15:57 / 04.09.2018
3 900

“Surxon”dan “Termizcha” yurish yoxud Rustam Mirsodiqov “Surxon”da

“Surxon”dan “Termizcha” yurish yoxud Rustam Mirsodiqov “Surxon”da
Vaqt oʻtgan sari pro-ligadagi kurash va undagi intriga ham qizigandan qizib boryapti. Tabiiyki, barcha eʼtibor “A” guruhiga qaratilgan. Superliganing yangi ishtirokchisi nomi hozirdanoq qizgʻin bahs-muhokamalarga sabab boʻlayotgani ham rost. Hozirga kelib esa turnir jadvalida quyidagicha koʻrinishga ega: “Andijon” jamoasi 41 ochko bilan yakka peshqadamlaga aylangan boʻlsa, “Surxon” 36 ochko bilan 2-oʻrinda boryapti. Fargʻonaning “Istiqlol”i esa 35 ochko bilan uchinchi oʻrinda. Superliga uchun asosiy daʼvogarlardan biri hisoblangan “Mashʼal” esa 33 ochko bilan 4-oʻringa tushib qolgani yanada ajablanarli.

Tan olish kerakki, “Andijon” klubi Superliga uchun dadil qadam tashlayapti. Ayniqsa, yaqin taʼqibchilarini sezilarli darajada ortda qoldirayotgani sababli hozirdanoq andijonliklarni bir oyogʻi bilan Superligaga chiqarib qoʻyishayotgani ham bor gap. Darhaqiqat, intriga yuqoriligi bois u yerda ham bir qator kutilmagan natijalar kuzatilyapti. Lekin “Andijon” jamoasi hozircha oʻzi ishtirok etayotgan oʻyinlarda, ayniqsa, taʼqibchilariga qarshi bellashuvlarda omadli ishtirok etyapti. Termizda “Surxon”ni yirik hisobda yenggani, oʻz uyida “Mashaʼl”ni ham magʻlub etishi natijasida ulardan ilgarilab ketyapti. Lekin oʻz maydonida “Shoʻrtan”ga imkoniyatni boy bergani kutilmagan holat boʻldi. Aslida esa gʻuzorliklar yetakchilarning “kushandasi”ga aylanib bormoqda. Ular birinchi bosqichda ham “Andijon” maydonida gʻalaba qozonib qaytgandi. Bu safar ham ushbu ishni takrorlashdi. Qolaversa, Termizda “Surxon”ni ham yengga oldi. Darvoqe, shu oʻrinda “Surxon” haqida toʻxtalib oʻtmasak boʻlmasdi.

Oʻz uyida “Andijon”ga yirik hisobda yutqazib qoʻyganidan keyin “Norin” maydonida sal boʻlmasa yana magʻlubiyatga uchrashi mumkin edi. Ammo soʻnggi daqiqalarda magʻlubiyatdan qutulib qolishdi. Bosh murabbiylikka Igor Shkvirin kelgan paytida koʻpchilik “Surxon”ning Superligaga chiqish imkoniyatlarini ancha yuqori baholashgandi. Ammo tajribali murabbiy hozircha qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Koʻrinib turibdiki, har qanday mutaxassis ham pro-ligada ham birdaniga ishlab keta olmaydi. Shkvirin bungacha sobiq oliy ligada ishlab oʻzini koʻrsatgan, uning havosini yaxshi biladi. Ammo bu – pro-liga! Balki Shkvirin bu chempionatning muhitiga hozircha moslasha olmayotgandir. Chunki “Surxon” ushbu murabbiy boshchiligida oʻz yoʻlini topib olganicha yoʻq.

Garchi maqsadi jiddiy boʻlsa-da, qimmatli ochkolarni yoʻqotayotgani mahalliy muxlislarni qattiq havotirga solmoqda. Hatto “Andijon”ga yirik hisobda yutqazib qoʻyganidan soʻng Igor Anatolyevichning ishdan boʻshaganligi haqidagi xabarlar ham tarqadi. Chunki murabbiy bir-ikki kun jamoa mashgʻulotiga kelmagan. Lekin keyinchalik bu xabar asossiz boʻlib chiqdi. Shunga qaramay, klub rahbariyati “Surxon”ni Superligaga olib chiqish yoʻlidan qaytmagan koʻrinadi. Boisi, endilikda jamoada tajribali Rustam Mirsodiqov ham ishlaydigan boʻldi. Uning yana futbolga qaytgani keng jamoatchilikni beeʼtibor qoldirgani yoʻq. Maʼlumki, Rustam Toʻxtamurodovich 2008 yildan 2017 yilgacha “Metallurg” klubini boshqarganini yaxshi bilasiz.

Qolaversa, u murabbiylik faoliyati davomida “Paxtakor”, sobiq “Doʻstlik”, “Qizilqum”, “Lokomotiv”, “Navbahor” kabi klublarda ham ishlagan. “Surxon” esa Mirsodiqovning faoliyatida yangi jamoaga aylandi. Xoʻsh, ushbu murabbiyning “Surxon”da ish boshlagani nimani anglatadi? Tabiiyki, endi Shkvirin va Mirsodiqov tandemi hosil boʻldi. Bu ikkala murabbiy bir-biri bilan juda ahil. Hattoki, bungacha ham ular “Metallurg”da birga ishlashgan. Shkvirin Olmaliqdan ketgan paytida Mirsodiqov uni oʻz jamoasiga seleksioner murabbiy sifatida ishga olgandi. Qaytar dunyo deganlaridek, endilikda Shkvirin Mirsodiqovni hamkorlikka chorladi. Lekin farqi shundaki, Igor Anatolyevich hozirgi paytga kelib biroz mushkul vaziyatga tushib qolgan.

Shuning uchun Mirsodiqovni darhol yordamga chorladi. Maqsad bitta: faqat Superligaga chiqish. Hali mavsum davom etishini hisobga olsak, oldinda oʻyinlar koʻp. Shu bois termizliklar oldindan taslim boʻlishmoqchi emas. Shunday ekan, hozirgi qiyin paytda Mirsodiqov nomzodi maʼqullangan holda “Surxon”dan oʻziga xos tarzda “termizcha” yurish boʻldi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Biz Mirsodiqov bilan yangi ishga oʻtgani bilan tabrikladik va suhbatlashish niyatimiz borligini ham bildirdik. Ammo oʻzi birinchi oʻyinni oʻtkazib olganidan soʻng gaplashishga rozi boʻlishini aytdi. Demak, Termizda “Dinamo”ga qarshi uchrashuv uning uchun muhim ahamiyatga ega.

Hech kimga sir emaski, Rustam Toʻxtamurodovichning futbolimizda oʻz oʻrni va mavqei bor. Uni hamma hurmat qiladi. Hozirgi sharoitda esa “Surxon”ga Mirsodiqovning tajribasi qoʻl kelishi mumkin. Toʻgʻri, u jamoada texnik direktor sifatida ish boshladi. Biroq “Surxon”ni Superligaga olib chiqish uchun Shkvirin bilan birgalikda mehnat qilishi shubhasiz. U murabbiy, shunday ekan, texnik direktorlik lavozimi shunchaki qogʻozda yoziladi, amalda esa Rustam Toʻxtamurodovich butun eʼtibori va tajribasini ishga solgan holda “Surxon”ni oʻz maqsadi sari yetaklashga urinib koʻradi. Tan olish lozimki, Shkvirinning bir oʻzi qiynalib qolgandi va jamoani Superligaga olib chiqa olmasligi koʻrinib qolgandi. Mana shunday paytda Mirsodiqovdek mutaxassisning kelishini esa goʻyoki qutqaruvchi rolida koʻrishimiz ham mumkin. Lekin bundan buyogʻiga termizliklarning ochko yoʻqotishga haqqi yoʻq. Ularning asosiy raqibi esa “Andijon”. Lekin hali andijonliklar ham bir tur dam oladilar. Shuning uchun “A” guruhidagi kurash va intriga oxirigacha davom etadi.

“Mashʼal” esa negadir kurashdan chetga chiqqandek tasavvur uygʻotmoqda. Hattoki, “Istiqlol”ni ham oʻzidan oldinga oʻtkazib yuborib, oʻzlari 4-oʻringa tushib qolishdi. Yozda shunday gap tarqagandi: yaʼni, “Mashʼal”da Superligaga chiqish vazifasi kun tartibidan olib tashlangan! Chunki klubda moliyaviy tomondan muammolar yoʻq emasdi. Ammo bu qanchalik haqiqatga yaqin qorongʻu. Lekin jamoaning qayd etayotgan natijalaridan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, oʻsha aytilgan gap-soʻzlar rostga oʻxshab koʻrinmoqda. Bu yoqda esa “Dinamo” klubi “otni qamchilab” kelayotganini koʻrish mumkin. Fargʻonada esa “Istiqlol” ham boʻsh kelgisi kelmayapti. Mana shunday vaziyatda “Surxon” klubi oʻz oʻrnini yoʻqotib qoʻyishi katta ehtimolga aylanib qolayotgandi. Toʻgʻri, Mirsodiqov sehrgar emas, ammo u ham biror ishni bajarishga koʻzi yetmasa kelmasa kerak-a?! Bu esa “Andijon” va Eldor Sakayev uchun ogohlik qoʻngʻirogʻi boʻlsa ham ajab emas. Quvonarlisi shuki, endi pro-ligadagi murosasiz va kurash bundan-da qizgʻin tus oladi. Shu bois nafaqat “Surxon”, balki yuqori oʻrinlardagi boshqa jamoalarning ham ochko yoʻqotishga haqqi yoʻq. Shkvirin eplay olmayotgan ishni, Mirsodiqov qanchalik bajara olishi ham biz uchun juda qiziq. “A” guruhidagi kuchli intriga futbolimiz uchun qanchalik foydali ekanligini vaqt koʻrsatadi.
Shuhratbek JOʻRAYEV.


Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Surxon”dan “Termizcha” yurish yoxud Rustam Mirsodiqov “Surxon”da