Jezush Ronaldo yaqin o'yinni o'tkazib yuborishini aytdi

«Al-Nasr» bosh murabbiyi Jorje Jezush Krishtianu Ronalduning navbatdagi uchrashuvda maydonga tushmasligi sababini izohladi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Er-Riyod klubi chorshanba kuni OFK Chempionlar ligasi doirasida «Arkadag»ga qarshi o'ynaydi. Portugaliyalik yulduz hujumchi boykotdan keyin tez orada jamoaga qaytishi kutilayotgandi, biroq bu o'yinda ham u tarkibda bo'lmaydi.
«Jadval juda tig'iz. Shu bois Ronalduga va asosiy tarkibdagi ayrim futbolchilarga dam berishga qaror qildik. Oldinda «Al-Fateh»ga qarshi muhim bahs bor», — dedi Jezush. Uning so'zlarini Al Nassr Zone keltirdi.
Murabbiy ta'kidlashicha, Ronalduning dam olishi kutilmagan holat emas: u Saudiya Arabistonidan tashqarida o'tadigan ayrim o'yinlarda avval ham ishtirok etmagan.
Saudiya chempionatidagi «Al-Fateh» — «Al-Nasr» uchrashuvi 14 fevral, shanba kuni bo'lib o'tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!