O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligini nishonlash arafasida O‘zbekiston Oliy sudi raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov raisligida 2021 yil 25 avgustda bo‘lgan ochiq sud majlisida sovet davrida oltita jinoyat ishi bo‘yicha qatag‘on qilingan 115 nafar shaxs Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan oqlandi. Bu oqlov 30 yil kechikib bo‘lsa ham amalga oshdi. Reabilitatsiya qilinganlarning asosiy qismini Turkistonning yirik ulamosi va jadid taraqqiyparvari Nosirxon To‘ra Said Kamolxon To‘rayev va boshqalar (92 nafar shaxs), mashhur qo‘rboshi Ibrohimbek Chaqaboyev va uning safdoshlari (16 nafar shaxs) tashkil qiladi. Quyidagi maqolada milliy ozodlik uchun qahramonona kurash olib borgan siymolardan biri — Ibrohimbek to‘g‘risida so‘z boradi.
Ibrohimbek Laqay kim?
Ibrohimbek, Ibrohimbek Laqay, Mulla Muhammad Ibrohimbek Chaqaboy to‘qsabo o‘g‘li, Ibrohimbek Chaqaboyev (1889—1932) — sobiq Buxoro amirligi hududidagi eng mashhur qo‘rboshi. Qizil armiyaga qarshi kurashgan istiqlolchilik harakatining taniqli namoyandasi. Sharqiy Buxoro (hozirgi Surxondaryo viloyati va markaziy Tojikiston) va O‘rta Buxoro (hozirgi Qashqadaryo hududi)dagi istiqlolchilar qo‘shinining oliy bosh qo‘mondoni (1921—1926).
Ibrohimbek 1889 yili Buxoro amirligi hududidagi Hisor bekligida (hozirgi Dushanbe yaqinidagi Ko‘ktosh qishlog‘ida) o‘zbek laqaylari urug‘ining to‘rt bo‘g‘inidan biri — esonxo‘ja shoxobchasiga mansub amir amaldori Chaqaboy to‘qsabo xonadonida tug‘ildi. Ko‘ktoshda Chaqaboy to‘qsaboning katta yer-mulki bor edi. Asosan o‘zbeklarning laqay urug‘i yashagan bu hudud tarixiy manbalarda Loqay yoki Laqay deb keltiriladi.
Ibrohimbekning otasi Chaqaboy qishloq oqsoqoli, Ko‘ktosh laqaylarining urug‘ boshlig‘i edi. Unga Buxoro amiri tomonidan 1870 yili mirosxo‘r va 1894 yili to‘qsabo unvonlari berilgan. U 1912 yilda vafot etadi. Ibrohimbek o‘z qishlog‘idagi masjidga qarashli mahalliy maktabda va Hisordagi madrasada saboq oladi. Keyin amirlikning Hisor bekligida xizmat qilgan. Yoshligidan jasur va qo‘rqmas jangchi, qo‘l ostidagi sarbozlarga g‘amxo‘rlik qiluvchi mohir qo‘mondon bo‘lib yetishgan.
Ibrohimbek 1919 yilda Hisor begi huzurida qilgan xizmatlari evaziga qorovulbegi darajasiga, keyinchalik Buxoro amiri Said Olimxon tomonidan devonbegi, to‘pchiboshi, lashkarboshi lavozimiga ko‘tarilgan. Ibrohimbekning urug‘ oqsoqollaridan biri Abduqayum Parvonachining qiziga uylangani keyinchalik uning hayoti va jamiyatdagi mavqeiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Bu qizning ismi Bibixadicha bo‘lib, Ibrohimbek undan G‘ulomhaydar ismli o‘g‘il ko‘rgan.
Sharqiy Buxoroda ozodlik janglari
Ibrohimbek otasi vafotidan so‘ng 10 yilga yaqin o‘z qishlog‘i va o‘z urug‘idan alohida yashagan. Amir Said Olimxon 1920 yil 2 sentyabrda toju taxtdan mahrum bo‘lib, Dushanbega kelgan paytda Ibrohimbek ham Ko‘ktoshga qaytib kelib, uncha katta bo‘lmagan xo‘jalik ishlari bilan band bo‘lgan. Amir o‘zining yaqinlari bilan 1921 yil bahorida Afg‘onistonga o‘tib ketayotgan paytda ushbu hududlarga ham qizil armiya qismlari va Usmon Xo‘ja boshchiligida inqilob tarafdorlari bo‘lgan Buxoro jadidlarining so‘l qanoti vakillari yaqinlashgani sari vaziyat murakkablasha boshlaydi. Jumladan, Ibrohimbekning vatani — Ko‘ktosh ham notinch bo‘lib, aholi nisbatan tinchroq tog‘li qishloqlarga keta boshlaydi. Ibrohimbek ham aholining muayyan qismi bilan Baljuvon bekligi hududidagi laqaylar yashaydigan qishloqlardan biriga ketadi. U yerda ham urush boshlanib, yurtni boshboshdoqlik, tartibsizlik va vahima qamrab oladi.
Bu orada Buxoro amirining ishonchli vakili Eshon Sulton va Baljuvon begi Davlatmandbiydan Baljuvon bekligi hududidagi laqaylarga qizil armiya qo‘shinlari va jadidlarga qarshi kurashish uchun birlashishga chaqiruvchi choparlar, xat va chaqiriqlar kelar edi. Yuborilgan maktub va murojaatlarda Eshon Sulton Darvozda o‘z odamlari bilan istehkom qurgani, Angliya, Afg‘oniston va boshqa davlatlar sovetlarga qarshi kurashda Said Olimxonga yordam berishi hamda laqaylar ham ushbu kurashda faol ishtirok etishi lozimligi aytilardi. Bunday chaqiriq va murojaatlarga qo‘shilgan laqaylardan Abduqayum Parvonachi, Barotbek va Tog‘ay Sari (Tog‘ay Bobo) boshchiligida bir qancha qurolli guruhlar tuzila boshlandi. Ibrohimbek ham qaynotasi Abduqayum Parvonachi boshchiligidagi harbiy guruhga dastlab yigit, ya’ni askar bo‘lib kiradi. Shu tariqa Ibrohimbekning sovetlarga qarshi harbiy faoliyati boshlanadi.
Asosan laqaylardan iborat bo‘lgan uch harbiy guruh: Abduqayum Parvonachi, Barotbek va Tog‘ay Sari ikki oylar davomida Baljuvon bekligi hududidagi Kangurt va Oqsuv atroflarida qizil armiya hamda jadidlarning so‘l qanoti vakillariga qarshi kurash olib borib, Ko‘lob hududlarida qator g‘alabalarni qo‘lga kiritadi. Bu davrda Ibrohimbek siyosiy sahnada harbiy figura sifatida hali namoyon bo‘lmagan edi.
1921 yil bahorida Abduqayum Parvonachi Dang‘ara atrofida Qoratovdagi harbiy amaliyotlar chog‘i ot bosib jiddiy shikastlanadi. Shundan so‘ng boshqa yigitlarga nisbatan jur’atliroq, tashkilotchilik qobiliyati ustun bo‘lgan kuyovi Ibrohimbekni 1921 yil yozida o‘ziga o‘rinbosar etib tayinlaydi. Harbiy amaliyotlarda butun mas’uliyat Ibrohimbekning zimmasiga tushadi. Eshon Sulton va boshqa qo‘rboshilarning talabi bilan harbiy qarshilikni davom ettirish hamda Sharqiy Buxorodagi boshqa qo‘rboshilarni qo‘llab-quvvatlash uchun Ibrohimbek boshchiligidagi laqay qurolli guruhlari Baljuvon bekligi hududidan Hisor bekligi hududiga o‘tadi. Bu davrda Ibrohimbek bir necha zafarli harbiy janglarni boshqarib, yetarli obro‘-e’tibor orttirib ulgurgan edi. Ibrohimbek Hisorda aholi tomonidan bek etib saylanadi va u yerda ikki-uch oy yashab, qizil armiyaga qarshi keskin janglar olib boradi.
Ibrohimbek 1921 yil boshlaridan Sharqiy Buxorodagi qo‘rboshi guruhlariga umumiy rahbarlik qilib (turkiyalik harbiy sarkardalar Anvar Posho va Salim Posho Sharqiy Buxoroga kelgan davr bundan mustasno), qizil armiya va sovet tuzumiga qarshi ozodlik kurashini boshladi.
Ibrohimbek sovet davlatiga qarshi kurash maydoniga kirar ekan, o‘z oldiga Buxoro amirligi tuprog‘ini qizil askarlardan tozalab, ag‘darib tashlangan amirlik tuzumini qayta tiklash va saltanatni Said Olimxon qo‘liga olib berishni asosiy maqsad qilib qo‘ydi. Shuning uchun ham u kurashga kirgan dastlabki kunlardanoq sobiq amir tomonidan moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlandi va rag‘batlantirildi.
Ibrohimbek qo‘rboshining nomi ham mashhurlikda bu davrda Anvar Poshonikidan qolishmas edi. Lekin ularning fikrlash tarzi, jang qilish usullari va harakatlarida katta farqlar bo‘lgan. Ibrohimbek keyinchalik qizil armiyaga qarshi janglarda mag‘lubiyatga uchragach, 1926 yil 21 iyunda Afg‘onistonga o‘tib ketishga majbur bo‘ladi. Va.. afsuski, Afg‘onistonda ham tinchlik bo‘lmadi.
1931 yil 30 mart: Vatanga qaytish
1931 yil boshlarida Ibrohimbek Afg‘onistonda o‘z harbiy harakatlarini faollashtirib, qo‘rboshilarning tarqoq kuchlarini birlashtirdi. Shu orada sovet davlatining kuchli bosimi ostida Nodirshoh rejimi bilan Ibrohimbek qo‘rboshi o‘rtasidagi ziddiyatlar ancha kuchaydi. Amalda Ibrohimbekka ikki frontda, ya’ni afg‘on va sovet armiyasi bilan urush olib borishga to‘g‘ri keldi. 1930 yil yozidayoq afg‘on qurolli kuchlari Ibrohimbekka qarshi kurash boshlagan edi. 1931 yil 30 martda Ibrohimbek 1500 kishilik saralangan qo‘shini va 8 nafar qo‘rboshisi bilan yurt tuprog‘iga qadam qo‘ydi. O‘sha davrga oid O‘rta Osiyo chegara qo‘shinlari OGPU (Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi) ma’lumotlarida aytilishicha, «Ibrohimbek SSSR hududiga kirar ekan, uning aniq siyosiy rejasi bor edi...». Darhaqiqat, Ibrohimbek sovet rejimi va kommunistik mafkuraga qarshi kurashni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ygan edi.
Ibrohimbek bilan Afg‘onistondan sovet hududiga 1931 yil 30 martda Abduqayum Parvonachi, Polvon Dodxoh, Boy Nazar, Xonjon, Mulla Niyoz Parvonachi, Abduqodir Inoq, Alimardon Dodxoh, Isoxon Eshon, Ernazar, Ko‘ganbek va Toshmat Dodxoh kabi mashhur qo‘rboshilar ham o‘tishgan. Ibrohimbek qo‘rboshi bilan hammasi bo‘lib 400 nafar yigit Amudaryodagi Chubek kechuvidan o‘tib, mamlakat ichkarisiga kirgan.
Aynan o‘sha kuni Bagarik kechuvi orqali havo to‘ldirilgan meshlarda sovet hududiga Egamberdi botir o‘zining 200 nafar yigiti bilan o‘tadi. Bir necha kundan so‘ng Chubek orqali Ortiq dodxoh ham o‘zining 200 nafar yigiti bilan daryodan o‘tadi. U bilan birgalikda G‘ulom Husaynxon, G‘ulom Qodirxon va Mamed Hoshimxon ham 50—60 yigitdan iborat o‘z guruhlari bilan kechuvdan o‘tgan. Keyinchalik sovet hududiga Mulla Xoldor va Mulla Jo‘ra Dahan ham o‘z yigitlari bilan o‘tgan. Ular bilan Ibrohimbek Bobotog‘da uchrashgan. Uchrashuvdan keyin Mulla Xoldor va Mulla Jo‘ra Dahan guruhi noma’lum tarafga jo‘nab ketgan.
Ibrohimbek qo‘shinlari safiga o‘z yurtida ko‘plab vatanparvarlar kelib qo‘shildi. SAVO (O‘rta Osiyo harbiy okrugi) qo‘mondoni o‘rinbosari I.Gryaznov boshchiligidagi katta harbiy kuchlar 10 aprelda Ibrohimbek yigitlariga qarshi hujumga o‘tdi. Sovet askarlariga OGPU otryadlari ham yordamga keldi. Aprel—may oylarida Ibrohimbek qizil askarlarga qarshi qaqshatqich janglar olib bordi. U omonsiz olishuvlar bilan Vaxsh daryosining o‘ng qirg‘og‘iga chekindi, may oyida urush harakatlarini Bobotog‘ga ko‘chirdi. 1931 yil 12 iyunda Oqboshtog‘da so‘nggi va shiddatli muhoraba bo‘ldi. Ibrohimbek yaralandi va jangni boy berdi.
1931 yil 23 iyunda OGPU qo‘shinlari 10-otliqlar polki 2-divizioni jangchilari va chekistlar tomonidan Ibrohimbek yarador holatda qo‘lga olindi. U avval Stalinobod (hozirgi Dushanbe), so‘ngra Toshkentga olib kelindi. Chekistlar tomonidan o‘tkazilgan tergov va dahshatli qiynoqlar Ibrohimbekning ma’naviy irodasini buka olmadi. Bu paytda Ibrohimbek bilan birga Vatan tuprog‘iga qadam qo‘ygan 15 nafar qo‘rboshi ham qo‘lga olingan edi.
1931 yil 25 iyundan to 1932 yilning 12 apreligacha Ibrohimbek hamda 1920—1931 yillarda qizil armiyaga qarshi harakat qilgan qo‘rboshilar Toshkentda so‘roq qilindi. Ibrohimbek boshchiligidagi bu qo‘rboshilarning hammasi SSSR Xalq komissarlari soveti (XKS) huzuridagi OGPU kollegiyasi majlisining 1932 yil 13 apreldagi qaroriga binoan o‘lim jazosiga hukm qilindi. Shu o‘rinda siyosiy idoraning maxfiy hujjatiga murojaat etamiz:
«1. Ibrohimbek Chaqaboyev. 2. Sulaymon Salohiddinov (Eshoni Sudur). 3. Abduqayum Parvonachi Ulayev. 4. Eshon Isoxon Mansurxonov. 5. Alimardon Dodxoh Muhammedov. 6. Ortiq Dodxoh Ashirov. 7. Ko‘ganbek Kenjayev. 8. Toshmat Xo‘jaberdiyev. 9. Mulla Niyoz Parvonachi Hakimov. 10. Alet (Arlot) Polvon Elmirzayev. 11. Shohasan Imonqulov. 12. Ko‘ganbek Sheraliyev. 13. Mulla Ahmad Biy Saidov. 14. Mirzaqayum Sherov. 15. Azim Marqa Ostonaqulov. 16. Eshon Polvon Bahodirzoda otishga hukm qilindi».
OGPUning O‘rta Osiyodagi favqulodda vakilligi tomonidan 1932 yil 10 sentyabrda Moskvaga yo‘llangan telegrammada ko‘rsatilishicha, bu hukm 13 nafar qo‘rboshiga nisbatan 1932 yil 10 avgustda, Ibrohimbekka nisbatan 31 avgustda Toshkentda ijro etilgan. Ibrohimbek qo‘rboshi 43 yoshida otilgan. Mulla Niyoz Parvonachi Hakimov qamoqxona kasalxonasida vafot etgan.
Chekistlar ma’lumotlariga qaraganda, Ibrohimbekka bo‘ysunuvchi qo‘rboshi guruhlari, ya’ni Tojikiston hududi va O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati hududida jang olib borgan qo‘rboshilardan
- harbiy to‘qnashuvlarda o‘ldirilgan qo‘rboshilar – 19 nafar, yigitlar – 987;
- asirga olingan qo‘rboshilar – 10, yigitlar – 175;
- ixtiyoriy taslim bo‘lgan qo‘rboshilar – 119, yigitlar – 2529 nafar.
Bulardan tashqari, Ibrohimbek qo‘shini qo‘lga olingach, OGPU operativ guruhlari tomonidan «bosmachi»larning sherigi sifatida urug‘, qishloq oqsoqollari va o‘ziga to‘q obro‘li shaxslardan 2 249 kishi, shuningdek, ko‘ngilli ravishda taslim bo‘lgan qo‘rboshilardan 17 tasi faol qo‘rboshi, 891 tasi faol yigit sifatida qamoqqa olingan.
Ibrohimbek qamoqqa olingach, uning Afg‘onistondagi oila a’zolari ham ta’qib etiladi. Afg‘on ma’muriyati uning ayolini Qal’ai Xumdon qamoqxonasiga tashlaydi. Ibrohimbekning Afg‘onistonda qolgan oila a’zolaridan ham ko‘pchiligi halok bo‘lgan. Ibrohimbek qo‘rboshining o‘sha suronli yillarda tirik qolgan farzandlarining ayrim avlodlari bugungi kunda O‘zbekiston va Tojikistondan tashqari Afg‘oniston va Turkiyada yashaydi.
Ibrohimbek qo‘rboshi safdoshlari
Chapdan: Ibrohimbek qo‘rboshi, Alimardon Dodxoh, Eshoni Sudur, Mirzaqayum Sherov, Abduqayum parvonachi Ulayev.
Foto: «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi
Abduqayum Parvonachi
Abduqayum Parvonachi Ulayev (1856—1932) — qizil armiyaga qarshi kurashgan yirik qo‘rboshilardan biri, amir amaldori. Ibrohimbekning qaynotasi va maslahatchisi.
Faylasuf va tarixchi olim Nasriddin Nazarovning yozishicha, Abduqayum amirlik qo‘shini va saroyda ham xizmat qilgan. Sadoqatli xizmatlari evaziga u parvonachi mansabiga loyiq ko‘rilgan. Buxoro amirligida parvonachi amirning tayanchi hisoblangan oliy lavozimlardan biri bo‘lib, u otaliq hamda devonbegidan keyin uchinchi mansabdor shaxs bo‘lgan. Parvonachi ba’zan harbiy yurishlarda ishtirok etib, muayyan qismlarga qo‘mondonlik qilgan.
Qizil armiya tomonidan 1920 yil sentyabrda Buxoroda amirlik tuzumi ag‘darilgach, 1920 yil kuzidan boshlab Sharqiy Buxoroda ham qizil askarlarga qarshi janglar boshlanadi. Abduqayum Parvonachi boshchiligida o‘zbek laqaylaridan tuzilgan dastlabki qurolli guruh Surxondaryo va Tojikistonning markaziy hududida qattiq janglar olib borgan. Parvonachi guruhida uning kuyovi Ibrohimbek ham bo‘lib, u qizil askarlarga qarshi kurashda ayricha jasorat ko‘rsatadi.
Abduqayum Parvonachi 1926—1931 yillarda Afg‘oniston hududida ham Ibrohimbek qo‘rboshi bilan birga bo‘lgan. 1931 yil 30 martda Ibrohimbek qo‘shini safida u ham chegaradan o‘tib, Afg‘onistondan Tojikistonga qaytgan. Choltog‘da bo‘lgan qurultoyda Abduqayum Parvonachiga Ibrohimbek tomonidan Baljuvondagi Hisor laqaylarining boshlig‘i etib tayinlangani haqida maxsus vakolatnoma berilgan. Ibrohimbek qo‘shini qizil armiyaga qarshi uch oy davomida olib borgan hayot-mamot kurashida mag‘lubiyatga uchraydi. Abduqayum Parvonachi sovet hokimiyati bilan muzokara olib borish uchun Stalinobod (hozirgi Dushanbe)ga Yuzboy oqsoqol huzuriga borayotganda chekistlar tomonidan 1931 yil 22 iyunda qo‘lga olingan. U Ibrohimbek va boshqa qo‘rboshilar bilan birgalikda Stalinoboddan Toshkent shahriga keltirilgan hamda o‘n oy mobaynida chekistlar tomonidan so‘roq qilingan.
Abduqayum Parvonachining 1931 yil 7- iyulda tergovchiga o‘zbek tilida bergan ko‘rgazmasi Toshkentda chiqqan «Vatan» gazetasida 1993 yil 8 dekabrda e’lon qilingan.
Abduqayum Parvonachi ham Ibrohimbek va safdoshlari qatorida (jami 16 nafar kishi) Toshkent shahrida bo‘lgan SSSR XKS huzuridagi OGPU kollegiyasi maxsus majlisining 1932 yil 13 apreldagi qaroriga binoan o‘lim jazosiga hukm qilinib, 1932 yil 10 avgustda 76 yoshida otib o‘ldirilgan. Ayni paytda Tojikiston Dang‘ara tumanidagi Gulbuloq va To‘rtko‘l qishloqlari orasida Abduqayum Parvonachi qurdirgan qal’a saqlanib qolgan.
Sulaymon Salohiddinov (Eshoni Sudur)
Sulaymon Eshon, Eshoni Sudur, Sulaymon Salohiddinov (1877—1932) — Sharqiy Buxoro va O‘rta Buxorodagi qurolli harakatning g‘oyaviy rahnamolaridan biri. Eshoni Sudur nomi bilan mashhur bo‘lgan.
Sulaymon Eshon 1877 yili Buxoro shahridagi Jo‘ybor guzarida diniy ulamo oilasida tug‘ilgan. Uning otasi Salohiddin Eshon Buxoro amiri Abdulahadxon (hukmronlik yillari: 1885—1910) davrida saroyda yuqori diniy lavozimlarda ishlagan. Tarixchi Feruz Boboyevning yozishicha, Salohiddin Eshon Buxoro amirligida eng yuqori diniy unvon — shayxulislom lavozimida ham faoliyat ko‘rsatgan. G‘uzor viloyati hokimi Akromxon To‘ra (amirning tog‘asi) Salohiddin Eshonning qiziga uylangan. Sulaymon Eshon ham 25 yoshidan boshlab salomatligi sababli poytaxt Buxorodan chiqib ketib, bahavo yerda joylashgan G‘uzorda yashay boshlaydi. Sulaymon Eshonning G‘uzorda hovlisi, katta mulki: yer-suvi, objuvoz va tegirmonlari, shuningdek, Buxoroda ham hovlisi bo‘lgan. Amir Said Olimxon davrida Sulaymon Eshonga o‘roq, sudur va sadr diniy unvonlari berilgan.
1921 yil yanvarda ko‘tarilgan Sharshauz qo‘zg‘olonida asosiy rol o‘ynagan shaxslardan biri Eshoni Sudur bo‘lgan. Arxiv hujjatlarida keltirilishicha, bu qo‘zg‘olonni bostirish uchun qizil askarlar katta kuch sarflagan.
Qo‘zg‘olon bostirilgach, Sulaymon Eshon (Eshoni Sudur) yolg‘iz qizini olib, Saroykamar orqali 1921 yili Afg‘onistonga o‘tadi. U va qizi uch yil Xonobodda, bir yil Mozori Sharifda yashaydi. 1925 yili Eshoni Sudur va pochchasi Akromxon To‘ra Mozori Sharifda istiqomat qilgan. Eshoni Sudur bu paytda Kobulga borib, Said Olimxon bilan tez-tez uchrashib turgan.
Noqulay ob-havo sharoitiga moslasha olmagan Eshoni Sudur Xonobodni tark etib, Mozori Sharifga ko‘chishga majbur bo‘lgan. Eshoni Sudur Mozori Sharifda afg‘on hukumatidan subsidiya, pul yoki natura shaklida yordam olib turgan. Shunday murakkab shart-sharoitda Afg‘onistondagi o‘zbek muhojirlari Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumatiga bir necha marta ularni qo‘llab-quvvatlash uchun murojaat qilgan, lekin natija chiqmagach, to‘rtinchi yilning oxirida muhojirlar Mozori Sharifdagi sovet hokimiyatining elchixonasiga murojaat qilgan. Natijada muhojirlar orasidan 20 kishiga o‘z vatanlariga qaytishga ruxsat berilgan va ular sobiq Fuzor bekligida mirza bo‘lib ishlagan Mirza O‘run boshchiligida Buxoroga qaytadi.
Muhojirlar asosan Xonobod, Mozori Sharif hamda boshqa shaharlarda qiyin chilik va murakkab sharoitda yashagan. Shunday bir paytda afg‘on amiri Omonullaxon Kobul, uning atroflarida istiqomat qilayotgan muhojirlarga boshqalarga nisbatan yashash uchun ko‘proq shart-sharoit yaratib berayotgani, subsidiya va yordam pullari miqdori ham yaxshiroq to‘lanishi haqida gap tarqaladi. Fuzor begi Akrambek boshchiligida bir guruh muhojirlar, jumladan, Eshoni Sudur va yana bir necha kishi o‘z oilalari bilan Kobulga borishga qaror qiladi.
Akrambek va Eshoni Sudurlarni nafaqat Kobulda beriladigan subsidiya, balki ularni bu yerda yashayotgan o‘z yurtdoshlari bilan ko‘rishish istagi hamda o‘z vatanlari haqida ma’lumotlardan xabardor bo‘lish tuyg‘ulari ham chorladi. Muhojirlardan 15 kishi Kobuldan uch chaqirim masofada, bir afg‘on zamindoriga qarashli Qal’ai Shamsiydagi bir hovlini ijaraga olib, bu yerda uch yilga yaqin yashaydi. Eshoni Sudur vaqti-vaqti bilan, ya’ni har oyda bir marta Qal’ai Fotuga, Said Olimxon huzuriga moddiy yordam olish uchun borib turadi. Saroyda yordamni Olimxonning sobiq amaldori Buxoro qushbegisining o‘g‘li Akramxon Eshon G‘oziy (bu sobiq Fuzor begi Akramxon emas) tarqatib turgan.
Eshoni Sudur muhojirlikda Vatanni qo‘msash va sog‘inch tuyg‘ulari bilan yashar, qaytish istagi unga hech qachon tinchlik bermasdi.
Pochchasi, sobiq G‘uzor begi unga Buxoroga borsa, u yerda uni o‘lim kutayotganligini aytib, qanchalik zo‘r berib qaroridan qaytarishga urinmasin, Buxoroga bormaslikka ko‘ndira olmagan. Eshoni Sudur unga: «Meni yurt sog‘inchi shunday qarorga kelishimga majbur qildi. Mayli, o‘lishim kerak bo‘lsa, o‘z yurtimda, ota yurtimda o‘lay», deb javob bergan.
Akromxon Eshon G‘oziy unga Amir Said Olimxon nomidan Ibrohimbekka yozilgan maktubni topshiradi. 1930 yil iyunda Ibrohimbek huzuriga kelgan Eshoni Sudur yurtga qaytish umidida uning qarorgohida qoladi. Ibrohimbek qo‘shini bilan birga 1931 yil 30 martda Tojikistonga o‘tadi. Eshoni Sudur sarkarda Ibrohimbek qo‘rboshi bilan Bobotog‘da ajrashgan. So‘ngra u Denovga borib, Xudoynazar komandir vositachiligida OGPU vakillariga qurolni topshiradi. Denov GPUsiga 1931 yil 1 iyul kuni taslim bo‘lgan. Eshoni Sudur (Sulaymon Salohiddinov) OGPU kollegiyasining 1932 yil 13 aprelda chiqarilgan otish hukmi bo‘yicha 1932 yil 10 avgustda 16 kishidan iborat guruh tarkibida, Ibrohimbekning asosiy o‘rinbosari va g‘oyaviy rahnamosi sifatida, Toshkent shahrida 55 yoshida otib tashlanadi.
Mustaqillik sharofati bilan O‘zbekistonda Ibrohimbek singari qo‘rboshilar va Nosirxon To‘ra kabi taraqqiyparvarlar oqlandi. Zero, Ibrohimbek qo‘rboshi va uning jasur safdoshlari ham, Nosirxon To‘ra ham el-yurt mustaqilligi yo‘lida shahid ketgan xalq va millat qahramonlari hisoblanadi.
Qahramon Rajabov, tarix fanlari doktori
Maqola «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2021 yil 24 sentyabr sonidan olindi “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”