08:31 / 02.09.2018
3 052

Amir Temur, Ektor Kuper, Gari Lineker va boshqalar xususida

Amir Temur, Ektor Kuper, Gari Lineker va boshqalar xususida
Tarixiy asarlarni koʻp oʻqiyman, bunday kitoblarga judayam qiziqqanim bois, ulardagi baʼzi maʼlumotlarni futbolga tatbiq etganda ham bib-binoyidek xulosalar chiqishini koʻraman.

XX asr boshlarida ijod qilgan fransiyalik tarixnavis yozuvchi Marsel Brion oʻzining Amir Temur haqidagi “Tamerlan” nomli tarixiy asarida buyuk sohib­qiron hayoti haqida hikoya qilgan. Kitobda barcha jumlalar Movarounnahr hukmdorining oʻz ogʻzidan yoziladi.

Asarda meni oʻziga koʻproq jalb qiladigan bitta xususiyat borki, u ham boʻlsa koʻp urushlardan soʻng Amir Temur mazkur voqealarga vaqt ortidan turib baho beradi. Va koʻproq oʻzi magʻlub etgan mamlakat hukmdorining oʻsha urushda yoʻl qoʻygan xatolarini tahlil qilib chiqadi. Mana ularning biridan iqtibos:

«Nishopurga urush boshlagan dastlabki kunimdanoq shuni bildimki, bu shaharning hukmdori aqlsiz, iqtidorsiz kishi ekan. U jang jarayonlarida qamal qilingan qalʼa himoyachilarini boshqarish salohiyatiga ega emasligini koʻrsatdi. U mening jangchilarimga qarshi aytarli tuzukroq chora qoʻllay olmadi.

Aqalli toshotar moslamalar yasattirib, boshimizga tosh yogʻdirsa - mazkur tadbirning oʻzi ham bizga qanchalik katta tashvish tugʻdirishi aniq edi. Qamal qilingan qalʼalarda qoʻllaniladigan himoyalanish vositalaridan biri, bu - koʻndalang holatda halinchak kabi tebranadigan ulkan yogʻoch boʻlib, u tortib turib qoʻyib yuborilsa, devor boshiga chiqib ulgurgan askarlarimni ortga uloqtirib tashlashi mumkin edi.

Nishopurliklar, nazarimda, shu oddiy usulni ham bilishmaydiganga oʻxshaydi. Ular oʻq-yoy, qilich va nayza bilan himoyalanmoqda edilar. Vaholanki, mening jangovar minoralarimni faqat toshotar moslamalar bilangina chilparchin qilish mumkin edi. Hech boʻlmaganda keraksiz latta-puttalarni moyga belab, uni yoqib minoralarimga otganlarida ham bizning anchagina tinkamizni quritgan boʻlishardi.

Ammo Nishopur hukmdori garangsib qolganidanmi yoki boshqa bir sababdanmi, jang taqdiriga taʼsir koʻrsatuvchi biror-bir chora qoʻllay olmadi».

Men bu jumlalarni oʻqir ekanman, Amir Temurni Janubiy Koreya murabbiyiga, jangda magʻlub boʻlgan lashkarboshini esa Babayanga oʻxshataman. Bu yerda biz oʻrganishimiz muhim boʻlgan, bizga qoʻl keladigan koʻplab jihatlar bor.

Shulardan eng zaruri - gʻolib jamoa lashkarboshisi, yaʼni buyuk Sohibqiron aytayotgani kabi magʻlub tarafning potensiali borligi. Yaʼni, aslida haqiqatan ham chora boʻlgan. Hamma gap uni qoʻllay olmaganida. Eng qizigʻi, Amir Temur buni koʻrib turibdi. Faqat aytmaydi - chunki raqib!

Xuddi shunga oʻxshash holatni bugungi kunimizda ham kuzatish mumkin - shaxsan oʻzimning hayotimdan kichik maʼlumot keltiraman. Deyarli har kuni ishdan uyga charchab qaytgach, 8 yashar oʻgʻlim oldimga shaxmat koʻtarib keladi va istar-istamas unga qarshi dona suraman.

Men uning xatolarini koʻrib turaman: qaysi toshni qanday yoʻnalishda yurganida, mening ayovsiz hujumimga qarshi chora qoʻllay olgan boʻlardi. Lekin u har gal, har kuni yutqazadi. Shunga qaramay oʻz ustida ishlashi, mening oʻrgatishlarim natijasida bilimi va saviyasi oldingidan anchagina yuqorilagan.

Eʼtibor qilayapsizmi, falsafa har doim, hamma davrlarda deyarli bir xil boʻlib kelgan: potensial va imkoniyatlar doimo bor - faqatgina ulardan kerakli paytda va oqilona foydalana bilish!

********

Amir Temurning moʻgʻul hukmdori haqida ular bilan qilgan jangidan keyin aytgan gaplariga eʼtibor qaratamiz:

«Men dushman qoʻshinida uyushqoqlik yoʻqligini angladim. Ular mening qoʻshinim burunlari ostiga kelganida ham qarorgohlarini yigʻishtirib ulgurmagan ekan. Shunda Bil Urgun deganlari hech qanday sarkardalik qobiliyatiga ega boʻlmagan, katta qoʻshinni boshqarishga noloyiq odam ekaniga ishonch hosil qildim: bunday kishilar aslida jangovar qoʻshinni emas, ot uyuri yoki qoʻy podasini boshqarishlari lozim, degan xulosaga keldim.

Xullas, moʻgʻul hukmdori oʻz qoʻshinini jangovar safga tizish u yoqda tursin, qarorgohni hali yigʻishtirishga ulgurmagan edi. Biz harbiy qoʻshin ustiga emas, balki choʻponning otariga kirib qolgandek his qilgandik, oʻzimizni. Ayrim dushman jangchilari hatto qilichlarini qinidan sugʻurishga ulgurmay qolishdi.

Ularning ayrim qismlarigina biz bilan jangga kirishga ulgurishdi. Qolganlari esa qurshovda qolib, bu tomonlarga nima uchun kelganini ham unutib, esankiray boshlagan - qassobning qoshida jovdirab qolgan qoʻydan farqlanmay qolgandi».

Eʼtibor qilayapsizmi, futbolda ham shunday holatlar koʻplab uchraydi. Bir jamoa futbolchilari hali maydonga moslashib ulgurmasidanoq, ikkinchi jamoaning ayovsiz hujumlari yomgʻiri ostida qoladi va yakunda magʻlubiyatga uchraydi. Albatta, bu ham toza taktik magʻlubiyat - buning ortida ham bosh murabbiy javobgarligi turibdi.

Temurning Dashti qipchoq hukm­dori bilan boʻlgan jangidan keyingi bitiklariga quloq osamiz:

«Agar Toʻxtamish qoʻrqoq boʻlmaganida, agar qoʻshinini jangga tayyorlash va qurollantirishga vaqt ajratib, yetarli eʼtibor berganida edi, biz uning qarshiligini yenga olmagan boʻlur edik. Zero, uning jangchilari oʻsha jangda mardlik va matonat koʻrsatib, menda shunday tasavvur uygʻonishiga sabab boʻlishdi.

Koʻrayapsizmi, bir qoʻrqoq lashkarboshi yuz ming jangchining jangovar ahamiyatini yoʻqqa chiqarishi mumkin ekan! Oʻsha kuni Toʻxtamishning qochishi shunga misol boʻldi. Kech tushganiga, qurshovda qolganiga qaramay, uning jangchilari keskin qarshilik koʻrsatishda davom etishardi...»

Eʼtibor berayapsizmi, Amir Temur biron joyda raqibning jangchilari kuchsiz ekan demayapti, hamma urgʻuni lashkarboshiga qaratmoqda.

Shu nuqtai nazardan biz Koreya, Yaponiya yoki Eron futbolchilari bilan funksional tayyorgarligi deyarli yaqin boʻlgan, individual mahorati ulardan qolishmaydigan milliy terma jamoamiz aʼzolaridan doimo yuqori natijalar kutishga haqlimiz. Zero, mazkur uchta terma jamoa bizni doimo minimal ustunlik bilangina yutib kelishgan.

Marsel Brion kitobidagi gaplarni oʻqir ekanman, hayolimga oʻtgan 20 yillikdagi futbolimiz tarixi, yaʼniki jahon chempionati yoʻlidagi besamar urinishlarimiz kelaveradi. Nazarimda, Yaponiya, Janubiy Koreya yohud Eron murabbiylari doimo bizning ustimizdan kulib yurishgandek.

Xuddi Amir Temur raqiblari xatolarini sezib turgani kabi, ular ham bizning xatolarimizni, albatta koʻrib turgan boʻlishadi. Hattoki, oʻyindan keyin bir-birlari bilan gap qotishsa ham kerak - oddiy usullarni ham bilishmaydi, bu aqlsiz oʻzbeklar, deb (matbuot anjumanida faqat diplomatik gaplar gapiriladi xolos, buni yaxshi bilasiz).

Har ne boʻlganda ham Ektor Kuper kelganidan soʻng mamlakatimiz futbol ommasi uchun yana bir bora umid uchqunlari paydo boʻlmoqdaki, argentinalik mutaxassis ham xuddi Amir Temur kabi koʻp marta gʻolib jamoa lagerida turib maydonga termulgan shaxslardan sanaladi.

Nomi Ektor Kuper oʻlaroq oʻzining eng sinalgan taktikalarini amalda qoʻllab, bizni yuqori choʻqqilarga olib chiqishiga hammamiz ishongimiz keladi.

80-yillarda dunyo futbolida porlagan angliyalik goleador Gari Linekerning mashhur jumlasini yodga olaman: “Yashil maydonda 22 kishi futbol oʻynaydi va unda doimo nemislar gʻolib chiqadi”. Bugun men bu gaplarni biroz oʻzgartirib aytmoqchiman: “Futbol 90, baʼzida esa 120 daqiqa oʻynalsada, unda alal-oqibat Janubiy Koreya gʻolib chiqaveradi”.

Bu - Osiyo qitʼasi doirasida aytilgan gaplar ekanini tushunib olgandirsiz. Haqiqat yuzasidan olib qaraydigan boʻlsak, soʻnggi jahon chempionatlarida uzluksiz qatnashayotgan (erinmasdan aytaman: 1986, 90, 94, 98, 2002, 2006, 2010, 2014, 2018 - ketma-ket 9 marta!) Janubiy Koreya qitʼamizda hozircha eng koʻp mundialda oʻynagan terma jamoa boʻlib turibdi.

Koreyslarning bizning milliy termamizdan tortib boshqa turli yoshdagi jamoalarimizni ham juda koʻp bora magʻlub etib kelayotgani, aynan shu mavzu haqida bosh qotirishga, mazkur mavzuni yana va yana muhokama qilishga undayveradi.

23 yoshlilar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida aynan shu terma jamoani yirik hisobda magʻlub etib qoʻyganimiz menga xuddi 1994 yilgi Osiyo oʻyinlaridagi gʻalaba kabi koʻrindi.

Yaʼniki, Indoneziyadagi bahsda takroriy gʻalaba bizga baribir nasib etmadi. Oʻsha Xirosima-94dagi gʻalabadan keyingi yillarda biz faqatgina magʻlubiyat alamini tatib koʻrgandik, xolos. Asosiy vaqtda yutolmasa - qoʻshimchada, asosiy oʻyinlarda yutolmasa - soʻnggi bahslarda bizni magʻlub etib ketaverishdi, koreyslar. Bularni eslab, sanab olishga qurbimiz yetmaydi, eh-heye!

Argentinalik Ektor Kuper! Hamma umidimiz sizdan! Butun Oʻzbekiston futbol ahli (ularning soni taxminimizcha 6-8 millioncha chiqadi) barcha umidlarini sizga bogʻlagan. Sizning bilimingizga, tajribangizga, salohiyatingizga va yana bir necha ...ingizga ishonishadi ular!

Sizning oldingizdagi eng asosiy vazifa - Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya va Eron terma jamoalarining hammasini yutish emas, JCH saralash bahs­larida yigitlaringiz (yigitlarimiz) bilan ulardan loaqal ikkitasini ortda qoldirsangiz boʻldi! Albatta, bu oson ish emas va ayni paytda uddalab boʻlmaydigan ish ham emas.

Xuddi yuqorida tilga olinganidek, bu gal xuddi Amir Temur oʻz raqiblari xatosini koʻrib turgani qabi, endi siz oʻz raqiblaringiz xatosini koʻrib turishingizga ishongimiz keladi! Zero futbol arenasi ham oʻziga xos jang maydonidir!

Oʻyindan keyin “Yaponlar falon va falon ishni qilganlarida bizni yutishlari aniq edi, lekin bunday qilishmadi. Janubiy Koreya futbolchilari mana bundoq qilganlarida biz yutqazardik, lekin men biroz ajablandim, koreyslar murabbiyi shu oddiy usulni qoʻllamadi” qabilidagi gaplaringizni biz orzu qilamiz.

Bu maʼnodagi gaplarni bizga eshitdirmasdan aytsangiz ham, bizga baribir: qachonlardir qulogʻimizga Ektor Kuper oʻyindan keyin bir kishiga shunday gap otgan ekan, degan maʼnodagi soʻzlar yetib kelib qolsa - shu ham bizga xursandchilik!

...Bugun oʻzbek futbol ommasi (bir oila ular!) tomonidan yurakdan chiqayotgan gaplar taxminan shunday maʼno-mazmunlarda ekan, ularni janob Kuperga matbuot orqali yanada tushunarliroq qilib yetkazishga azmu-qaror qildik. U yogʻi milliy terma jamoa tarjimoniga havola.

Yoqimsiz xabar: aksiga olib, Ektor Kuperdek yuqori darajadagi murabbiyga ega boʻlgan davrimizda Osiyo uchun beriladigan yoʻllanmalar soni ham bittaga qisqarishi yaqinda maʼlum boʻlishi mumkin. Zero, bu galgi musobaqa Osiyo qitʼasida boʻlib oʻtadi va shu munosabat bilan FIFA Osiyo uchun belgilagan 4.5 ta oʻrinlari sonini 3.5 taga tushirishga majbur boʻladi.

Bu degani, endi biz Koreya, Yaponiya, Avstraliya yoki Erondek gigantlardan birini, emas, ikkitasini ortda qoldirishga majburmiz! Yoʻqsa, bu gal ham JCHdan quruq qolib ketamiz.
Behzod AHMADJONOV

Manba: Interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Amir Temur, Ektor Kuper, Gari Lineker va boshqalar xususida