09:28 / 30.08.2018
4 702

Bloger taassurotlari: “Xalq erkin nafas olmogʻi kerak” (Islomxoʻja filmi haqida)

Блогер таассуротлари: "Халқ эркин нафас олмоғи керак" (Исломхўжа фильми ҳақида)
Yaqinda “Islomxoʻja” filmining rejissori Jahongir Axmedov tashabbusi bilan tor doirada filmning yopiq premyerasi boʻlib oʻtdi. Bu bilishimcha, ikkinchi yopiq premyera edi. Shu premyerada qatnashdim. Endi film xaqida oʻz mulohazalarimni bildirmoqchiman.

Avvalo Islomxoʻja kimligi va nima ishlar qilganligi toʻgʻrisida qisqacha toʻxtalib oʻtsam. Ammo tan olib aytishim kerakki, filmni koʻrmaguncha, treyleri chiqmaguncha, men Islomxoʻja kimligi va qanday ishlar amalga oshirgani toʻgʻrisida zarracha tarixiy maʼlumotga ega emasdim. Nega bu shaxs bizdan berkitilgani alohida mavzu.

Islomxoʻja 17 yoshida Hazoraspga hokim boʻlgan. 26 yoshida esa Xiva xonligiga Bosh vazir etib tayinlangan. Oʻsha davrning oʻzidayoq ruslar va atrofdagi xalqlar oʻrtasida Islomxoʻja oʻzining amaliy islohotlari tufayli islohotchi degan bahoga loyiq koʻrilgan. 10 qismdan iborat islohot dasturini oʻqib, ochigʻi qoyil qoldim. Qisqacha qilgan ishlarini sanab oʻtishdan oldin bir narsaga etibor qilishingizni soʻrardim. Hozir men sanamoqchi boʻlgan islohotlar Islomxoʻjagacha Oʻrta Osiyoda qilinmagan va Islomxoʻja birinchilardan boʻlib amalga oshirgan

1. Kadastrlash xizmatini joriy qilgan. Vaqf yerlarini qayta hisoblab roʻyxatdan oʻtkazgan. Filmda bunga alohida urgʻu berilgan.

2. Qiynoqlarni toʻxtatish. Soʻroq va jazo vaqtidagi qiynoqlarga barham bergan.

3. Yoʻl xizmatlarini joriy qilish va tartibga solish ishlarini amalga oshirgan

4. Telegraf xizmatini yoʻlga qoʻygan.

5. Xonlik va vaqf yerlarini soliqdan ozod qilib, zakot, boj-xiroj soliqlarini koʻrib chiqishni taklif qilgan.

6. Soliqchilarga oylik berish tizimini yaratgan.

7. Oʻrta Osiyoda birinchi zamonaviy shifoxona qurgan

8. Maktablar ochib, ularda geografiya, chizmachilik, rus tili, tarix fanlarini oʻqitish tizimini yaratgan.

9. Xorazmning yuzlab maktablariga Qozon, Sankt-Peterburg, Tatariston va Orenburgdan yaxshi haq evaziga muallim va pedagoglarni taklif qilgan.

10. Irrigatsiya xizmatini rivojlantirish, irrigatsiya tizimini zamonaviy texnologiya bilan jihozlash ishlarini amalga oshirgan.

11. Kinematografiya va kino olishni xonlikda ilk marotaba joriy qilgan.

12. Fotografiyani rivojlantirgan. Uning tashabbusi va homiyligi tufayli birinchi oʻzbek fotografi Sankt-Peterburgga borib malaka oshirib keladi hamda apparatlarini sotib olib beradi.

13. Litografiya, yaʼni toshbosma tizimini joriy qilish. Aniqroq qilib aytadigan boʻlsak, kitobni ilk marotaba xattotlik vositasida emas, toshbosma usulida chop etishni yoʻlga qoʻygan.

14. 1910 yildayoq Ichan qalʼada kichik elektr stansiyasi qurdirib elektr chiroqlarini yoqqan. Mana shu fakt Lenin bizga birinchilardan chiroq olib kelganligi haqidagi gapni chippakka chiqaradi.

15. Mana uning bosh gʻoyasi: “Birinchi navbatda maʼrifatni, keyin savdoni, keyin sanoatni, undan keyin shu ishlar orqali Xivani qoloq davlatlar safidan chiqarish lozim. Xalq erkin nafas olmogʻi kerak!”

16. Byudjet pullarini tibbiyot, agronomiya, maktablar, yoʻl xizmatlariga sarf qilishni joriy qilgan.

Roʻyxatni juda uzoq davom ettirish mumkin. Ziyrak oʻquvchi filmni koʻrgach, albatta uning shaxsiga va qilgan ishlariga qiziqib, qolgan maʼlumotlarni bilib olishiga shubham yoʻq.

Endi qisqacha filmning xususiyatlari haqida yozaman. Bu maqolada kinoshunos boʻlmaganim uchun faqat menga yoqqan jihatlarnigina eʼtirof etishni joiz deb topdim. Tanqidlarni esa tomoshabinni oʻziga qoldiraman.

Tarixiy atmosfera

Liboslar, dekoratsiyalar, operatorlarning mahorati tufayli qadimiy Xorazm xalqining oddiy hayoti va xonlik boshqaruvi tizimi haqida tugal tasavvur hosil qilish mumkin. Qaysidir daqiqalarda shu atmosfera ichida his qildim oʻzimni. Bu albatta filmning yutugʻi.

Ramziy yechimlar

Rejissyor filmning juda koʻp joylarida simvolizm unsurlarini ishlatgan. Film yakunidagi taxt ustida turgan yozuv mashinkasi ham oʻziga xos yechim boʻlgan. Bu tomoshabinni diqqatliroq boʻlishga, ziyraklikka, mantiqiy fikrlashga chorlaydi. Har bir detal, har bir harakat, nigohlarning oʻz ishi va vazifasi bor. Bu filmning katta yutuqlaridan yana biridir.

Aktyorlar mahorati

Aktyorlar toʻgʻri tanlangan va oʻz rollarini mahorat bilan ijro etishgan. Gap-soʻzsiz faqat nigoh bilan qahramonning butun biografiyasi, niyati haqida tasavvur hosil qilish mumkin.

Chiroyli epizodlar

Oʻtmish va bugun oʻrtasidagi sahnalarning bir-biriga bogʻlanishi ajoyib tarzda amalga oshirilgan. Qahramonlarning ruhiy bogʻliqligini his etadi odam. Bir butun garmoniyani his qilish mumkin.

Obraz

Har bir obrazning shakllanishida juda katta mehnat yotganligini tushunish mumkin.

Qisqa qilib aytganda filmning oʻzidan ruhiy ozuqa olish bir taraf boʻlsa, filmdan soʻng Islomxoʻja kabi buyuk islohotchi ajdodimiz borligi toʻgʻrisidagi faxr odamni chulgʻab oladi. Treyler chiqqanidan soʻng Islomxoʻja deb gugldan qidirish soni bir kunda milliondan oshgan. Mana shuning oʻzi ham filmning katta yutugʻi, deb bilaman.

Shaxsan men film ijodkorlariga katta rahmat aytaman. Oʻzbekistonga ilk marotaba elektr, shifoxona va boshqa yangiliklarni Chor Rossiyasi emas, aynan oʻzimizning ulugʻ jadid ajdodlarimiz joriy etganliklari butunlay fikrimni yangiladi. Mana shu buyuk tushuncha juda muhim deb oʻylayman.

Tomoshabinlarga esa sizlarning kutishlaringizga arziydigan kino ishlangan, deb bemalol ayta olaman.
Abdulazizxon Akramov, bloger, shifokor

Manba: Sof.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Bloger taassurotlari: “Xalq erkin nafas olmogʻi kerak” (Islomxoʻja filmi haqida)