilmasang...

Yomon ishga, ayoli jonsiz Samirni ko‘tarib qishlog‘iga ketdi. Borib qaynonasiga voqeani aytdi. Qaynona ham o‘g‘lining gapni qaytardi: bolani tili tortilib o‘lgan demasang, uyimiz kuyadi, kelin....

Murdani ko‘mish uchun o‘lim guvohnomasi kerak, bu esa shifokordan bir parcha hujjat talab qiladi. Qachonki murdani qishloq feldsheri ko‘rib, «tili tortilib o‘lganiga» shubha qilganidan so‘ng yopilayotgan qozonning bir uchi xiyol ochildi. Bundan hushyor tortgan Samirning buvisi (ona tomonidan) ichki ishlar organiga qo‘ng‘iroq qiladi. Vaziyatga organ xodimlari aralashgach, go‘dakning murdasi ekspertizaga yuborildi. Ekspertlar esa bola tili tortilib emas, yetkazilgan tan jarohatlari oqibatida vafot etganini tasdiqladi...

...Yozganlarimizda zarracha mubolag‘a yo‘q. Hammasi sud hukmida qayd qilingan va isbotini topgan holatlar. Bayonda biroz badiiy bo‘yoqlardan foydalanildi, xolos. Tag‘inam jinoyat tafsilotlariga atroflicha to‘xtanilgani yo‘q, rosti, hukmni o‘qigan uncha-muncha odam «dod!» devorishi hech gapmas. Ishni ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari Akbarali Turabov bejiz ta’kidlagani yo‘q: sudlanuvchi Jinoyat kodeksining ikkita — 97-modda 2-qismining «v,j» bandlari (ojiz ahvoldagi shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirish) hamda 110-modda 2-qismining «a,v» bandlari (voyaga yetmagan bolani muttasil ravishda qiynab, do‘pposlash) bilan ayblanganining o‘zi hamma-hammasini aytib turibdi. Ayblovlar sudda tasdig‘ini topgani bois ham sudlanuvchi 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Jazo o‘z yo‘liga. Biroq o‘ta tushunarsiz holatki, bunday vahshiytabiat kimsa Milliy gvardiyaga qanday kirib qolgan? Bu dargoh duch kelganni ishga olavermaydi. Talabgorning bo‘y-basti, jismoniy holati muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq asosiy e’tiborni jismoniy holatga qaratavermay, talabgorning dunyoqarashi, ayniqsa, ruhiy holatini ham jiddiy taftish qilish kerakka o‘xshaydi. Jamiyat va fuqarolar tinchlik-osoyishtaligi uchun mas’ul organ xodimi jismonan tetik bo‘lishi barobarida ruhan xotirjam ham bo‘lishi kerak. Shundagina o‘ttizga to‘lmay qotilga aylangan Yomonlarning bu organga hatto «adashib kirib qolishi»ning oldi olinishi mumkin.

Darvoqe, Samir...

Go‘daklar mas’um (gunohlardan pok) bo‘ladi, demakki, ularni farishtaga qiyoslashda mubolag‘a yo‘q. Samir ham Xudoning hali hur bandasi edi. Ikki yarim yilgina umr ko‘rgan go‘dak xo‘rlikdan o‘lim topdi, biroq baribir hurligicha ketdi!..

Ko‘ngilga beradigan g‘arib taskin shu.

Manba: Xabar.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)