date
views 362

Argentina U20 termasidan bugun ochko olamiz(mi)?!

Argentina U20 termasidan bugun ochko olamiz(mi)?!

20 maydan 21 mayga oʻtar kechasi 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi jahon chempionati start olishidan xabaringiz bor. Musobaqani maydon egalari Argentina va Oʻzbekiston U-20 terma jamoalari oʻrtasidagi bahs ochib beradi. Ravshan Haydarov shogirdlarini qanday raqib kutib turibdi? Ularning oʻyin uslubi qanday? Yigitlarimizning imkoniyati qay darajada? Raqibning zaif nuqtalari qaer? Aynan shu savollarga javob berish maqsadida kichik “Albiseleste” oʻyinini tahlil qildim. Har doimgidek, katta mavzuni kichik matnda tushuntirib beraman.

Argentina qanday oʻyin sxemasidan foydalanadi?

Xaver Maskerano jamoasining U-20 JCh saralash uchrashuvlarini tomosha qilib chiqqan inson sifatida aytishim mumkin-ki, murabbiy jamoasini yaxlit mexanizm sifatida shakllantira ololmagan. Toʻgʻri, Argentina va Maskerano soʻzlari ortidan bu jumla gʻalati eshitilishi mumkin, ammo haqiqatan ham mundial mezbonlarida jamoaviy oʻyin qurish borasida etarlicha muammolar mavjud. Har holda, 3 oy avvalgi rasmiy bellashuvlarda bu yaqqol koʻzga tashlanib turgandi. Mutaxassis klassik 4-2-3-1 sxemasidan foydalanadi. Toʻp nazorati kimda boʻlishiga qarab, bu 4-3-3 ga ham oʻzgarishi mumkin.

Saralash bahslari doirasida 4 bor maydonga tushgan Argentina 3 marotaba magʻlubiyat alamini tatib koʻrishga majbur boʻldi. Paragvay, Braziliya va Kolumbiyaga qarshi uchrashuvlarda chempionat mezbonlari oʻyinidagi yoriqlar koʻzga tashlanib qoldi. Umumiy qilib olganda, raqib taktik tomondan bizdan hech bir jabhada ustun emas. Shunchaki, boshqa faktorlar evaziga ular uchrashuv favoriti sanaladi.

Asosiy futbolchilari kim?

Aslida, yaxshi saviyadagi ijrochilari etarli. Shunga qaramay, biz Argentinaning oʻyin tempini belgilab beruvchi ikkita iste'dod sohibini alohida e'tirof etishga qaror qildik. Birinchi boʻlib tayanch zonasida juda katta hajmda ish olib boruvchi 8-raqamdagi Jino Infantino (“Rosario Sentral”)dan boshlaymiz.

Qahramonimiz markaziy himoyachilar hududiga qadar chekinib, raqib pressingini engib oʻtishdan tortib, markaziy hujumchi ortidagi yashirin forvard vazifasigacha bajaradi. Chinakam universal yarim himoyachi, kuchli zarbasi ham bor. Jamoaning deyarli barcha standartlarini aynan u ijro etadi. Start tezligi pastroq boʻlsa-da, buning oʻrnini sifatli ikkinchi qavatdan etkaziladigan uzatmalar bilan toʻldirishga qodir.

Yana bir etakchi Maksimo Perroneni alohida e'tirof etamiz. “Manchester Siti”ga koʻchib oʻtgan yigitning transfer qiymati 10 million evroni tashkil etadi. Tayanch zonasi va hujumchi ortida toʻp tepuvchi qahramonimiz bugungi Argentinaning asosiy suyanchiqlaridan biri, deyish mumkin.

Tezkor, kombinatsion futbolni xush koʻruvchi pleymeyker Haydarov “bandasi”ga qarshi bahsda mezbonlarning asosiy quroli vazifasini oʻtab berishi hech gap emas.

Shuningdek, tarkibdagi boshqa bir nechta futbolchi: Matias Soule (“Yuventus”), Valentin Karboni (“Inter”) va Roman Vegani (“Barselona”) ham oʻyinga ta'sir koʻrsata oladigan kuchga ega. Eng qizigʻi shundaki, Maskerano bu musobaqada oʻzining asosiy yulduzlarisiz ishtirok etishga majbur boʻlmoqda. Niko Pas, Alexandro Garnacho, Fakundo Buonanote singari katta klublardagi yigitlar kichik mundialda jamoasiga yordam bera olmayapti.

Kuchli va kuchsiz tomonlari

“Albiseleste” safida jamoa nomiga mos tarzda kuchli texnikaga ega ijrochilar harakat qiladi. Istalgan paytda bosimni engib oʻtib, oʻyinni oʻz qoʻliga olishga qodir yigitlar katta oʻyinlarda sahnaga chiqishga odatlangan. Jamoaning yarim himoyasi juda kuchli. Yaxshi saviyadagi markaziy hujumchiga ega. Qanotdagi vingerlar/yarim himoyachilar yaxshigina tezkor. Tezkor qanot va sifatli markaziy hujumchi yigʻindisi, albatta, raqibning kuchli ekanligidan dalolat beradi, biroq Argentina mudofaasida muammolar etarlicha. Birinchi navbatda, markaziy himoyachilarning darajasi oldingi chiziqdagilarnikidan anchagina past ekanligini e'tirof etish lozim.

Aynan ularning qoʻpol xatolari sababli Argentina tarkibida Garnacho, Pas singari ijrochilari boʻla turib ham JCh saralashidan oʻta olmadi. Boz ustiga, ishonchli darvozabon borasida ham Argentinada muammo bor. Aynan mudofaa vakillari va posbonning noʻnoqligi sabab raqibimiz saralash oʻyinida Paragvayga 1:2 hisobida engilganiga guvoh boʻldik. Vaholanki, oʻsha bahsda Paragvay yoshlari raqib darvozasiga atigi 2 bor aniq zarba bergan edi, xolos. Braziliyaga qarshi bellashuvda bir chiziqda oʻynashga intilgan himoya toʻrtligi juda qoʻpol xatolarga yoʻl qoʻydi. Kolumbiya bilan oʻyinda esa aynan ularning oʻz zonasini berkita olmagani sababli magʻlubiyat bilan tugadi.

 Koʻplab muxlislar jamoa tarkibi, murabbiy darajasiga razm solib, “Argentina qanday qilib mundial saralashidan oʻta olmadi?”, deb oʻylab qolgani aniq. Savolning javobi yarim himoya va hujum chizigʻidagi futbolchilardan klass bobida sezilarli darajada ortda qolayotgan mudofaa vakillarining tarkibda bor ekanligida. Qoʻshimcha bonus! Argentina asosan texnikasi kuchli futbolchilarga tayangan. Shu bois, jismonan baquvvat atletlari deyarli yoʻq. Bu standartlarda, toʻp uchun kurash va pressingda ularning bizdan kuchli emasligini anglatadi.

Oʻzbekistonning oʻyinga tuzgan rejasi qanday?

Katta ehtimol bilan bu bahsni ham biz 3 ta markaziy himoyachi bilan boshlaymiz. Bu raqibning bir markaziy hujumchiga suyangan sxemasiga qarshi munosib himoyalanish imkonini beradi. Qanot himoyachilarimiz esa tezkor argentinalik vingerlarni qoʻriqlash bilan birgalikda himoyada 5-3 koʻrinishidagi son jihatdan ustunlikda harakat qiladi. Toʻgʻri, bu sxema bizning gol kiritish imkoniyatimizni ancha pasaytirib yuborishi mumkin, biroq Abbosbek Fayzullaev, Poʻlatxoʻja Xoldorxonov, Nodirbek Abdurazzoqov singari yigitlar oldingi chiziqda nimadiy oʻylab topishga qodir ekanligini qit'a birinchiligida koʻrdik. Boz ustiga, yuqorida aytilganidek Argentina mudofaasi a'lo darajada emas. Bundan tashqari, raqiblar oʻz uyida, muxlislari qarshisida katta kuch bilan oldinga tashlanishga majbur. Bu yaxshi hujumlar uyushtirishimiz uchun ochiq zonalar paydo boʻlishini anglatadi.

Umuman olganda, agar raqibning eng kuchli qismi bosimiga dosh bera olsak, hujumda bemalol omadimizni sinab koʻrish imkoniga egamiz. Haydarov jamoasi toʻpsiz juda yaxshi harakat qila olishini Avstraliya, Janubiy Koreya singari jamoalar bilan oʻyinda koʻrsatib qoʻydi. Zich himoya va raqibga boʻsh zonalarni qoldirmaslik bizni kamida durang bilan mundialni boshlashimizga zamin yaratishi mumkin. Agar oldingi chiziqdagi yigitlar oʻzini koʻrsatsa, taktik tomondan bahsni gʻalaba bilan yakunlash imkoniyatimiz bor.

Imkoniyatlar 50/50! Biroq, boshqa faktorlar ham yoʻq emas...

Oʻyin sifati, jamoaviy futbol, ruhiy holat borasida biz Argentinadan umuman qolishmaymiz. Shunga qaramay, jahon chempionatini ochib beruvchi ilk turda tablodagi hisobga ta'sir koʻrsatishi mumkin boʻlgan boshqa omillar ham bor: Muxlislar bosimi, kuchli hayajon, yangi iqlim va boshqa koʻplab kichik detallar "oq boʻrilar" zarariga ishlashi hech gap emas.

Maydon tashqarisidagi muammolarni bartaraf etish uchun terma jamoamiz ruhshunoslari ancha avval ish boshlashi lozim edi. Balki shunday ham qilingandir. Har holda, Ravshan Haydarov katta musobaqalarda ishtirok etish nima ekanligini biladi. Undagi tajriba yigitlarning bor e'tiborini maydonga qaratish uchun etarli boʻladi, deb umid qilamiz. Oʻyin tomondan olib qaralsa, Osiyoning birinchi raqamli jamoasi Janubiy Amerikaning 5 yoki 6-jamoasi sanalgan mezbonlardan hech bir aspektda qolishmaydi. Ha, ba'zi punktlarda raqib bizdan kuchli, biroq vakillarimizda ulardan yaxshiroq shakllangan qirralar mavjud. Optimizmni olib tashlagan holda aytilganda ham imkoniyatlar - 50/50!

Yahyoxoʻja Ulugʻxoʻjaev

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport