date

Maktabda smartfonsiz hayot: Britaniyadagi tajriba O‘zbekistonga qanday saboq bo‘lishi mumkin?

Maktabda smartfonsiz hayot: Britaniyadagi tajriba O‘zbekistonga qanday saboq bo‘lishi mumkin?
Smartfonlar — bu zamonaviy hayotning ajralmas qismi. Ularni butunlay man qilish emas, balki bolalarda texnologiyalardan mas’uliyatli foydalanish madaniyatini shakllantirish dolzarb masaladir. Bu borada Bournside maktabining yondashuvi — rag‘batlantirish, muqobil faoliyatlar va ijobiy natijalar — O‘zbekiston ta’lim tizimi uchun ham o‘rnak bo‘lishi mumkin.

Angliyaning Glostershir grafligidagi Bournside nomli o‘rta maktab bu yil o‘z o‘quvchilari va o‘qituvchilari uchun noodatiy bir sinovni yo‘lga qo‘ydi: bir o‘quv davri davomida smartfonlarsiz yashash. Tashabbus nafaqat dars vaqtida, balki uyda ham ekran oldida sarflanadigan vaqtni kamaytirishga qaratilgan bo‘lib, yoshlar orasida texnologiyalarga sog‘lom munosabatni shakllantirishni maqsad qilgan.

12 yoshli Luining aytishicha, u avvallari maktabga bormasdan oldin va uyga qaytgach ko‘p vaqtini telefonda o‘yinlar o‘ynab va videolar tomosha qilib o‘tkazgan. “Ba’zida qo‘rqinchli videolar chiqib qolardi,” — deydi u. Hozir esa akasi bilan ko‘proq futbol o‘ynayotganini aytadi.

11 yoshli Benjamin telefonidagi YouTube ilovasi olib tashlangach, ilk bor opa-singillar bilan bog‘da bir necha soat birga vaqt o‘tkazganini aytadi. “Uyqu rejimim ham yaxshilandi,” — deydi yana bir o‘quvchi, Jemima.

Maktab rahbariyatining fikricha, ushbu tashabbus nafaqat bolalarga, balki ularning ota-onalariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bournside maktabining Safeguarding (bolalar xavfsizligi) bo‘yicha mas’ul rahbari Salli Liz bu tashabbusni o‘zi ham shaxsan sinab ko‘rgan — bir butun o‘quv davri davomida smartfonsiz yashagan.

“Gap telefonni taqiqlashda emas, balki farzandlarga texnologiya bilan sog‘lom munosabatni o‘rgatishda,” — deydi u.

Maktab smartfonlardan voz kechishga shunchaki chaqiriq bilan emas, balki bu texnologiyalarga ehtiyoj sezilmaydigan dars jadvali bilan ham yondashmoqda. O‘quvchilar faqatgina yuqori sinf (ya’ni 10-sinfdan keyin) bosqichida telefonlardan foydalanish ehtiyojiga duch keladilar.

Bournside maktabi fevral oyidan beri yaqin atrofdagi boshlang‘ich maktablar bilan hamkorlikda ota-onalarga farzandlariga 10-sinfgacha telefon olib bermaslikni tavsiya etmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham maktab o‘quvchilari orasida telefon, ayniqsa, smartfonlardan foydalanish holatlari keskin oshdi. Ba’zida bu salomatlik, darsdagi diqqatning kamayishi yoki zararli kontentlarga kirish xavfini oshirmoqda.

Toshkent, Samarqand yoki Andijon kabi yirik shaharlarda, hatto kichik yoshdagi bolalarda ham shaxsiy telefonlar mavjud. Ijtimoiy tarmoqlarda doimiy faol bo‘lish, tungi uyqusizlik va maktab darslarida chalg‘ish holatlari mutaxassislar e’tiborini tortmoqda.

Bournside maktabi tajribasi shuni ko‘rsatadiki, agar maktab rahbariyati, ota-onalar va jamiyat birgalikda harakat qilsa, bolalarni zararli kontentlardan himoyalash, ularning psixologik va ijtimoiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Maktabda smartfonsiz hayot: Britaniyadagi tajriba O‘zbekistonga qanday saboq bo‘lishi mumkin?