AQSHning 15 bandli rejasi: Eron keskin rad javobini berdi

AQSH tomonidan Eronga taqdim etilgan urushni to‘xtatishga qaratilgan 15 banddan iborat kompleks reja xalqaro maydonda katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bloomberg manbalariga tayanib xabar berishicha, ushbu hujjatning asosiy qismi — 12 ta bandi Vashington talablaridan iborat bo‘lsa, qolgan 3 ta bandi Tehronga taqdim etilgan muayyan imtiyozlardan tashkil topgan.
Rejaga ko‘ra, strategik jihatdan muhim hisoblangan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochiq qolishi va xalqaro kemalar uchun erkin harakatlanish hududi sifatida saqlanishi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, Eronning ballistik raketalari soni hamda ularning uchish masofasiga jiddiy cheklovlar joriy etish taklif qilingan. Bu qurollar faqat mudofaa maqsadlarida qo‘llanilishi shart qilib qo‘yilgan.
Eng muhim talablardan biri — Eronning yadroviy dasturidan to‘liq voz kechishi. Hujjatda uran boyitishni to‘xtatish, mavjud yuqori boyitilgan zaxiralarni bosqichma-bosqich xalqaro nazoratga topshirish hamda Fordou, Isfaxon va Natanz kabi yirik yadroviy obyektlarni butunlay yopish va demontaj qilish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, Tehron to‘liq shaffoflikni ta’minlab, mustaqil xalqaro inspeksiyalarga yo‘l ochishi kerakligi ta’kidlangan.
Rejada yana bir qator siyosiy va harbiy talablar ham ilgari surilgan. Jumladan, Eronning turli mintaqaviy proksi guruhlar orqali faoliyat yuritish amaliyotidan voz kechishi, ularni moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlashni to‘liq to‘xtatishi shart qilib qo‘yilgan. Shuningdek, Tehron rasman urushni tugatganini e’lon qilishi kerakligi ham qayd etilgan.
O‘z navbatida, AQSH tomoni Eronga nisbatan ayrim yengilliklar berishni ham taklif qilgan. Xususan, sanksiyalarni bekor qilish, ularni qayta joriy etish mexanizmidan voz kechish hamda Busherdagi obyekt negizida fuqarolik yadro energetikasini rivojlantirishda yordam ko‘rsatish va’da qilingan.
Biroq, manbalarning ta’kidlashicha, Tehron mazkur rejani qabul qilmagan va uni rad etgan. Bu esa Yaqin Sharqdagi murakkab geosiyosiy vaziyat yanada keskinlashishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Kuzatuvchilar fikricha, tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar hali uzoq vaqt davom etishi mumkin. Shu sababli yaqin kunlarda diplomatik muzokaralar yanada faollashishi yoki aksincha, ziddiyatlar yanada kuchayishi ehtimoli yuqori.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!