22:08 / 17.10.2021
1 043

Farzandingizni internetda qanday himoya qilishni bilasizmi?

Farzandingizni internetda qanday himoya qilishni bilasizmi?
Foto: Getty Images
Farzandingiz o‘z xonasida odatdagidan ko‘proq qolib, jim bo‘lib qoladimi? U allaqachon darslarini qilib bo‘lgan va qolgan vaqtida telefon bilan band! Smartfon va internet orqali nima haqida ma’lumot olayotgani esa ota-ona uchun mavhum va xavotirli holat.

Internetda juda ko‘p foydali hamda qiziqarli ma’lumotlar mavjud va undan to‘g‘ri foydalanilsa bola uchun foydali bo‘ladi. “Kaspirskiy laboratoriyasi” tadqiqotlariga ko‘ra, ota-onalar bolalarning onlayn xavfsizligini ta’minlashni bilishmaydi va 84 foiz ota-onalar farzandlarining internet olamida duch kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlardan xavotir olishadi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 90 foizdan ortig‘i internetga ulangan smartfon va planshetlardan foydalanadi. Ota-onalar farzandi internetda onlayn tahdidlarga uchrashidan xavotir olishsa-da, ularni bundan mahrum qilishni noto‘g‘ri ish deb hisoblashadi.

Bolalar psixologi Emma Kennining aytishicha, ota-onalar ko‘pincha bolalarni zo‘ravonlik sahnalari aks etgan videolar ko‘rishi yoki internetga qaram bo‘lib qolishdan qo‘rqishadi. Ammo onlayn xatarga uchrash bolaning ruhiyatiga qattiq ta’sir qilishi isbotlangan. O‘tkazilgan so‘rovnoma natijasida 60 foiz oilalarning farzandlari onlayn tahdidlarga duch kelishgan yoki guvoh bo‘lishgani aytilgan. 13 foiz bolalar zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan, 14 foizi esa o‘zining shaxsiy va boshqa ma’lumotlarini ulashishdan aziyat chekadi. Chunki ular onlayn tarzda shaxsiy ma’lumotlarini oson oshkor qilishadi va oqibatda bundan foydalangan “onlayn do‘st” qo‘y terisidagi bo‘ri bo‘lib chiqadi.

Xo‘sh, ota-onalar bolaga internetda kerakli manbalarga kirishni taqiqlamay, u yerdagi do‘stlari bilan munosabatlarga xalaqit bermay uni tahdidlardan himoya qilishi, to‘g‘ri foydalanishni qanday o‘rgatishi mumkin?

Ota-ona nazorati
Biz bolalarga virtual olamni real kabi jiddiy qabul qilishga o‘rgatishimiz kerak. Yo‘qsa u uy ichida o‘tirib ham onlayn tahdidlarga uchrashi mumkin. Buni faqatgina bolalar kiradigan kontentni filtrlash, ilovalardan foydalanishlarini nazorat qilish, onlayn makondagi tahdidlardan ogohlantiruvchi xavfsizlik tizimi orqali qilsa bo‘ladi. Masalan, Kaspersky Safe Kids ilovasi orqali buni amalga oshirish mumkin. Ilova bilan:

* Bola qanday dasturlardan foydalanishi haqida ma’lumot olasiz.

* U internetdagi muayyan ilovalardan foydalanishi uchun vaqtni siz belgilab berasiz.

* Farzandingizning internetdagi faoliyatini nazorat qilish orqali rejimga tushirasiz. Bola xavfli kontentlarga yoki kattalar uchun mo‘ljallangan resurslarga kirmoqchi bo‘lsa, dastur sizga ogohlantiruvchi xabarnoma yuboradi.

* Dastur bolangizning Facebook, VKontakte va shunga o‘xshash boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi do‘stlari haqida ma’lumot beradi. Agar bola shubhali do‘st qabul qilsa, sizga ogohlantiruvchi signal beriladi.

* Tizim orqali bolangizni internetda harakatlanuvchi xavfsizlik perimetrlari o‘rnatiladi. Agar bola bu perimetrdan tashqariga chiqsa sizga xabarnoma yetkaziladi. Bundan tashqari, tizimda bola hozir qayerda ekanligini ham tekshirish mumkin.

Biroq, faqat texnik imkoniyatlar bilan cheklanish yaramaydi. Agar farzandingiz internetga kirishi oqibatida uning xulqida o‘zgarish sodir bo‘layotganini sezsangiz, eng kuchli xavfsizlik tizimi ham samimiy suhbat o‘rnini bosa olmaydi. Shuning uchun ham bola bilan internetda o‘zini tutish qoidalari, u yerda uchrashi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlar haqida doim ochiq va samimiy gaplashib turing.

Bola internetga kirib chiqqach unda qandaydir o‘zgarish kuzatilsa (juda xursand yoki bezovta), u bilan nimadir yuz berganini taxmin qiling. Yuzma-yuz gaplashish katta natija bermasligi mumkin, lekin ba’zan muammoni issig‘ida bartaraf qilish imkonini ham beradi. Bundan tashqari, bolangizga u siz uchun qanchalik muhim ekanligini ham isbotlagan bo‘lasiz.

O‘z farzandiga haqiqiy hayotda ham, virtual olamda ham xavfsizlikni tushuntirish, turli tahdidlardan ogohlantirish ota-onaning burchidir. Kiberxavfsizlik masalalarini jiddiy qabul qiling. Shunda siz farzandlaringiz uchun namuna bo‘lib xizmat qilsangiz, ular ham internetdan qo‘rqmasdan va zavq bilan foydalanishadi. Natijada ular ijtimoiy tarmoq etiketi haqida barcha bilimlarga ega bo‘lib ulg‘ayishadi.

Internetda bolalarni himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar
Biz hammamiz farzandlarimizning kelajagi baxtli va xavfsiz bo‘lishini istaymiz, chunki ular bunga munosib. Shunday ekan, hoziroq harakatni boshlang!

Internetdan birgalikda foydalaning
Farzandingiz internetda nima bilan mashg‘ulligi, qaysi manbalardan foydalanayotgani haqida qiziqing. Buni bola bilan chin ko‘ngildan gaplashish, ba’zida u bilan birga internetda vaqt o‘tkazish (masalan birga o‘yin o‘ynash) uni keraksiz kontentlardan himoya qilish imkonini beradi.

Bolalarga mustaqil tarzda internetdan foydalanishga yo‘l qo‘ymang. Internetga kirish uchun qurilmani umumiy xonada saqlang. Shunda bola siz shu yerda ekanligingizni hisobga olgan holda o‘zini nazorat qiladi. Agar siz bolangizning onlayn faoliyatini shaxsan kuzata olmasangiz, ota-ona nazorati ilovasidan foydalaning.

Internetdan foydalanish vaqtini cheklash
Bolalarga internetdan foydalanish uchun qolip kerak. Ularga internetda o‘tirish uchun qancha vaqt yetarli bo‘lishi haqida so‘rab, kelishgan holda ma’lum vaqt belgilang va buni doim nazorat qiling.

Bolalarga har qanday ijtimoiy tarmoqda moderatorlarga noo‘rin kontent haqida shikoyat qilish imkoniyati borligini tushuntiring. Ularga bundan foydalanishni o‘rgating. Masalan, haqoratli izohlar yoki xabarlarni o‘chiring va moderatorni xabardor qiling. Bolada bu bilan onlayn harakatlar haqida ko‘nikma paydo bo‘ladi.

Bolaga real hayot va virtual olamni farqlashni o‘rgating
Bolalarga internetdagi axborotni real hayotdagi holat bilan solishtirish kerakligini tushuntiring. Ular hayotdagi kabi onlayn olamda ham ehtiyotkor bo‘lishlari kerakligini bilishsin.

Yotishdan oldin 10 daqiqani bolangiz bilan gaplashishga sarflang: kuni qanday o‘tgani, internetda nima yaxshi yoki nima yomon bo‘lgani haqida suhbatlashing. Uning fikrlarini samimiyat bilan qabul qiling. Shunda u har qanday vaziyatda ham u bilan xayrixoh bo‘lishingiz mumkinligini his qiladi va har doim tashvishlarini bemalol ayta oladi.

Hukm qilmang!
Virtual hayotda bolalar ba’zan yoqimsiz holatlarga ham duch kelishadi. Bunday hollarda sizning reaksiyangiz juda muhimdir. G‘azablanmang, balki bolaga kelajakda nima qilsa to‘g‘ri bo‘lishini tushuntirib, qanday yo‘l tutayotganini zimdan nazorat qiling.

Bolalar bilan ochiqchasiga gaplashing: ijtimoiy tarmoqqa yuklanadigan ma’lumotlar u yerda abadiy qolishi mumkin. Agar o‘qituvchisi yoki buvisi u yuklagan fotosuratni ko‘rsa, nima bo‘lishi mumkinligini yoxud bola ulg‘ayib, obro‘li lavozim egasi bo‘lganda bu surat qanday ta’sir ko‘rsatishini o‘ylab ko‘rsin. Bolalar internetdagi har bir harakatlarining oqibatlarini tushunishi kerak.

O‘z bilimingiz darajasini oshiring. Virtual dunyo haqida batafsil tushunchaga ega bo‘lish bu haqda bolalar bilan ishonchliroq gaplasha olishga imkon yaratadi. Dangasalik qilmang: farzandingiz foydalanadigan barcha ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘ting, ijtimoiy tarmoqda uning do‘stlari safiga qo‘shiling, uning postlarini o‘qing, u a’zo bo‘lgan jamoalar bilan tanishing. Onlayn xavfsizlik haqida maqolalar o‘qing, farzandingiz bilan internetda o‘yinlar o‘ynang (shunday o‘yinlar bor). Bola vaqt o‘tkazadigan dunyoning bir qismi bo‘ling – shunda u siz bilan o‘zining onlayn hayot tafsilotlarini baham ko‘rishga va maslahatlaringizni tinglashga bajonidil tayyor bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Farzandingizni internetda qanday himoya qilishni bilasizmi?