Neymar Braziliya terma jamoasiga chaqiruv olganidan ko‘z yoshlarini tiya olmadi

Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Carlo Ancelotti 2026-yilgi Jahon chempionati uchun yakuniy tarkibni e’lon qildi. Ro‘yxatdan o‘rin olgan tajribali hujumchi Neymar bu xabarni eshitgach, o‘z his-tuyg‘ularini yashira olmadi. U o‘zining Instagram sahifasida turmush o‘rtog‘i Bruna Biancardi va yaqin do‘stlari qurshovida yig‘layotgani aks etgan ta’sirli videoni bo‘lishdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
2023-yilning oktyabr oyida tizzasidan jiddiy jarohat olgan Neymar uzoq davom etgan tiklanish jarayonidan so‘ng katta futbolga qaytmoqda. 34 yoshli futbolchi Braziliya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi va bu uning faoliyatidagi to‘rtinchi mundial bo‘ladi.
Carlo Ancelotti matbuot anjumanida Neymarning tarkibga kiritilishini qat’iy himoya qildi. Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, Neymar nafaqat maydondagi mahorati, balki jamoa ichidagi muhitni yaxshilash va tajribasi bilan ham Braziliya uchun muhim figura hisoblanadi.
Biroq, tarkibning e’lon qilinishi barcha uchun ham quvonchli bo‘lmadi. Angliya Premer-ligasida ajoyib mavsum o‘tkazgan Joao Pedro yakuniy ro‘yxatdan chetda qoldi. Hujumchi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida bu qarorni xotirjamlik bilan qabul qilganini va terma jamoaga omad tilashini yozib qoldirdi.
Braziliya terma jamoasi endi Shimoliy Amerikada bo‘lib o‘tadigan mundialga tayyorgarlikni boshlaydi. Jamoa guruh bosqichidagi ilk uchrashuvini 13-iyun kuni Marokashga qarshi o‘tkazadi. Ungacha esa Panama va Misr terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlari rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!