
Kuz-qish mavsumi kelishi bilan aholining gaz, ko‘mir va boshqa muqobil yoqilg‘i turlaridan foydalanishga bo‘lgan ehtiyoji keskin ortadi.
Tabiiyki, bunday sharoitda yong‘inni oldini olish bo‘yicha odamlarga maslahat beruvchi va pullik xizmatlar ko‘rsatuvchi “ucharlar” ham ko‘payadi.
Odamlarning ishonchiga kirib, o‘zlarini “o‘t o‘chiruvchi va mo‘ri tozalovchilar” deb tanishtirib, ko‘plab fuqarolarning pullarini o‘zlashtirish holatlari kuzatilmoqda.
Adliya vazirligi ogohlantiradi: Ehtiyot bo‘ling! Soxta “o‘t o‘chiruvchi va mo‘ri tozalovchilar”ga aldanib qolmang.
Qanday MAJBURIYATINGIZ borligini bilib oling.
Siz:
- gaz va maishiy elektr asboblaridan foydalanishda ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishingiz;
- tutun mo‘rilari, mo‘rilarning kallaklarini va ventilyatsiya kanallarining holatini o‘z vaqtida tekshirtirishingiz;
- tutun mo‘rilari va ventilyatsiya kanallaridagi nosozliklar to‘g‘risida 1101 yoki 1050 qisqa raqamlariga zudlik bilan xabar berishingiz;
- turar joy va bino-inshootlaringizni tekshirish uchun yong‘in nazorati organlarining mansabdor shaxslariga imkoniyat berishingiz lozim.
Eslatma. Yong‘in nazorati organlari – bular Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalaridir.
Yong‘inni oldini olish bo‘yicha qanday PULLIK XIZMATLAR ko‘rsatiladi?
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar organlari va tuzilmalari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlarning ro‘yxatiga (ro‘yxat raqami 3184, 2019 yil 20 sentabr) asosan, odamlarga yong‘in xavfsizligi chora-tadbirlarini qo‘llashni o‘rgatish, mo‘rilarni tozalash va shu kabi boshqa xizmatlar ko‘rsatilishi mumkin.
Mazkur pullik xizmatlar aholining ixtiyoriy murojaati asosida ko‘rsatiladi.
Qonunchilikka ko‘ra, bu kabi xizmatlar tijorat va notijorat tashkilotlari tomonidan ham ko‘rsatilishi mumkin. Bunda odamlarni shartnoma tuzishga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Soxta “o‘t o‘chiruvchi va mo‘ri tozalovchilar”ga aldanib qolmaslik uchun NIMALARGA E’TIBOR QARATISH kerak?
Birinchidan, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi guvohnomasi va xodimning xizmat guvohnomasi taqdim etilishini qat’iy talab qiling va nusxa oling (foto- yoki videoga qayd qiling).
Ikkinchidan, maslahat va ko‘rsatmoqchi bo‘lgan xizmati uchun taklif qilgan shartnoma shartlari va pullik xizmatlar tariflari (narxlari) bilan batafsil tanishib chiqing.
Uchinchidan, agar shartnoma shartlari va tarif (narx) maqul kelmasa, taklif etilgan har qanday xizmatdan bosh torting.
To‘rtinchidan, shartnoma shartlariga rozi bo‘lsangiz, shartnomada ko‘rsatilgan miqdordagina to‘lovni amalga oshiring. Bunda to‘lov cheki (kvitansiya) talab qilishni unutmang.
Beshinchidan, ko‘rsatilgan xizmatning sifati uchun kafolatnoma talab qiling.
Eslatma. Firibgarlik jinoyati, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish 11 mln. so‘mdan 22 mln. so‘mgacha jarima yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Hurmatli fuqarolar, agar o‘zini “yong‘in nazorati organi xodimi” sifatida tanishtirib, majburiy tartibda pul undirish holatlariga duch kelsangiz:
ichki ishlar organlariga – 1002 qisqa raqamiga;
prokuratura organlariga – 1007 qisqa raqamiga;
adliya organlariga – 1008 qisqa raqamiga zudlik bilan murojaat qiling. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar