23:10 / 19.01.2017
5 025

Mirabror Usmonovga aytar gaplarim

Mirabror Usmonovga aytar gaplarim

Mustaqil bo‘lib, tuzum o‘zgargach, juda ko‘p bayramlar, jumladan 1 may, oktyabr bayrami, sovet armiyasi kuni bayrami o‘z-o‘zidan bir zumda yo‘qolib ketdi. Chunki ular siyosiy tusga ega bayramlar edi. 19 asrda AQSh davlatida bo‘lib o‘tgan xotin-qizlarning namoyishi sanasi bilan bog‘liq bo‘lgan 8 mart bayrami Sharqdayam, G‘arbdayam nishonlanmaydi. Bizda xozircha bu kun bayram qilinmoqda. Bayramlar ichida eng ommabopi, eng hammabopi yangi yil bayramidir. Bu bayram hech qanday siyosiy bo‘yoqqa ega bo‘lmagan, astronomik bayramdir. Turli xalqlar yil sanog‘ini turli sanalarda nishonlab kelishgan. Masalan, turkiy xalqlar 21 mart kunini, Xitoy xalqi 28 yanvar kunini yangi yil bayrami deb nishonlashgan. 1 yanvar kuni esa er kurrasining barcha xalqlari uchun yil boshi, sanoq boshi deb qabul qilingan. Shuning uchun o‘zining milliy bayramiga qo‘shimcha qilib barcha xalqlar yil boshi kunini butun dunyo umumiy bayramiga aylantirib yuborishgan.

Yangi yilda bir-birini qutlash rasm bo‘ldi. Hamma yangi yil sanog‘i bilan yangi kun, yangi tong, yangi hayot umidini bog‘laydi. Bir-biriga ezgu tilaklar bildirishadi. Kambag‘alga boylik, yoshlarga ilm-ma’rifat, muhabbat, omad tilanadi. Hammaga sog‘liq-omonlik, yurtga tinchlik tilanadi. Men ishqiboz emasmanmi, barcha tilaklarim futbol bilan bog‘liqdir. Men ham yangi yil bilan Siz, azizlarimni qutlayman.

Mirabror akamga aytar gapim bor


1. Mirabror aka, Sizni yangi yil bayrami bilan qutlayman. Barcha ezgu niyatlarimni yo‘llayman. O‘zbek futbol ishqibozlari o‘zining yangi yil umidlarini nomingiz bilan bog‘lagan. Men ham shular qatoridaman. Siz o‘zbek futbolida birinchi shaxssiz. Shuning uchun bayram sharafiga ko‘ra Siz bilan sirtdan muloqot qilishga jazm etdim. Yoshimga yarashmagan ish bu, bilaman. Oxirat tadorigini qilib, ertayu-kech tasbeh o‘girib, salovat o‘qib, nevaralarimga nasihatgo‘y bo‘lib, yoshu-qariga duoda kunlarimni o‘tkazib yursam, yoshimga yarasha bo‘larmidi. Mayli, ishqiboz bo‘lib stadionlarga borib maydondagi o‘g‘lonlarimni qo‘llab turay. Chunki futbolsiz yashay olmayman. Mayli, qurbim kelar ekan, Axbor akamga o‘xshab savlatni saqlab matbuotda, saytlarda jurnalistikaga oz-moz aralashib yuray. Bu kamlik qilsa, mayli, har hafta omma oldiga maqolalarim bilan chiqib turay. Lekin, O‘FF prezidentiga yangi yil tabrigini yo‘llash aqldan emas. Oshib ketdi. Siz ham buni sezyapsiz, shekilli.

2. Ijodim muxlislariga bu ishim tushunarsiz bo‘ladi. Qandoq qilay, shuncha imkoniyatlarimiz bo‘la turib kamchiliklar futbolimiz rivojini bo‘g‘ib yotsa, yoshlar indamasa, kerakli so‘zlar yozilmasa, aytilmasa, bunga befarq qarab turish mumkinmi? Og‘izda qatiq ivitib, yo mum tishlab o‘tirish mumkinmi? Sizga, Mirabror aka, dilda borini hech kim aytmasa, hamma haybatingizdan hayiqib tursa, qachon Siz islohotlarga qo‘l urasiz?

Hech qachon. Yon atrofingizdagilar futbolda erishgan yutuqlarimizni sanab tursa, Siz ham kechagi yutuq bilan, kechagi kun bilan yashab, kechagi odamga aylanib qolasiz-da. Birinchi shaxs doim bir qadam oldinda turishi kerak. Bir qadam oldinni ko‘rishi kerak.

3. Masalan, AFA prezidenti Angliya futbolining birinchi shaxsi emas. Angliya futbolining bugungi qadamlari unga bog‘liq emas. U bir amaldor, xolos. Ularda futbol bir asr muqaddam o‘z iziga tushib olgan. Bizda nainki futbol, butun jamiyatimiz bir oyog‘i bilan sovet tuzumida turgan bo‘lsa, ikkinchi oyog‘i bilan yangi hayotga qadam qo‘ygan. Bir oyog‘i eski hayotdan hali uzilmagan. Yangi hayotni qurish davridamiz. Kunda yangi tashabbus bilan chiqish kerak. Nainki futbol, barcha jabhalar isloh talab bo‘lib turibdi. Oldinga intilib turibdi. Futbolimizning bugungi ahvoliga rozi emasman. Farhodu, Sardoru, Asqarjonlar rozi bo‘lib yurishibdi. Hammasidan mamnun bo‘lib turishibdi. Ular uchun kun o‘tsa bas. Terma yig‘ini o‘tsa bas. O‘rtoqlik o‘yinini uyushtirib berishsa, bas… Mavsum o‘tsa, bas.

O‘FF binosi futbolimizni rivojlantirish shtabi emas. Amaldorlar idorasi bo‘lib qolgan. Hamma ish bilan band. Hamma amaliga yarasha o‘z vazifasini bajaradi. Hech kim yangi bir tashabbus bilan oldinga otilib chiqmaydi. Hech kim o‘z boshiga ortiqcha tashvish orttirgisi kelmaydi. Hamma tinch, osoyishta yashab, churq etmay jim ishlab yurishibdi. Hamma oilasi qo‘ynida farovon hayot kechirib yurishga intiladi. U erdagilardan hech kim o‘zbek futbolini baland nuqtaga ko‘taraman deb, bir nimaga intilmaydi. Bunday maqsad ularga vazifa qilib belgilanmagan.

4. Juda ko‘p yurtdoshlarimiz futbolimizga qo‘l siltab qo‘yishgan. Evrofutbolga tikilishgan. Stadionlarimiz ishqibozsiz bo‘m-bo‘sh qolgan. Lekin o‘shalar ham milliy termamizga ko‘z tikishgan. Bir nimadan doim umidvor bo‘lishadi. Axir futbol vatanparvarlikning izhori-ku. Yurt timsoli-ku. Terma jamoamiz vatandoshim uchun iftixor cho‘qqisi-ku. Faxr manbai-ku. 50-yillar edi. Yosh bolakay bo‘lib ko‘chada futbol o‘ynab yurardik. Ko‘cha, mahalla sha’nini vatan sha’ni deb bilib, uni boshqa mahalla bolalaridan himoya qilib, bor vujudimiz bilan adolat deb baqir-chaqir qilib, yutamiz deb futbol o‘ynashlarimni eslayman. Biz uchun Vatan ko‘chamizdagi mirzaterakdan boshlanar edi-da. Vatanni himoya qilish ko‘cha futbolidan boshlanadi-da. Shunday ekan, kim ham terma jamoamizga befarq bo‘la oladi? Eski jo‘vadagi qurtchi qariya kampir ham hisob qanday bo‘ldi, yutdikmi bolam deb, so‘rab qo‘yadi-ku.

Terma jamoamiz esa, Babayan boshchiligida jar yoqasiga kelib qolgan. Jardan yo sakrab, yo uchib o‘tishi kerakmi endi. Rahbariyat esa, navbatdagi murabbiy bir amallab o‘tib oladi deb, asossiz bir nimaga umid bog‘lagan. Yo‘q, umidvorlik yaxshi xislat. Intilgan, tirishqoqlik bilan harakat qilgan odamga umidvorlik dalda bo‘ladi. Rahbariyatda umid na qilsin? Bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa bo‘lmas deb, pinagini buzmay ishlab yurishibdi. Jon kuydirish ularning vazifasiga kirmaydi. Mundialga chiqolmasak ham ularning kayfiyati buzilmaydi. Jar ichiga rahbariyat emas, doim bosh murabbiy bilan birga barcha ishqibozlar qulamoqda. Rahbariyat jarni doim sakrab o‘ta olamiz deb bizni ishontirmoqchi, ovutmoqchi, aldamoqchi bo‘ladi. Boshqa yo‘l bor: osma ko‘prik qurib o‘tishimiz kerak. Lekin hech kim uni qurmaydi. Har doim shu jar yoqasiga etib kelib, jar yoqasida bir-birimizga diydiyolarimizni aytib, og‘ir kayfiyatlarimizni jarda qoldirib, ming afsus-nadomad bilan orqaga qaytmoqdamiz.

5. Mirabror aka, Sizga fikrimni tushuntirib beray. Taraqqiyotning birinchi omili yangi texnologiya hisoblanadi. Mashinosozlikning bugungi kuniga etib olishimiz uchun o‘z qadamimizni tashlab yursak, bizga kamida bir asr vaqt kerak bo‘lar edi. Bunday qilmadik. Yangi texnologiyani olib kelib, zamonaviy yangi mashinalarni chiqara boshladik. Ular hech kimnikidan kam emas. Bu oddiy haqiqat. Zamonaviy stanoklar, liniyalar va ularga mos keluvchi yangi binolar taraqqiyot sababchisidir. Buni hech kim inkor eta olmaydi. Futbolda yangi texnologiya deganda yuqori malakali, kuchli trener va unga yarasha unga munosib muhit ko‘zda tutiladi.

Gus Hiddink Rossiya termasini boshqarganda atrofdagi muhitni ham o‘zgartirganini eslayman. Karlush Keyrush 3 yildan beri terma atrofidagi muhitni o‘zgartiraman deydi-yu, o‘zgartirolmay Eronni tashlab chiqib ketishga chog‘lanib yuradi. Xitoyning imkoniyati biznikidan past bo‘lsa-da, final bosqichiga chiqish maqsadida terma jamoaga yuqori malakali Lippini olib kelib, uning uchun hamma sharoitni yaratib berdi. Moskvaga boramiz deyishmoqda. Bizning Rahbariyat Moskva mundialiga borish imkoniyatimiz hali bor deb, Xitoynikidan kuchliroq deb, imkoniyatni hali butunlay yo‘qotib bo‘lmadik deb, bu imkoniyatdan foydalanish yo‘lida hech narsa qilmayapti. Imkoniyat yo‘qolib bo‘lgandan keyin harakat qilmoqchimi? Yoki olma pish-og‘zimga tushmi? Babayanning o‘zi amal-taqal qilsinmi? Qilolmasa-chi? O‘FF rahbariyati almisoqdan qolgan “texnologiya” yordamida zamonaviy futbol mashinasini ishlab chiqarmoqchi bo‘lmoqda, shekilli. Nima uchun? Nega yangi “texnologiyani” olib kirmaydi?

Mirabror aka, Sizga Ahmedov misoli etmaydimi? U “Paxtakor”da shu klub darajasida yuqori o‘yin ko‘rsatar edi. Ketmaganida shu darajada qolib ketar edi. “Anji”ga borib “yuqori malakali texnologiya” muhitida, ya’ni Gus Hiddink qo‘l ostida o‘ynagani uchun uning o‘yini o‘sib Eto’O, Bussufa darajasiga ko‘tarila olgan edi-ku? Gus Hiddink bo‘lmasa, bugungi Ahmedov ham bo‘lmas edi. Nega isboti kerak bo‘lmaydigan bu aksiomani Sizga uqtira olmayotibman? Nega?

6. Babayan bu galgi tarkib oldingilaridan kuchliroq, mundialga munosibrok deb aytganida haqli edi. Siz, Mirabror aka futbol mutaxassisi emassiz. Siz atrofingizdagilar fikri bilan qaror qabul qilmoqdasiz. Babayan mutaxassis-ku. Nega u o‘z imkoniyatlariga to‘g‘ri baho bera olmayapti? Ojizligini tan olishi uchun, olimpiada yo‘lida Qatarda Iroqdan olgan mag‘lubiyati etmaydimi? Borimiz shu degani esidan chiqdimi? O‘tgan yilgi davraning so‘ngi o‘yinlarida termamiz yigitlari yakkakurashlarda, ijrochilik mahoratida raqiblariga teng kuchli bo‘la turib, jamoaviy o‘yinda koreyslar va forslar oldida hamma narsani: hisobni ham, o‘yinni ham boy berishdi-ku? Bu voqealar Babayanga etmaydimi? Yiqilgan kurashga to‘ymaydimi? Engil vaznlik odam Ruslan Nuriddinov ko‘targan toshni ko‘tara olmaydi-ku. O‘z vazniga yarasha tosh tanlaydi. Solishtiring, bizning Sergeevu, Masharipovu, Turopovlarimizning ijro mahorati raqiblaridan pastroq bo‘lsa-da, Turkiyada o‘tgan Ahmad Musaev boshchilik qilgan yoshlar orasidagi jahon musobaqa to‘qnashuvlarida jamoaviy o‘yin bo‘yicha ustun kelib, guruhdan chiqishgan edi-ku. Pogbalarga, bo‘lg‘usi chempionlarga bardosh bera olishmagan edi.

JCh-2014 da Jazoir, ECh-2015 da Islandiya termalari jamoaviy o‘yin darajasini baland nuqtaga ko‘tarib imkoniyatlaridan ham baland saviyali o‘yin ko‘rsatishgan edi. Bulturgi Raneri boshchilik qilgan Lester yutuqlarini eslang. Nega “yangi zamonaviy texnologiyani” qadrlamaysiz. Taqir-tuqir moshina minib, mundialni orzu qilamizmi. Nega biz chet ellik kuchli murabbiyning qadriga etmaymiz. Kelganlari ham tez orada orqaga qaytib ketishmoqda. Nega?

Misollar ko‘p. Gyode bizdan ketkazilgach, Ozarbayjonda 6 yilcha samarali ish olib bordi. Xougton tezda bizdan ketkazilgach, Hindiston termasini yaxshi boshqardi. Jamoani OK-2011 final o‘yinlariga olib chiqdi. Kreketiston yurti termasi Avstraliyaga munosib qarshilik ko‘rsatib 2:4 hisobida yutqazgan edi (biz kengurularga sharmandali 0:6 hisobida yutqazganmiz o‘shanda). Paxtakorga Mirodrav Radulovich kelib tezda yangicha o‘yin tasvirini yarata olgan edi. U ham tezda ketkazildi. Bultur Paxtakorga Rossiyadan Grigoryan kelib yaxshi o‘yin ko‘rsata boshladi-yu, bir zumda orqaga qaytarildi. Demyanenko bir yildayoq Nasafga sovrin olib berganini aytmaysizmi? U ham ko‘p ishlamadi. Nega bunday salbiy hol bizda normaga aylanib qoldi? Nega o‘rta hol Jorjevich, Agamurodovlar bizda ko‘p ishlaydi, nega o‘z saviyamiz qatori bo‘lgan Kumikovni Qozog‘istondan ortga qaytaramiz, nega kuchlilarni itaramiz. Past bo‘ylik rahbar o‘z atrofiga o‘zidan pakanaroqlarini yig‘ib yurganidek, murabbiylarimizning past saviyasi ko‘zga tashlanmasin deb kuchlilar qolib, kuchsizrog‘ini chaqirmoqdamizmi? Bilmadim, bilolmadim.

7. Mirabror aka, bu galgi kurashlarimiz taqdirini Babayanga topshirib qo‘yish Sizga qulaymi? Aybdor oldindan aniqmi? Shu kunlari, 2-davra o‘yinlari oldidan “yuqori texnologiyani”, ya’ni yuqori malakali murabbiyni Evropadan 1+1 shartnomasiga ko‘ra olib kelsangiz, ayni muddao bo‘lmaydimi? 2 oydan keyin kimnidir olib kelish kech bo‘ladi, befoyda bo‘ladi. Xozir Benites ishsiz, Prandelli ishsiz. Boshqalar ham bor. Nega bu ishni qilmaysiz? Yoki chetdan kuchli mutaxassis olib kelmaslik sababi boshqami? Ularga ish bermasdan o‘zimizdan chiqqan murabbiylarning mahorati o‘sishini istaysizmi? Unday bo‘lsa, Babayan Anchelotti yonida 3-4 yil ishlab mahoratini, malakasini oshirib qaytsin. Pol Kliment Angliya klubiga, “Suonsi”ga bosh murabbiy bo‘lib o‘tgani uchun yordamchi murabbiy o‘rni bo‘shab turibdi. Lekin buning ilojisi yo‘q. Demak, Benitesni termamizga 2 yilga olib kelsangiz, uning yonida Babayanning yo boshqaning mahorati o‘smaydimi? O‘sadi. Lekin nega bu ishni qilmaysiz? Nega, nega? Axir, nega?!

Ishqiboz diliga solib chega, ishonarli sababni ayting. Achchiq haqiqat qolib shirin suvoq gapdan, silliq so‘zdan qayting! Asl sababini ayting! Nega?

Mirabror aka, yanada ulg‘ayadigan payting, yanada o‘sadigan payting och qolsang insofdan bo‘ladimi? Ayting, nega kuchli, malakali murabbiyni chetdan olib kelmaysiz? Maslahatga kirmaysiz? Nega?!

Bizdan hech narsani yashirmasdan ayting. Yolg‘on gapirishdan qayting. Yurak bag‘rimiz ezilib ketdi-ku? Nahotki, vatanimiz sha’ni Sizga muhim bo‘lmasa! Nahotki, yurt ishqibozlarining iltijosi Sizga etib bormasa?

Nahotki, gapi boshqayu, niyati boshqa munofiq odam bo‘lsangiz? Nahotki, muqaddas tuyg‘uni toptovchi zolim bo‘lsangiz? Yo‘q, buning bo‘lishi mumkin emas. Siz uchun ham Vatan muqaddas. Unday bo‘lsa, nega shu kunlarni Siz boy bermoqdasiz? Nega, nima uchun? Ertaga kech bo‘ladi-ku.

Mirabror aka, O‘FF strukturasi, strategiyasi, rahbarlik uslubi, chempionatimiz ahvoli bo‘yicha o‘ta muhim mavzular chetda qolib, faqat termamiz haqida qayg‘urib Sizga murojaat qildim, ochiq xat yozdim. Xatni boshqa davom ettirolmay qoldim. Achchiq alamdan ko‘zlarim yoshlanib ketdi. Qarichilik. Aybga buyurmang.

11. 01. 2017yil.

Hasanali QODIROV

Manba: maydon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirabror Usmonovga aytar gaplarim