Panenka penaltidagi uslubi hurmatsizlik emasligini aytdi

Afsonaviy futbolchi Antonin Panenka o‘z nomi bilan ataladigan penalti uslubi raqibni mensimaslik degani emasligini ta’kidladi. U 1976 yilgi Yevropa chempionati finalida aynan shu zarbani ijro etib, futbol tarixida qolgan. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Panenkaning aytishicha, bunday zarba orqali u hech kimni masxara qilishni ko‘zlamagan. «Bu hurmatsizlikmi? Men bunga qo‘shilmayman. O‘sha paytda men shunchaki gol urish ehtimoli eng yuqori bo‘lgan yo‘lni tanlagandim. Yevropa chempionati finalida raqib ustidan kulish haqida o‘ylamaysan. Men futbolni yaxshi ko‘raman va hech kimning ustidan kulishni istamaganman. Menimcha, bu gol urishning eng yaxshi usuli edi», — dedi u Cadena SER radiostansiyasidagi El Larguero dasturida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Panenka Brais Diass nega Afrika millatlar kubogi finalida «panenka» uslubida gol ura olmaganini ham o‘z nuqtayi nazaridan izohlagan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!