Jezush Ronalduga dam berdi va u navbatdagi o'yinda yo'q

«Al-Nasr» bosh murabbiyi Jorje Jezush Krishtianu Ronaldu nega yaqinlashib kelayotgan uchrashuvda maydonga tushmasligini izohladi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Ar-Riyod klubi chorshanba kuni OFK Chempionlar ligasi doirasida «Arkadag»ga qarshi bahs olib boradi. Portugaliyalik yulduz hujumchi boykotdan so'ng tez orada safga qaytishi kutilayotgandi, biroq bu o'yinda ham u ro'yxatda bo'lmaydi.
Jezushning aytishicha, jamoa zich taqvim sabab Ronaldu va asosiy tarkibdagi yana bir qator futbolchilarga dam berishga qaror qilgan. Murabbiy buning ortidan chempionatdagi «Al-Fateh»ga qarshi muhim to'qnashuv turganini ta'kidladi.
«Ronaldu dam olishi yangilik emas. Bu Saudiya Arabistoni tashqarisidagi uchrashuvlarda u maydonga tushmay qoladigan ilk holat ham emas», — deya Jezushning so'zlarini Al Nassr Zone keltirdi.
Saudiya chempionatida «Al-Fateh» — «Al-Nasr» uchrashuvi shanba, 14-fevral kuni bo'lib o'tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!