Panenka mashhur penaltisi ustidan bahsga javob qaytardi

Chex futboli afsonasi Antonin Panenka «panenka» uslubida tepilgan penalti raqibni mensimaslik degan fikrga qoʻshilmasligini aytdi. U bu zarbani ilk bor Yevropa chempionati-1976 finalida qoʻllab, futbol tarixiga kirib qolgan. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Panenkaga koʻra, bunday ijro hazil yoki kamsitish emas, balki oʻsha vaziyatda gol urish ehtimoli yuqori boʻlgan yechim. «Buni hurmatsizlik deyishadimi? Men bunga qoʻshilmayman. Oʻsha paytda men faqat gol urishni oʻylaganman. Yevropa chempionati finalida raqib ustidan kulish xayolingga ham kelmaydi. Men futbolni sevaman va hech kim ustidan kulishni istamaganman. Menimcha, bu gol urishning eng yaxshi yoʻli edi», — dedi Panenka Cadena SER radiosining El Larguero dasturida.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Panenka nega uning fikricha, Braim Dias Afrika millatlar kubogi finalida «panenka» usulida gol ura olmaganini ham izohlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!