12:06 / 27.10.2020
924

Koronavirus tufayli odamlar ko‘pincha hid sezmay qoladi. Bu uzoq davom etadimi?

Koronavirus tufayli odamlar ko‘pincha hid sezmay qoladi. Bu uzoq davom etadimi?
Foto: Depositphotos
COVID-19’ga chalinganlarning ko‘pchiligi hid bilish bilan bog‘liq muammolardan shikoyat qiladi. Kimdir butunlay hid sezmay qolsa (bu holat anosmiya deb ataladi), kimdadir esa hid bilish buziladi, natijada har qanday taom ko‘ngilni aynita boshlaydi (parosmiya). Ba’zan bu — koronavirusning yagona simptomi bo‘lsa, ba’zan — birinchisi, ba’zan esa bu hammasidan keyin paydo bo‘ladigan belgidir. Meduza ushbu simptom rivojlanishining sabablari haqida ma’lum bo‘lgan narsalarni to‘pladi.

Hid sezish bilan bog‘liq muammolar ko‘p uchraydimi?
Bu haqda ishonchli ma’lumotlar yo‘q. Ammo mavjud ma’lumotlar bo‘yicha olib borilgan so‘nggi tahlillardan birida aytilishicha, o‘rtacha olganda bu kasal bo‘lib o‘tgan yevropaliklarning yarmida hamda Osiyo mamlakatlaridagi bemorlarning 17 foizida qayd etilgan.

Bu nima sababdan yuz beradi?
Bir nechta nazariyalar bor:

1. Hid uchun javob beruvchi molekulalar va ularni qabul qilib oluvchi retseptorlar o‘rtasidagi aloqa burun shilliq qavatining shishishi yoki burunning to‘lib qolishi tufayli uzilishi mumkin. Bu tumovga olib keluvchi virusli infeksiyalar paytida uchrab turadigan holatdir. Bu nazariya bilan bog‘liq muammo shundaki, anosmiya va giposmiya tumov bo‘lmagan COVID-19 bemorlarda ham uchramoqda.

2. Hid haqida ma’lumot berishga javobgar bo‘lgan asab hujayralari nobud bo‘ladi va bu ma’lumot miyaga yetib kelmaydi. Ammo shunisi shubhaliki, bemorlarning katta qismida hid bilish qobiliyati asab hujayralari qayta tiklanishga ketadigan vaqtdan ko‘ra tezroq qaytmoqda. Bundan tashqari, koronavirus asab hujayralariga ilashib olmaydi va ularga kirib ololmaydi, chunki ularda koronavirus odatda hujayralarga kirishi uchun zarur bo‘lgan o‘ziga xos «eshik»lar (ya’ni retseptorlar) yo‘q.

3. Virus ancha chuqurroq — miyaning hidni qabul qilishga mas’ul bo‘lgan qismlarigacha kirib boradi. Natijada ularning faoliyati buziladi va hid sezilmay qoladi. Ammo bunda ham muammo shuki, yetkazilgan bunday shikastlar ko‘p sonli bemorlarning tez qayta tiklanishiga imkon bermagan bo‘lardi.

4. Hid bilish tizimida qo‘llab-quvvatlovchi funksiyani bajaradigan hujayralar shikastlanadi. Ular hidni qabul qilishning eng birinchi bosqichida qatnashadigan asab hujayralariga yordam beradi. Natijada asab hujayralari vaqtincha ishdan chiqadi. Bu nazariyaning ishonchli tomoni shundaki, qo‘llab-quvvatlovchi hujayralarda yangi koronavirus uchun zarur retseptorlar mavjud. Nazariy jihatdan virus bu hujayralar orqali miyaning hidlarni qabul qilish uchun javob beruvchi qismlariga ham kirib borishi va yetkazilgan ziyon ko‘lamini yanada kattaroq qilishi mumkin.

Asab hujayralari qayta tiklanishga harakat qilib, hali odatdagidek ishlamay turgan vaqtida parosmiya yuzaga kelib, hidlar ko‘ngilni aynitadigan darajagacha buzilib qabul qilinishi mumkin. Ammo shuni tan olish kerakki, olimlar buning sabablarini o‘rganishga juda kam e’tibor ajratmoqda.

Hid bilish uzoq vaqtga yo‘qoladimi?
O‘rtacha olganda, hid bilish 8-9 kundan keyin qayta tiklanadi. Biroq ba’zi odamlarga qaysidir sabablarga ko‘ra normal hid bilish qobiliyati boshqa barcha simptomlar yo‘qolgandan keyin ham qaytmaydi. Afsuski, aslida hid bilish qobiliyati hammada ham qayta tiklanishi haqida ko‘p ma’lumot yo‘q. Italiyada 138 kishi ishtirokida o‘tkazilgan kichik tadqiqotda bemorlar 60 kun davomida kuzatilgan (bu hid bilishning yo‘qolishi yuzasidan olib borilgan tadqiqotlar uchun rekord darajadagi davomiylikdir). Bemorlarning ko‘pchiligida hammasi joyiga kelgan, ammo 15 foizida biroz buzilishlar saqlanib qolgan, 6 foizida esa vaziyat yanada ham yomonroq bo‘lgan: ular deyarli yoki butunlay hid sezmagan.

Buni davolash mumkinmi?
Boshqa sabablarga ko‘ra hid bilish qobiliyati yo‘qoladigan odamlarga kutish, ovqatlanish ratsioni muvozanatlashgan bo‘lishiga e’tibor berish va imkoniyatga qarab mashq qilish tavsiya etiladi. Bir qator tadqiqotlarda quyidagicha usul o‘z samarasini ko‘rsatgan: odamlar har kuni ancha kuchli hidga ega narsalarni hidlagan (ularga navbat bilan bir necha xil hidlar berilgan). Natijada ularning ahvoli yaxshilangan. Bu usul qandaydir bo‘lsa ham samara ko‘rsatgani va xavfli bo‘lmagani sababli birorta infeksiyadan keyin hid bilish yo‘qolganida shuni tavsiya etishadi.

Batafsilroq ma’lumot berish mumkinmi?
Agar sizga bunday mashqlarni bajarish tafsilotlari qiziq bo‘lsa, ularni bu yerda topish mumkin (onlayn tarjimonlardan foydalanishni tavsiya qilamiz). Qisqacha versiya esa quyida:

1. Kuchli hidga ega moddalar solingan to‘rtta yopiq idishni oling (odatda mashqlar uchun limon, evkalipt, atirgul va chinnigul hidiga ega narsalar ishlatiladi).
2. Idishlarni navbat bilan ochib, hidlab ko‘ring va har bir hidni qanchalik sezganingizni besh balli shkalada baholang. Natijani sana bilan birga yozib qo‘ying — bu boshlang‘ich nuqta bo‘ladi. Vaqti-vaqti bilan takrorlab turing, shunda progressni sezishingiz mumkin.
3. Kuniga ikki mahal idishdagi narsani 20 soniya davomida hidlang. Biroz tanaffusdan so‘ng keyingisiga o‘ting. Shu hidga ega narsani tasavvur qilgan holda diqqat bilan hidlang. Mashqlar haqida unutib qo‘ymaslik uchun idishlarni ko‘rinadigan joyga qo‘ying.

Hidlar yoqimsiz bo‘lib qolganda nima qilish kerak?
Parosmiyaga kelsak, odatda birinchi navbatda uning sababini yo‘qotish tavsiya etiladi (masalan, burun bitishi yoki og‘izdagi patologik quruqlikni), ammo koronavirus bilan bog‘liq vaziyatda, afsuski, buning imkoni yo‘q: maxsus davo haligacha mavjud emas, parosmiya esa virus organizmdan chiqib ketgandan keyin ham paydo bo‘lishi mumkin.

Shifokorlar ba’zi dorilarni ham qo‘llaydi, ammo ularning foyda keltirishi gumon ostida, huquqiy nuqtai nazardan ham Rossiyada ularni bemorlarga tayinlash shifokorlar uchun xavfsiz emas. Juda kam hollarda parosmiyaga uchragan bemorlarda hid bilish qismidagi shilliq qavat olib tashlanadi.

Yana qandaydir maslahat bera olasizmi?
Uyingizga tutun datchigi va gaz sizib chiqishiga qarshi detektor sotib olishni unutmang.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)