19:36 / 06.10.2018
2 662

Milliy terma jamoa-2021: hujum chizigʻidagi tanazzul

Milliy terma jamoa-2021: hujum chizigʻidagi tanazzul
Yodingizda boʻlsa, gazetamizning avvalgi sonlarida milliy terma jamoamizning yana uch yildan keyingi ahvoli haqida tahliliy maqola eʼlon qilingandi.

Oʻshanda barcha pozitsiyalar haqida batafsil toʻxtalgan boʻlsakda, hujum chizigʻini qoldirib ketgandik, bu haqda alohida fikr yuritishimiz xususida aytilgandi. Bugungi maqolamiz ana shu - oʻtgan galgi tahlilning davomi oʻlaroq yozilmoqda.

Demak, xuddi 2001, 2005, 2009 va hokazo yillarda boʻlgani kabi, 2021 yil oʻrtalariga (balki kuziga) borib ham Oʻzbekiston milliy jamoasi jahon chempionati yoʻllanmasi uchun kurashayotgan boʻladi. Albatta, katta ehtimol bilan.

Har holda hozirgacha JCH saralash oʻyinlarining hal qiluvchi bosqichiga muntazam yetib borayotgan termamiz Ektor Kuper boshchiligida ham oʻsha davrga yetib boradi, deb oʻylaymiz va bunga ishonamiz. Xoʻsh, oʻsha paytdagi jamoaning hujum chizigʻini qanday tasavvur qilgan boʻlardingiz?

Oldingi chiziq rostdan ham soʻnggi yillarda milliy jamoa murabbiylarining haqiqiy ogʻriqli nuqtasiga aylanib bormoqda. Ilgarilari koʻproq ikki hujumchi bilan oʻynardik va bunda aksariyat hollarda maydonda Shaskix va Geynrix harakat qilar, ularning ortida esa qator-qator zaxira futbolchilari maydonga tushishga navbat kutishardi.

Bu ham mayli, termaga nomzod hujumchilarning qanchasi loaqal biror marta bosh jamoaga jalb qilinmasdan futbolchilik faoliyatlarini yakunlab ham yuborishdi. Ular ichida ichki chempionatimizning bir mavsumida 20-30talab gollar urganlar ham boʻlgan...

MILLIY ChЕMPIONATDA HAM HUJUMCHILAR TANQISLIGI

Men oxirgi yillarda milliy chempionatimiz oliy ligasida toʻpurarlikni qoʻlga qiritgan futbolchilarning oʻsha mavsumlarda nechta gol urganliklarini shablon oʻlaroq qabul qilgan holda fikr yuritishni maʼ-qul koʻrdim. Zero, milliy jamoamizga asqotadigan futbolchilar oldinlari ichki chempionatimizda bisyor boʻlgan.

Avvalo, eʼtiboringizga 1999 yildan 2005 yilgacha boʻlgan mavsumlarda chempionatimiz toʻpurarlari boʻlgan futbolchilarni havola qilaman:

1999. Umid Isoqov - 24
Baxtiyor Hamidullayev - 24

2000. Jaʼfar Irismetov - 45

2001. Umid Isoqov - 28

2002. Baxtiyor Hamidullayev - 22

2003. Marsel Idiatullin - 26
Shuhrat Mirxoldirshoyev - 26

2004. Shuhrat Mirxoldirshoyev - 31

2005. Anvar Soliyev - 29.

Hisoblab koʻrsangiz, mazkur yillarda bitta mavsumga oʻrtacha 34ta gol (!) toʻgʻri kelmoqda.

Keyingi mavsumlarda ushbu koʻrsatkich tobora kamayib borgan: Pavel Solomin (2006) va Ilhom Moʻminjonov (2007) toʻpurarlik poygasida 21ta gol bilan peshqadamlikka erishgan boʻlishsa, keyingi ikki mavsumda hujumchilar juda-juda passiv oʻyin koʻrsatganlaridan oʻz oʻrinlarini umuman yarim himoyachilarga boʻshatib berishgan: 2008da “Bunyodkor” vakili Server Jeparov 19ta gol bilan chempionat toʻpurarligini qoʻlga kiritgan boʻlsa, bir yil oʻtib hamyurtlarimiz oʻz oʻrinlarini braziliyalik “qariya” Rivaldoga (20ta gol) boʻshatib berishga majbur boʻlishgan.

2010 yilgi koʻrsatkichlar esa yanada achinarli. Bu mavsumda milliy chempionatlarimiz tarixidagi eng past natijalar qayd etilgan: “Neftchi” vakili Alisher Xoliqov va “Olmaliq” hujumchisi Nosir Otaqoʻziyevlar 13ta gol (!) bilan mavsum toʻpurarlari boʻlishgan.

Maqolamizda aslida chempionat toʻp-urarlari xususida bunchalik koʻp toʻxtalish rejada yoʻq edi, lekin keyingi yillardagi faktlar yanada xunukki, bu haqda ham biroz aytib oʻtishga majburman. 2011-2014 yillar mavsumidan uchtasida toʻpurarlikni yana legionerlar qoʻlga kiritishgan:

2011. Milosh Trifunovich - 17

2012. Anvar Berdiyev - 19

2013. Oleksandr Pishur - 19

2014. Artur Gevorkyan - 18

Bu toʻrt mavsum ichida oʻsha davrda 34 yoshda boʻlgan “Neftchi” hujumchisi Anvar Berdiyevning mamlakat chempionati toʻpurarligini qoʻlga kiritishi ham kutilmagan voqelik boʻlgandi. Nihoyat, soʻnggi uch mavsumda mahalliy futbolchilar yana oʻz soʻzlarini aytishdi:

2015. Igor Sergeyev - 24

2016. Temurxoʻja Abduxoliqov - 22

2017. Marat Bikmayev - 27

Aynan mana shu uch hujumchi sentyabr oyida boʻlib oʻtgan milliy terma jamoamizning Suriya va Eronga qarshi uchrashuvlarida maydonga tushishdi.

Sergeyev - alohida mavzu. Bu futbolchi haqida soatlab tortishish mumkin. Chindan ham Igor soʻnggi 2-3 yilda oʻsha 2015 yilgi mavsumda koʻrsatgan oʻyinlarini yoʻqotib qoʻydi. Lekin muammo faqat Sergeyevda emas-da, mana shunisi eng muhim masala!

Men mamlakat chempionati toʻp-urarlarini ancha batafsil holatda bejizga yozib chiqmadim. Taxminan uchga boʻlingan mazkur davrlarga nigoh tashlasak, dastlabki yillarda Shaskix, Geynrix va Shishelovdan tashqari milliy terma jamoa aʼzoligiga daʼvogar boʻlgan yana besh-olti nafar aktiv hujumchi milliy chempionatimizda toʻp surganiga guvoh boʻlamiz.

Keyingi 4-5 yilda bu koʻrsatkich tobora kamayib bordi. Oʻsha Trifunovich, Pishur va Gevorkyan toʻpurar boʻlgan yillarda rostdan ham yetakchi jamoalarimizning old chizigʻida koʻproq legionerlar harakat qila boshlagandiki, milliy terma jamoaga Qosimov va Babayan murabbiy boʻlgan davrlarda yuqori sifatga ega mahalliy hujumchilar mutlaqo kamayib ketdi.

Sergeyev dastlabki yillarda qanday yuqori saviyada toʻp surgan boʻlsa, ozgina muddat oʻtib xuddi shu tezlikda pastga shoʻngʻiy boshladi. Xitoyning “Pekin Guoan” klubiga ketganidan soʻng esa umuman zaxira oʻrindigʻiga “mixlanib” qoldi. Temurxoʻja ham “Lokomotiv” safida toʻpurarlik mavsumini oʻtkazib, xuddi Sardor Rashidov kabi notoʻgʻri yoʻlni tanladi: bizning Superliga bilan qiyoslaganda oʻrtahol klublardan ham pastroq sanalgan “Al-Sayliya”ga ketdi.

Fikrimcha, Qatarda oʻtkazgan davri futbolchilik nuqtai nazaridan Abduxoliqovga hech qanday naf bermadi. Balki shuning uchundir yana “Lokomo-tiv”ga qaytdi.

Va nihoyat, soʻnggi chempionat toʻpurari - Marat Bikmayev. “Paxtakor” futbol maktabi tarbiyalanuvchisi boʻlgan bu hujumchi 16 yoshida - 2002 yilning kuzidayoq ancha mashhur boʻlib ketganini baʼzi yosh muxlislar bilishmasa kerak. Oʻshanda “Paxtakor” safida Osiyo Chempionlar Ligasi bahslarida maydonga tushgan Maratning oʻyinlarini koʻrib, beixtiyor bu futbolchidan kelajakda zoʻr hujumchi yetishib chiqadi, deb yuborgandik. U keyingi mavsum - 2003 yilgi milliy chempionatimiz oʻyinlarida ham anchagina gollar urgandi.

Shundan soʻng Qozonning “Rubin” klubi Maratni oʻz safiga qoʻshib oldi-yu, shu-shu futbolchi koʻp yillar jamoaning oʻrinbosarlari safida qolib ketdi. Oʻzbekistonga qaytib, “Lokomotiv” safida ancha sermahsul oʻyinlar koʻrsata boshlagani uni pirovardida milliy jamoamizing asosiy hujumchisiga aylantirdi.

Afsuski, 2021 yil uchun Marat Bikmayevni tarkibga qoʻshishishimiz judayam qiyin masala - u davrlarga borib 35 yoshda boʻladigan futbolchi yana uch yil yuqori saviyada oʻynab bera olishiga koʻzimiz yetmaydi. Agar yaqin yillar uchun Bikmayevni roʻyxatdan oʻchiradigan boʻlsak, u holda manzara quyidagicha koʻrinish oladi:

2021 yilda Ivan Nagayev 32, Temurxoʻja Abduxoliqov esa 30 yoshni qarshi olayotgan boʻladi. Albatta, bu ikki son ham hujumchi nuqtai nazaridan normal yoshdan biroz kattaroq koʻrinishga ega. Ayni payt oʻzining toʻpurarlik yoshida boʻlgan Ivan Nagayevning bundan keyingi oʻyinlari yanada kuchayib borishiga ishonish qiyinroq, qaytanga xuddi Bikmayev kabi unda ham pasayish kuzatilishi haqiqatga yaqin.

Undan ikki yosh kichik boʻlgan Abduxoliqovdan keyingi uch yil ichida rivojlanishining eng yuqori pallasiga chiqishini kutish mumkin boʻlsada, “Loko” hujumchisining milliy terma safida hali biror-bir tuzukroq koʻrsatkichga erisha olmagani, albatta, kishini oʻylantirib qoʻyishi aniq.

Shimoliy Koreya va Qatarga qarshi Toshkentda oʻtadigan oʻrtoqlik uchrashuvlari uchun Ektor Kuper eʼlon qilgan tarkibdan bu safar Igor Sergeyev joy olmadi. Lekin bu hammasi tugadi, degani emasligini Igorning oʻzi ham sezib turibdi.

Sergeyev 2021 yilda 28 yoshda boʻladi. Unda yana qaytadan oʻz ustida ishlab, klassik usulda aytganda “ikkinchi yoshligi”ga qaytish imkoniyati bor. Boʻlganda ham koʻpi bilan bor - hammasini boshidan boshlagan taqdirida ham keyingi 2-3 yil ichida yana kuchlilar safiga bemalol kirib olishi mumkin. Shaxsan men Sergeyev omma nazaridan qolgan mana shu yillar ichida yana kuchli hujumchilar safiga qaytishiga ishonaman.

Zero u haqida koʻp va xoʻb gapirildi. Endi oʻz holiga tashlab qoʻyilgan Sergeyev oʻzi tomon yogʻilayotgan oʻta kuchli bosimdan xalos boʻlishi va eski oʻyinlariga qaytishi mumkin. Hammasi futbolchining oʻziga bogʻliq. Maydonda tinmay mehnat qilish, ter toʻkish orqali terma jamoa murabbiylari eʼtiboriga tushish - keyingi 3 yil ichida Sergeyev oldidagi bosh maqsad boʻlishi shart!

Kuni kecha Ektor Kuper tomonidan eʼlon qilingan oʻsha roʻyxatda Husniddin Gʻofurovning hujumda koʻrsatilganini koʻrib, uning Serbiya klublarida aynan oldingi chiziqlarda maydonga tushganini esladim.

Gʻofurov “Lokomotiv”da koʻproq qanot yarim himoyasida oʻynamoqda. Shunga qaramay, Husniddinning hujum chizigʻida qanday toʻp surishini sinab koʻrish soʻnggi paytlarda murabbiylar tomonidan qabul qilingan eng aqlli qarorlardan biri boʻlardi.

Eʼtibor qilyapsizmi, milliy jamoamiz safida ayni payt maydonga tushayotgan biror hujumchimizdan koʻnglimiz toʻlmaydi. Yaqinda boʻlib oʻtgan Osiyo chempionatida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan, Osiyo oʻyinlarida ham ancha chiroyli natijalarga erishgan U-23 termamizdagi darvoza, himoya va yarim himoya vakillariga nazar tashlaydigan boʻlsangiz, ularning istalgan birini milliy terma safida koʻrishni xohlab qolasiz.

Lekin oʻsha Ravshan Haydarov jamoasida hujum chizigʻida toʻp surgan futbolchilardan hech biri milliy termaga tortmasligini tan olishimiz ham ayni haqikat. “Metallurg” hujumchisi Zabihillo Oʻrinboyev va “Nasaf” vakili Bobur Abduxoliqov, shuningdek, oʻsha final oʻyinida gʻalaba toʻpini kiritgan Andrey Sidorov bilan ham bu borada yetarli muammolar bor.

Xoʻsh, ushbu masalada Superliga jamoalari amalga oshirayotgan ishlarni qoniqarli, deb boʻladimi? Albatta, yoʻq! Superligadagi deyarli barcha kuchli va oʻrtahol klublar mahalliy yoshlar bilan ishlash oʻrniga, chetdan tayyor hujumchi olib kelib oʻynatish bilan vaqt oʻtkazishmoqda.

Ayniqsa, bu borada “Paxtakor” mutlaq birinchi oʻrinda! Poytaxt bayroqdori oldingi chiziqda uch legioner bilan harakat qilmoqda - Tiago Bezerra, Ismoil Gonsalvesh va Dragan Cheran.

“Qizilqum”da ham shunga oʻxshash holat - old chiziq umuman legionerlardan tashkil topgan: Artur Gevorkyan, Elguja Grigalashvili va Nemanya Yovanovich. Bunda tashqari, “Bunyodkor”da Filip Rayevas, “Navbahor”da Darko Nikach, “Buxoro”da Vadim Chemirtan kabilar toʻp surishmoqda.

Endi oʻzingiz xulosa chiqaring, mana shu legionerlar bilan yonma-yon harakat qilayotgan qaysi hujumchilarni siz milliy terma jamoaga chaqirgan boʻlardingiz? Albatta, bu savolning javobi hozircha yoʻq.

Superligadagi murabbiylarimiz, basharti ular milliy terma jamoani oʻylar ekanlar, mana shu masalaga alohida eʼtibor qaratishlari zarur va shart. Yaqin kelajakda mahalliy hujumchilar bilan alohida ishlamasa boʻlmaydi!

Biz oldingi sondagi maqolada ham, bugun ham futbolchilarimizni tugʻilgan yillariga koʻra tahlil qildik. Shunga qaramay, shaxsan oʻzim milliy termadagi barcha futbolchilar ham oʻzlarining haqiqiy yoshlarida ekanliklariga ishonmayman. Bu fikrga yana juda koʻplab futbol ommasi qoʻshilishi tabiiy.

Taxminimcha, yoʻq deganda ikki yoki uch nafar futbolchi oʻzining haqiqiy yoshidan ozgina kichikroq koʻrsatilgan boʻlishi ehtimoli yuqori. Baʼzilar ikki yoki undan kichikroq yosh qilib koʻrsatilgan boʻlsa, biz yuqorida tilga olgan 34 yashar futbolchilarimizning aslida 36 yosh ekanliklarini bildiradi.

34 yoshda futbolchi har qancha iqtidor egasi boʻlmasin, baribir jismoniy tomondan zaiflashib qolgani seziladi. 36 yoshli futbolchi haqida esa oʻzingiz xulosa chiqarib olavering. Biz bu bilan qaysidir futbolchilarimizning qusurlarini ajratib koʻrsatmoqchi emasmiz.

Aytmoqchi boʻlganimiz, Ektor Kuper boshchiligidagi murabbiylar guruhi futbolchilarimizning tugʻilgan yillari va yoshlariga qarab keyingi yillardagi rejalarni tuzayotganlarida aldanib qolmasliklarini, biz ikkita maqolamizda tilga olgan faktlarga eʼtibor berayotganda futbolchilarning asl yoshlari taxminan 2-3 yoshga katta boʻlishi ehtimolini hisobga olib, ish yuritishlarini aytmoqchi edik. Zero, doʻst achitib gapiradi...
Behzod AHMADJONOV

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Milliy terma jamoa-2021: hujum chizigʻidagi tanazzul