12 yillik intizorlikdan so‘ng ayol besh egizakni dunyoga keltirdi

Efiopiyada 12 yil davomida farzand orzusida yashagan ayol bir yo‘la besh egizakni dunyoga keltirdi. Bu haqda BBC ma’lum qildi.
35 yoshli Badriya Adem “Hivot Fana” shifoxonasida to‘rt nafar o‘g‘il va bir nafar qiz farzandli bo‘ldi. Tug‘ruq 5 may kuni kechqurun kesarcha usul orqali amalga oshirilgan. Ayol homiladorlik davomida doimiy ravishda shifokorlar nazoratida bo‘lgan va mutaxassislar unga to‘rt nafar chaqaloq kutayotganini bildirishgan. Ammo tug‘ruq jarayonida yana bir chaqaloq borligi aniqlangan.
Ayni vaqtda ona va chaqaloqlar shifoxonada shifokorlar kuzatuvi ostida qolmoqda. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning vazni 1,3 kilodan 1,4 kilogaca bo‘lib, shifokorlar ularning sog‘lom o‘sib ketishi ehtimolini yuqori baholamoqda.
Ma’lum qilinishicha, Badriya hech qanday EKO muolajasisiz, tabiiy ravishda homilador bo‘lgan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, tabiiy yo‘l bilan besh egizakli bo‘lish ehtimoli taxminan 55 millionda bittani tashkil qiladi.
Badriyaning so‘zlariga ko‘ra, u yillar davomida farzandsizlik sabab og‘ir ruhiy tushkunlikni boshdan kechirgan.
Ayol dehqonchilik bilan tirikchilik qilishini va kutilmaganda kattalashgan oilasini qanday ta’minlash haqida o‘ylanayotganini ham aytdi.
Quvonchli voqeadan so‘ng chaqaloqlarga Naif, Ammar, Munzir, Nazira va Ansar deb ism qo‘yildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!