23:50 / 14.11.2018
2 818

Bir kam dunyo yoxud yana «AGMK» haqida

Bir kam dunyo yoxud yana «AGMK» haqida
Yaqindagida Olmaliqning «AGMK» futbol klubi O‘zbekiston Kubogi finalida sensatsiya qayd etib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. Finalda «Paxtakor»ning yengilgani ko‘pchilik uchun kutilmagan hodisa bo‘ldi. Ba’zilar bunga shubha ko‘zi bilan qarashmoqda, yana boshqalar o‘zida yo‘q xursand. Bugun, finalda mening nazarimda olmaliqliklarga eng katta yordam bergan jihat – muxlislik haqida gaplashamiz.

Ha, menimcha, aynan stadiondagi muhit «AGMK» uchun katta yordam bo‘ldi. O‘sha kuni deyarli butun stadion «konchilar»ni qo‘llab-quvvatladi. Bu «AGMK» futbolchilarining motivatsiyasini ikki hissa oshirib yubordi, chunki jamoa uchun bunday muhitda to‘p suish – orzu.

Olmaliq shahri klubi Oliy divizionga chiqibdiki, hali hech qaysi paytda autsayderlar qatorida tilga olinmagan. Bir qarasangiz o‘rtamiyona, yana ba’zi paytlar o‘z imkoniyatlaridan bir bosh ustundek ko‘rinadi.

O‘sha paytda Oliy liga deb atalgan musobaqaga qadam bosgan bu klubni «uy jamoasi» deb atashardi. Jamoa haqiqatda hozirgi «Navbahor»dek o‘z uyida hatto yetakchilarni ham ayamasdi. O‘sha vaqtlar kamtarona «SK Metallurg» stadioni («AGMK»ning eski stadioni) liq to‘lmasada, har holda 2/3 qismi muxlislar tomonidan egallanardi. Hozir esa... O‘zingiz bilasiz.

To‘xtalmoqchi bo‘lgan jihatim ham mana shu, ayni damda moliyaviy kamchiligi bo‘lmagan va barcha sharoitlari yetarli bo‘lgan ushbu jamoaga jonkuyar muxlislar yetishmayapti. Bir qaraganda stadionga kelish uchun barchasi ideal darajada: yangi stadion, zich shahar, yaqin atrofda bu darajadagi top-klubning yo‘qligi, chipta narxining hamyonbopligi (ba’zida tekin ham). Lekin muxlislar tashrifi juda sust.

Mavsum boshida Superliga o‘yinlariga e’tibor kuchaydi, biroq Olmaliqda bu deyarli sezilgani yo‘q. Boshida bunga muxlislar bilan ishlash yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligi, yoki marketing borasida ishlar sustligi sabab bo‘lsa kerak deb o‘ylagan edim. Biroq yaqinda bo‘lib o‘tgan «Qo‘qon-1912»ga qarshi o‘yindan so‘ng boshqa bir xulosaga keldim.

Bilasiz, ushbu bahs oldidan Kubokni qo‘lga kiritgan «AGMK» futbolchilari tantanali tarzda kutib olindi va ularga 35 dona avtomashina kalitlari topshirildi. O‘sha paytda tribunadagi muhit futbol uchun shunchaki sharmandali darajada edi. O‘sha uchrashuvni va o‘yin oldi marosimlarini stadiondan kuzatdim. Boshlovchilarning har gal «olqishlaringiiiiiz», deya hitob qilishlaridan so‘ng stadionning reaksiyasini ko‘rib, boshim tobora egilaverdi, ochig‘i futbolchilarga achinib ketdim. Yonimda vodiydan kelgan mehmonlar o‘tirishgandi, ulardan birining gaplariga qo‘shilmasdan ilojim yo‘q edi: «Aka, mana shunday yutuqqa bizning jamoa erishgandami, odamlarni to‘xtatib bo‘lmasdi».

Olmaliqda futbolsevar muxlislar yo‘q demoqchi emasman, ular talaygina. Ammo ochig‘ini aytish kerak bu o‘lka odamlarini uncha-muncha narsa bilan qoyil qoldirish qiyin. Yiliga o‘tkaziladigan Lyube, Stas Pexa, Diskoteka Avariya kabi ijodkorlarning jonli konsertiga ko‘nikib qolgan va deyarli barcha ko‘ngilochar maskanlarga ega aholini futbol o‘yinlariga jalb qilish qiyin masala.

«AGMK» OChLga yo‘llanma oldi va katta ehtimol bilan pley-off bosqichidagi ilk o‘yinni o‘z uyida o‘tkazadi. Bu o‘yinda hech bo‘lmasa stadionning yarmi to‘lishidan umid qilib qolaman. To‘lishini gapirmay qo‘ya qolay, bu stadion to‘lganini bir marta ko‘rganman: O‘zbekiston MTJning Ummonga qarshi urtoqlik o‘yinida (0:1), o‘shanda ham anshlag bo‘lgandi deb ayta olmayman.

Ammo jamoa pley-offdan o‘tib olib guruhga yo‘lanma oladigan bo‘lsa, u holda stadionga tashrif borasida ham katta siljish bo‘lsa kerak. Chunki bu shahar futboli uchun yangilik bo‘ladi, balki o‘sha 6-7 yil oldingi muhitni yana ko‘rarmiz. Lekin unday bo‘lmasachi? Unda nima bo‘ladi?

Yillar o‘tib futbol xususiy qo‘llarga o‘ta boshlagach, birinchi navbatda mana shunday jamoalar yo‘q bo‘lib ketadi yoki quyi ligalarga ravona bo‘ladi. Kim ham o‘n minglik stadionni to‘ldira olmaydigan klubga pul tikishni xohlardi...

Balki, «AGMK» muxlislari uchun yangi marralar kerakdir, balki, OChL bizga yana bir raqobatbardosh jamoa va muxlislarni yuzaga chiqarib berar. Buni vaqt ko‘rsatadi.

Muxlislik haqida «AGMK» jamoasi misolida gapirib o‘tdik, biroq qolgan joylarda bu borada muammo yo‘q deb bo‘lmaydi. Ektor Kuper aytganidek, xalqimiz juda kamtar va bu kamtarlik ba’zida hayron qolarli darajagacha boradi. Hatto futbol muxlislarimiz ham shunday.

Nima bo‘lgan taqdirda ham har bir jamoa muxlislarining o‘ziga yarasha mentaliteti bor. Ba’zilar «Liverpul» ishqibozlaridek har qanday holatda jamoasi bilan birga bo‘ladi. Ayrimlar «Real» fanatlaridek g‘alabadan boshqasiga ko‘nishmaydi.

Hayotda bo‘lgani kabi futbolda ham hammasi ideal bo‘lmaydi. «Paxtakor»dagi kabi sharoiti, «Navbahor»nikidek muxlislari, «Loko» singari futbolchilari bo‘lishini qaysi klub xohlamaydi deysiz.

Olmaliq jamoasiga esa oldindagi ikkita Superliga o‘yini va OChL bahslarida omad tilab qolaman. Umid qilamanki, ular o‘z o‘yinlari bilan muxlislarni stadionga qaytishga «majbur» qilishadi.
Nodirxon Xamidxonov

Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bir kam dunyo yoxud yana «AGMK» haqida